O‘zbekiston | 08:03 / 11.11.2021
3463
3 daqiqa o‘qiladi

Har bir tuman va shaharga sport musobaqalarini o‘tkazish uchun 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi

Foto: Yoshlik jismoniy tarbiya va sport jamiyati

Prezidentning “Sport ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2022 yildan boshlab tuman (shahar)da olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha rasmiy sport musobaqalarini o‘tkazishni moliyalashtirish uchun 110 mlrd so‘m hamda ushbu maqsadlar uchun har yili har bir tuman (shahar)ga 300 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi. Ko‘rsatilgan mablag‘larning ajratilganligi va uning xarajatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar "Ochiq budjet" axborot portaliga joylashtirib boriladi.

Har bir mahalla, umumiy o‘rta ta'lim maktabi, o‘rta maxsus professional ta'lim muassasasida jamoaviy sport turlari (basketbol, voleybol, gandbol, futbol va boshqalar) bo‘yicha jamoalar tuziladi. Bunda: mahalladagi jamoalarga - sport-ta'lim muassasalari trenerlari; umumiy o‘rta ta'lim maktablari va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalaridagi jamoalarga - jismoniy tarbiya o‘qituvchilari mas'ul etib belgilanadi.

Oliy ta'lim muassasalari jismoniy tarbiya va sport faoliyati yo‘nalishlarining 3-4-kurslarida tahsil olayotgan talabalarga: maktabgacha ta'lim tashkilotlarida jismoniy tarbiya yo‘riqchisi va umumiy o‘rta ta'lim maktablarida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi; sport-ta'lim muassasalarida trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Ularga o‘rta-maxsus ma'lumotli pedagogning bazaviy tarif stavkalari bo‘yicha har oyda ish haqi to‘lab boriladi.

O‘zbekiston chempionatlari (kuboklari) 4 ta bosqichda amalga oshiriladi: I bosqich - mahalla (muassasa) miqyosida; II bosqich -tuman (shahar) miqyosida; III bosqich - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida; IV bosqich - respublika miqyosida.

2022 yil 1 avgustdan boshlab hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasi orqali amalga oshiriladi. U quyidagilarni ta'minlaydi: O‘zbekiston chempionatlari (kuboklari)ning barcha bosqichlari bilan bog‘liq hujjatlarni raqamlashtirish; barcha sport-ta'lim muassasalariga o‘quvchilarni qabul qilish; Davlat budjetidan sport sohasi, shuningdek, sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika va hududiy kalendar rejalari uchun ajratiladigan mablag‘lar taqsimlanishi va ishlatilishining to‘liq nazoratini amalga oshirish; hisobotlarni shakllantirish, sport-ta'lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lar tushumlarini nazorat qilish va ishlatilishi shaffofligi.

Platforma sport sinovlarining platformasi (www.jtdss.uz) bilan integratsiya qilinadi. Sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maqsadida unda videoxosting joylashtiriladi. Platformada eng yaxshi qisqa metrajli videorolikni joylashtirgan shaxslar Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid