Mehnat vazirligi vaksina olmagan xodimlarni ishdan chetlashtirish tartibi haqida ma'lumot berdi
Mehnat qonunchiligiga asosan ish beruvchilarga vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlashtirish huquqi berildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar qilmoqda.
Mehnat kodeksining 113-moddasida karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘i holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishga qo‘ymaslikka haqli.
Vazirlik xabarida aytilishicha, qonunchilik me'yorlari to‘g‘ri, aniq va bir xil qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida tavsiyaviy xarakterdagi tushuntirish ishlab chiqildi.
Bunda, karantinli va odam salomatligi uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lgan taqdirda profilaktik emlashdan o‘tishni rad etish Mehnat kodeksining 113-moddasi 3-qismiga asosan xodimni ishdan chetlashtirish bo‘yicha buyruq chiqarishga asos bo‘ladi.
Ish beruvchi karantin va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan o‘tish majburiyati yuzasidan kasaba uyushma bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki mehnat tartib-qoidalari, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlarga qo‘shimcha kiritishi lozim.
Ishdan chetlashtirish bo‘yicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan emlashni rad etish bo‘yicha yozma ariza olinadi. Agar xodim yozma ariza berishdan bosh torsa, xodimning emlanishni rad etganlik va bu bo‘yicha ariza berishdan bosh tortgani yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Ishdan chetlashtirish bo‘yicha buyruq bilan xodim imzo qo‘ygan holda tanishtiriladi.
Bosh sanitariya vrachining qaroriga asosan profilaktik emlashlar o‘tkaziladigan shartlar olib tashlanguncha, ammo, bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan bitta profilaktik tadbir bo‘yicha jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi. Xodim ishdan chetlashtirilgan bo‘lsa, ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, mehnat intizomi to‘g‘risidagi nizom va ustavlari, ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan ishdan chetlashtirishning maksimal muddati davomida, tibbiy qarshiliklar bo‘lmaganda emlashdan bosh tortgan xodimlarga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq intizomiy jazo qo‘llanilish choralari nazarda tutilishi mumkin.
Xodimning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra profilaktik emlashdan o‘tishni rad etadigan qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lganda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq xodim masofaviy ish rejimiga o‘tkazilishi mumkin. Karantin va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan o‘tishni tashkillashtirish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur normalar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan lokal hujjatlarda belgilanadi.
Ma'lumot uchun, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini Sog‘liqni saqlash vazirligining emlash.uz axborot tizimiga integratsiya orqali ish beruvchilarning shaxsiy kabinetida “Koronavirusga qarish emlanganlar soni” va “Koronavirusga qarshi emlanmagan xodimlar ro‘yxati” yuritilmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar kesimida xodimlarning emlanganlik darajasi bo‘yicha monitoring olib borish imkoniyati mavjud.
Mavzuga oid
15:42 / 20.12.2024
O‘zbekistonlik kadrlarni Chexiyada ishga joylashtirish boshlanadi
12:29 / 18.12.2024
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Rossiyadagi yirik ish beruvchilar bilan muzokara o‘tkazdi
08:21 / 16.12.2024
Koreyadagi o‘zbekistonliklar ish joyini tashlab ketgani tufayli kafillardan 2 mlrd so‘m undirildi
15:32 / 09.12.2024