22:13 / 06.11.2021
6252

“O‘zsuvta'minot” AJ 40 gektar maydonga daraxt ko‘chati ekish va sug‘orish tizimi yaratish uchun 5,28 mlrd so‘m ajratdi

“O‘zsuvta'minot” 40 gektar maydonda issiqxona qurish, 24 490 ta daraxt ko‘chati va 3 580 ta buta ko‘chatlari ekish hamda ularni tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yaratishga 5,28 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqida jamiyat axborot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 24 avgust kuni ekologik holatni yaxshilash, daraxtlar muhofazasini samarali tashkil etish va yashil hududlarni kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “O‘zsuvta'minot” AJ va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga 2022 yil 1 mayga qadar “Bo‘zsuv” bosh suv inshootining bo‘sh turgan 40 gektar maydonida “yashil hudud” tashkil etish choralarini ko‘rish topshirilgan edi.

Toshkentdagi Botanika bog‘i ro‘parasida joylashgan mazkur inshootning 40 gektar maydonida issiqxona qurish, shuningdek jami 24 490 ta daraxt ko‘chati va 3 580 ta butalar, shu jumladan zarang, katalpa, qora archa, eman, jiyda, kashtan, suriya atirguli, hind nastarini, eldor qarag‘ayi, qayin, tol, shumtol, farzitsiya, lola, shamshod ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu daraxt va o‘simliklar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarishlanadi. Ushbu maqsadlarga “O‘zsuvta'minot” AJ 5,28 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltiradi.

“Bundan tashqari, hududda davlat-xususiy sheriklik asosida 1 ta ko‘chatxona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ushbu ishlar natijasida urbanistik issiqlik ta'sirini kamaytirishga, ifloslangan suvni tozalashga, tuproq eroziyasining oldini olishga, havo harorati pasayishiga erishiladi. Qolaversa, 40 gektarlik bog‘ yiliga 1 800 tonna changdan tozalash, kuniga 1 200 kg kislorod ishlab chiqarishi, ikki yilda mamlakatni 120 000 mingta daraxt ko‘chatlari va butalar bilan ta'minlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, yiliga qo‘shimcha ravishda 10 000 mingta dorivor o‘simliklar va ko‘katlar yetishtiriladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Guliston shahrida ham 4 mingdan ortiq daraxt va butalar ekilgani va parvarishlash uchun viloyat hokimligi tomonidan 400 mln so‘m mablag‘ ajratilgani ma'lum qilingan edi.

 2 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident tomonidan yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish haqida topshiriq berildi.

“Shuncha yil “qog‘ozda” ekilgan daraxtlarni hisoblasa, O‘zbekistonda bo‘sh joy qolmasligi kerak edi. Tizim, qarov bo‘lmagani uchun ekilganining ham ko‘pi qurib ketdi”, degan edi davlat rahbari.

Top