O‘zbekiston | 10:02 / 04.11.2021
3030
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya O‘zbekistonga 83 million yevro miqdorida grantlar ajratadi

Toshkent shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Yevropa ittifoqining mamlakatdagi delegatsiyasi bilan birgalikda rivojlanish sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha «O‘zbekiston-YeI» kichik qo‘mitasining tashkil etilgan 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Uchrashuv kun tartibidagi asosiy masalalar 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnikaviy hamkorlik istiqbollari va yo‘nalishlaridan iborat bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va “yashil o‘sish”, sud hamda transport-logistika tizimlarining boshqaruv samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, investitsiyaviy muhitni yuksaltirish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlarida loyiha va tadbirlarni amalga oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Yevropa tomoni Yevropa komissiyasining 2021-2024 yillarda O‘zbekistonga 83 mln yevro miqdorida maqsadli grantlar ajratish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish maqsadida “Team Europe” tashabbusi doirasida Yevropa ittifoqiga a'zo davlatlar bilan birgalikda moliyaviy va texnik hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

Muzokaralar yakunida Yevropa komissiyasining 2021-2027 yillarga mo‘ljallangan yangi dasturi doirasida qo‘shma tashabbuslarni jadallashtirish va muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida yaqindan hamkorlik qilishga kelishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid