Benzin – O‘zbekistonda yil boshidan beri narxi eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlardan biri. O‘zbekistondagi benzin narxlari Turkmaniston va Qozog‘istonga qaraganda qariyb 2 barobar qimmat.

Iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda muammo yechimi uchun mas'ullar nimalarga e'tibor qaratishi kerakligi borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— Benzin narxi o‘sishiga katta ta'sir qilgan omillar qaysilar?

Eng muhimi – talab va taklif o‘rtasidagi munosabat. O‘zbekistonda talab bilan taklif o‘rtasida katta nomutanosiblik bor. Buning ortidan narxlar oshib borishiga keng imkoniyat yaratib berilgan. Bu qanday imkoniyatlar?

Birinchi navbatda, neft va neft mahsulotlarini import qilish yo‘lidagi to‘siqlar. Ya'ni import qilish uchun korxonalar maxsus litsenziya olishi kerak. Buning uchun esa juda og‘ir talablar qo‘yilgan. U talablarni bajarishning o‘zi murakkab. Bajarilgan taqdirda ham u talablarga rioya qilishda ayrim muammolar bor. Umuman olganda, import bilan shug‘ullanaman degan har bir korxona erkin harakat qila olmaydi va bir necha tahdidlarni bo‘yniga olishiga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun neft va neft mahsulotlarini import qiladigan korxonalar sonini sanash uchun bir qo‘limizning barmoqlari ham yetadi.

Ikkinchi ta'siri, bugungi kunda neftni qayta ishlash zavodlari Buxoro va Farg‘onada bor va ularda benzin ham ishlab chiqariladi. Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi o‘zining mahsulotini ilgari kichik-kichik lotlar bilan sotgan bo‘lsa, endilikda katta-katta hajmda sotmoqda. Uni faqat neft bazalarida olish imkoniyati bor. Chunki ularda aylanma mablag‘lar katta.

Kichik-kichik benzin shoxobchalari esa bunday katta hajmdagi mahsulotni sotib ololmaydi va o‘yindan chiqib ketadi. Oqibatda katta neft bazalari mahsulotga o‘z ustamalarini qo‘yib, istagan narxda sotmoqda. Sun'iy ravishda narxlarni ko‘tarib yuboryapti.

1 litr benzin 1 dollarga yaqin bo‘lishi, to‘lov qobiliyatimizni cheklovchi jihatlardan.

Bugungi kunda neft mahsulotlari, xususan benzin narxi oshib ketishi, bu – bozordagi sun'iy va monopolistik cheklashlar oqibati.

“O‘zbekneftgaz” va Iqtisodiyot vazirligi birgalikda bu muammoni bemalol hal qilsa bo‘ladi va narxni ilgarigi darajaga tushirish mumkin.

O‘zbekiston bilan atrofdagi regional bozorlardagi benzin narxlari juda katta farq qiladi. Agar shu mahsulotlar Turkmaniston, Qozog‘iston yoki Rossiyadan bevosita cheklovlarsiz olib kirilsa, o‘ylaymanki, narxlar tezda tushib ketardi. Haqiqiy raqobatbardosh bozor bo‘lsa, narxlar pasayadi albatta.