23 yoshli Munisa bugun AQShdagi Johns Hopkins universitetida xalqaro munosabatlar va siyosiy iqtisod yo‘nalishida tahsil olmoqda. Yaqinda u dunyoning birinchi raqamli oliygohi – MIT’ga doktorantura bosqichiga to‘liq moliyaviy qoplash asosida qabul qilindi. Munisa Markaziy Osiyodagi demokratlashuv, aholining qarishi, gender siyosati va geosiyosiy qaramlik mavzulari bo‘yicha izlanishlar olib bormoqda. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda u xalqaro akademik muhitga moslashish tajribasi hamda tadqiqotlari haqida gapirib berdi.
Munisa Jumanova Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilib voyaga yetgan. Otasi harbiy tizimda xizmat qilgan, onasi esa hozirda oliygohda tahsilni davom ettirmoqda. Oilada uch farzand ulg‘aygan va ta’lim masalasi doim ustuvor bo‘lgan.
Uning aytishicha, bolalikdan uyda intizom kuchli saqlangan. Kundalik tartib, o‘qishga munosabat va vaqtni boshqarish asosiy tamoyillardan biri hisoblangan.
“Bizda erkinlikdan ko‘ra tartib va mas’uliyat ko‘proq edi. O‘sha paytda bu qiyin tuyulardi. Dadam harbiy bo‘lgani uchun uyda intizom juda kuchli bo‘lardi. Bolaligimda ba’zan nega boshqalarnikidek erkin emasligimiz haqida o‘ylardim. Lekin vaqt o‘tib tushundimki, bu nazoratning asosida ishonchsizlik emas, mas’uliyat hissi yotgan ekan. Ota-onam bizga doim bir narsani singdirardi: agar imkoniyat berilgan bo‘lsa, uning ortida katta mehnat turadi va bunga jiddiy qarash kerak. Masalan, repetitorga borsak, albatta, natija so‘ralardi. Har bir imkoniyatdan maksimal foydalanishimizni xohlashardi. Menimcha, aynan shu tarbiya keyinchalik mustaqil ishlash, vaqtni boshqarish va uzoq muddatli maqsadlar uchun sabr qilishni o‘rgatgan”, – deydi Munisa.
U Toshkentdagi 49-maktabda tahsil olgan. Maktab davridayoq ingliz tili, matematika va huquq fanlari bo‘yicha olimpiadalarda qatnashib, mustaqil o‘qish va tadqiqotga qiziqa boshlagan. Munisaning aytishicha, xorijdagi universitetlarga qiziqish ham aynan shu davrda shakllangan.
“Ingliz tilidagi kitoblarda universitetlar haqida ma’lumotlarni ko‘rardim. O‘sha paytda boshqa davlatlarda ham o‘qish mumkinligi haqida o‘ylay boshlaganman. Avvaliga bu juda murakkab, deyarli yetib bo‘lmaydigan narsa bo‘lib tuyulardi. Lekin vaqt o‘tib, turli davlatlarda ta’lim olayotgan talabalar, ularning tajribalari, ilmiy muhit haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdim va agar ular buni uddalagan bo‘lsa, nega men ham urinib ko‘rmasligim kerak, degan fikr paydo bo‘ldi. O‘sha paytdan boshlab bu men uchun orzu emas, asta-sekin aniq maqsadga aylana boshladi”,














