O‘zbekiston | 08:00 / 09.11.2021
2896
5 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan hududlarda iqtidorli yosh sportchilarni aniqlashning 3 bosqichli tizimi joriy etiladi

Foto: Yoshlik jismoniy tarbiya va sport jamiyati

Prezident “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Prezidentning “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilangan.

2020 yil 25 dekabrdagi qonun bilan tasdiqlangan 2021 yil uchun respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlariga asosan Turizm va sport vazirligiga sportning ustuvor turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun 104 milliard so‘m ajratilgan.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021–2022 yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi:

  • sportning ustuvor turlarini boshqarish tizimini takomillashtirish;
  • aholi o‘rtasida sportning ustuvor turlari ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralash (seleksiya);
  • sportning ustuvor turlari bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni ommalashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari bilan ta'minlash;
  • hududlarda sportning ustuvor turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan sport tadbirlarini tashkil etish;
  • sog‘lom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborotlashtirishni va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni ta'minlash.

Quyidagi sport musobaqalari har yili o‘tkaziladi:

  • yurish va yugurish bo‘yicha – “Tashkent Marathon”, “Samarkand Half Marathon” va “Zaamin Ultra” xalqaro marafonlari, “Sky Camp Bostanliq” triatlon va yoga marafonlari, “Barcha rekordlar bizniki!” (5 va 10 ming qadamga), turli masofalarga yugurish bo‘yicha “Yangi rekordlar sari!”;
  • mini-futbol bo‘yicha – “Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz”, “Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi” (oilaviy jamoalar o‘rtasida) “Rahbar kubogi” (davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida);
  • badminton bo‘yicha – “Bahor malikalari”, “Badminton ligasi” (umumiy o‘rta va professional ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida), “Rahbar kubogi” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida) va “Imkoniyatingizdan ko‘prog‘ini bajaring!” (aholining keng qatlamlari o‘rtasida);
  • stritbol va “Workout” bo‘yicha – “Rekorddan – yangi rekordga!” va “Giyohvand moddalarga qarshi!” (ta'lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida), “Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish!” (mahalla jamoalari o‘rtasida), “Qishlog‘ing uchun g‘alaba qozon!” (qishloq jamoalari o‘rtasida), “Sog‘lom tanda – sog‘lom fikr!” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida).

2022 yil 1 yanvardan boshlab sportning ustuvor turlari bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning (seleksiya) 3 bosqichli tizimi joriy etiladi:

  • birinchi bosqichda – sportchilar o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
  • ikkinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida viloyat musobaqalari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
  • uchinchi bosqichda – viloyat musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida respublika musobaqalari.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid