O‘zbekiston | 14:58 / 17.11.2021
4632
3 daqiqa o‘qiladi

“Farzandlaringga nimadir ko‘tarib kelolmasang alam qiladi” - nogironlik aravachasida qolayotgan bekobodlik yigit o‘kinchi

“Turmush o‘rtog‘im ba'zida kechalari mendan bekitib yig‘laydi. Buni ko‘rish azob. Bir o‘zimga ham ro‘zg‘or tebratish, ham ularni davolatish qiyinlik qilyapti. Chunki davolatish uchun katta mablag‘ kerak ekan”, - deydi bemorning turmush o‘rtog‘i.

Mehnatda toblangan, xastalikka qadar oilasini hech narsadan zoriqtirmagan bekobodlik Bahrillo bugun nogironlik aravachasida, mustaqil harakatlana olmaydi. Unda umurtqa churrasi sabab umurtqa pog‘onasidan o‘tgan orqa miya nerv tolalari qisilib qoladi. Shuning oqibatida bemorning qo‘l-oyoqlari harakatdan to‘xtagan.

“Nogironlik nafaqasi evaziga kun kechiramiz. Nafaqa o‘zimning dorilarimdan ortmaydi. Ko‘chaga chiqib pul topib kelolmayman. Farzandlaringga nimadir ko‘tarib kelolmasang alam qiladi odamga. Hindistonda operatsiya qildirsam tuzalib ketishimni aytishdi shifokorlar”, — deya o‘kinadi u.

Bahrillo ikki nafar farzand – bir o‘g‘il va bir qizning otasi. Otasining xastaligidan ezilayotgan qizaloqning ko‘zyoshlari inson qalbini titratadi.

Foto: Kun.uz

Hozir oilada hech kim ishlamaydi, chunki bemorga muntazam parvarish zarur. Turmush o‘rtog‘i shu sababdan hech qayerda ishlay olmasligini aytadi: “Oilada erkak kishi bosh bo‘lsin ekan, ayol oilani eplashi, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini qilishi qiyin ekan.

Turmush o‘rtog‘im ba'zida kechalari mendan bekitib yig‘laydi. Buni ko‘rish azob. Bir o‘zimga ham ro‘zg‘or tebratish, ham ularni davolatish qiyinlik qilyapti. Chunki davolatish uchun katta mablag‘ kerak ekan. O‘zlari oilamizga bosh bo‘lib, bolalarimizni yetaklab yurishlarini so‘rayman faqat. O‘sha kunlarni ko‘rish orzusi bilan yashayapmiz.

Ilgari sog‘lom paytlarida ko‘chadan to‘lib-toshib kirib kelardilar. Nima topsalar bolalariga ilinardilar. Qaniydi, o‘sha kunlar qaytib kelsa. O‘sha vaqtlarni sog‘inamiz.

Shifokorlar operatsiyani tezlashtirishimizni aytishyapti. Ba'zan mazalari qochadi, kasallik xuruj qiladi. Shunda qaytmay qolishlaridan qo‘rqaman”, — deydi turmush o‘rtog‘i Shahlo Hasanova.

Bahrilloning oyoqqa turishiga, jamiyatda o‘z o‘rniga qaytishiga hissa qo‘shishni istagan saxovatli insonlar ko‘pchilik ekaniga umid qilamiz.

Foto: Kun.uz

Bahrillo Hasanovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0451 5201 0676 Bahrillo Hasanov nomida

Sberbank: 5336 6903 9913 3901 qarindoshi G‘affor Muhsinjonov nomida.

Гулмира Тошниёзова
Tayyorlagan Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid