Si va Bayden uchrashuvi Amerika prezidenti lavozimiga kirishgan vaqtdan beri eng mazmunli uchrashuv bo‘ldi. Sammit ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishga qaratilgandi. Biroq Tayvanning o‘zini o‘zi boshqarish masalasini chetlab o‘tish imkonsiz edi.

Xitoy Tayvanga isyonkor provinsiya sifatida qaraydi. Uning materik bilan qayta birlashishi vaqt masalasidir. AQSh Xitoyning pozitsiyasini tan oladi va u bilan rasmiy munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq shu bilan birga, Tayvanni ham qo‘llab-quvvatlab, Pekin tomonidan hujum sodir bo‘lganida unga yordam qilishga va'da beradi.

Xitoy davlat nashri Global Times yozishicha, Si tomonlar o‘rtasidagi so‘nggi kelishmovchilikni «Tayvan rasmiylarining o‘z mustaqillik dasturida AQSh ko‘magidan foydalanish, shuningdek, ayrim amerikaliklarning Xitoyni ushlab turish uchun Tayvandan foydalanish» deb hisoblaydi.

«Bu olov bilan o‘ynashish kabi xavfli. Kim olov o‘ynasa, kuyadi», - deyiladi maqolada. Oq uy esa o‘z navbatida Jo Bayden «status-kvoni o‘zgartirish va Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik hamda barqarorlikka putur yetkazish bo‘yicha bir tomonlama sa'y-harakatlarga keskin qarshi» ekanini ma'lum qildi.

Keskin bayonotlarga qaramay, uchrashuv iliq salomlashuv bilan boshlandi. Si o‘zining «eski do‘sti» Baydenni ko‘rganidan xursand ekanini aytdi.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, ular Si Jinping bilan doim rost va ochiqchasiga muloqot qilishgan hamda muzokaralarni suhbatdosh nima o‘ylayotganini aniq bilgan holda yakunlashgan.

Si Jinping esa so‘nggi vaqtlarda tez-tez bo‘lgani kabi mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash va muammolarni birgalikda hal etishni taklif qildi.

«Insoniyat global qishloqda yashayapti va biz ko‘plab muammolarga duch kelmoqdamiz. Xitoy va AQSh muloqot hamda hamkorlikni kengaytirishi kerak», - dedi u.

Yana nimalar muhokama qilindi?

Dunyodagi ikkita eng qudratli mamlakatning bir qator masalalar yuzasidan fikrlari turlicha. Bayden AQSh Hongkong hamda shimoli-g‘arbiy hudud - Shinjonda inson huquqlari buzilishi borasidagi xavotirini bildirdi.

Mazkur tanqidga javob tariqasida Xitoy AQShni ichki ishlarga aralashishda ayblamoqda. Bayden «amerikalik ishchi va sanoatni XXRning adolatsiz savdo hamda iqtisodiy amaliyotidan himoya qilish» zaruratini ham alohida qayd etdi.