21:56 / 08.11.2021
4499

SSV: «Tez yordam»ga bronxial astma va allergik reaksiyalar bilan bog‘liq chaqiriqlar soni kamaydi

Foto: Kun.uz

4-5 noyabr kunlari O‘zbekistonning ayrim hududlarida, xususan, Toshkent shahrida mavsumga xos bo‘lmagan chang-qumli bo‘ron hodisasi kuzatilib, buning oqibatida atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me'yordan 5 barobar, kunning ayrim vaqtlarida esa 30 barobarga oshgani kuzatilgan edi.

Buning natijasida «Tez yordam» xizmatiga nafas yetishmovchiligi, bronxial astma xuruji va turli allergik reaksiyalar bilan bog‘liq murojaatlar soni sezilarli darajada ortgandi.

«O‘zgidromet»ning xabar berishicha, 7 noyabr kuni soat 11:00da o‘tkazilgan monitoring natijalari poytaxtda chang bilan ifloslanganlik darajasi pasayib, ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 3,3 baravar ortiqligini ko‘rsatgan.

SSV matbuot xizmatining qayd etishicha, Toshkent shahri havosidagi ifloslanish darajasi ijobiy tomonga o‘zgargani «Tez yordam» xizmatiga yuqoridagi belgilar bilan murojaat qiluvchilar soni birmuncha kamayishiga ham olib kelgan.

«5 noyabrdan 6 noyabr soat 06:00ga qadar «103» xizmatiga umumiy chaqiriqlar soni 4110ta bo‘lgan bo‘lsa, kecha bu boradagi ko‘rsatkich qariyb 345taga kamayib, 3768tani tashkil qildi. Shundan nafas yetishmovchiligi bilan bog‘liq 349ta, allergik reaksiyalar bilan 25ta, bronxial astma xuruji bilan 48ta murojaat bo‘lib, bemorlarning 8tasi gospitalizatsiya qilindi», — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyev.

Chang-qumli bo‘ron hodisasi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilib, «Tez yordam» xizmati tomonidan aholiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

«Yurtimiz aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat tug‘ilganda, o‘z hududidagi oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlari mumkin. 

Shuningdek, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida  zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta'minlangan.

Bundan tashqari, aholi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli Sall-markazining malakali mutaxassislaridan changli havodan qanday himoyalanish bo‘yicha tun-u kun kerakli maslahat va tavsiyalar olishlari mumkin», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Top