Jahon | 15:23 / 23.11.2021
17701
5 daqiqa o‘qiladi

Bir oy ichida Janubiy Koreyaning ikkinchi sobiq prezidenti vafot etdi. U Kvangjudagi qo‘zg‘olonni qonga botirgandi

Koreya Respublikasining sobiq prezidenti Chon Du Hvang uzoq vaqt davom etgan surunkali kasallikdan keyin 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar bermoqda.

© AFP 2021 / JoongAng Ilbo

Chon Du Hvang mahalliy vaqt bilan soat 8:40da Seuldagi o‘z uyida olamdan o‘tgan. Sobiq prezidentning kotibi aytishicha, Chon Du Hvang Shimoliy Koreya bilan chegaradagi tepalikka dafn etilishini vasiyat qilgandi. Uning jasadi krematsiya qilinadi (krematoriyda yoqiladi), dafn joyi keyinroq ma'lum bo‘ladi.

Chon Du Hvang 1931 yilda tug‘ilgan, mamlakatni amalda 1979 yildan boshqara boshlagan, o‘shanda u Koreya prezidenti Pak Chon Hining («Koreya Stalini» nomini olgan, 1961 yildan mamlakatni boshqargan diktator) Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgandi.

Hayoti davomida qator suiqasdlardan omon qolgan Pak Chon Hi 1979 yil oktyabrida prezident saroyidagi kechki ovqat vaqtida o‘zining yaqin odami, Koreya razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kim Jye Kyu tomonidan otib tashlanadi. Mamlakatni bosh vazir Chxve Gyu Ha boshqara boshlaydi. Ko‘p o‘tmay o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida uning nomzodi g‘alaba qozonadi.

Prezident Pak Chon Hining o‘limi yuzasidan tekshiruvlar vaqtida 1979 yil dekabrida Chon Du Hvang bir qator gumonlanuvchilarni qo‘lga oladi, jumladan prezidentni o‘ldirish uchun fitna uyushtirishda ayblangan armiy shtabi boshlig‘i Chon Sin Hvani ham, shundan so‘ng u amalda harbiy davlat to‘ntarishi amalga oshiradi. 

Chon Du Hvangga davlat to‘ntarishi amalga oshirishda boshqa bir general Ro De U yordam ko‘rsatadi, ular maktab chog‘idan do‘st bo‘lishgan, keyinroq harbiy akademiyada birga o‘qishgan va Koreya urushida safdosh bo‘lishgan.

Pak Chon Hidan farqli ravishda Chon Du Hvang korrupsiyalashgan tizim yaratadi va unda o‘zi ham ishtirok etadi.

Uning buyrug‘i bilan 1980 yil bahorida Kvangjudagi isyon bostiriladi, bu shahar aholisi Chon Du Hvangning harbiy hokimiyatiga va u yo‘l qo‘ygan korrupsiyaga qarshi norozilik bildirib ko‘chalarga chiqqandi. Yonhap agentligining qayd etishicha, rasmiy ma'lumotlarda o‘sha isyon bostirilishi chog‘ida harbiylar tomonidan 200dan ortiq kishi o‘ldirilgan, 1800 kishi yaralangan.

Isyon bostirilgach, 1980 yil avgustida prezident Chxve Gyu Ha hokimiyatni generallarga topshirib iste'fo beradi va Chon Du Hvang Koreya Respublikasi prezidentiga aylanadi - u to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlarda qatnashmagan. Aynan Chxve Gyu Ha Janubiy Koreya tarixidagi sud qilinmagan va o‘ldirilmagan yagona prezident hisoblanadi. 

Chon Du Hvang (Foto: Lee Jae-Won / Reuters)

1988 yilda Chon Du Hvang mamlakatda to‘g‘ridan to‘g‘ri saylash tizimini joriy etish talablari fonida iste'foga ketadi.

Chon Du Hvang hukumatdan chetlashtirilsa-da, demokratik muxolifat bo‘linib ketadi va saylovlarda g‘alabaga erisha olmaydi, natijada Hvangning maslakdoshi Ro De U prezidentlikka saylanadi. 

1993 yilda prezidentlik fuqaroviy hukumat qo‘liga o‘tgach, 1996 yilda har ikki general qamoqqa olinadi. Chon Du Hvang hokimiyatni suiiste'mol qilganini tan oladi, keyinroq u davlatga xiyonatda, prezident Chxve Gyu Hani iste'foga chiqishga majburlashda ayblanadi. Seul sudi Chon Du Hvangni 1979 yilgi davlat to‘ntarishini uyushtirish, Kvangju shahridagi demokratik namoyishni qonga botirish va qotilliklarda ayblanadi. Ro De Uga ham korrupsiya bo‘yicha ayblovlar qo‘yiladi. Chon Du Hvang o‘lim jazosiga, Ro De U esa 22,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Keyinroq sud hukmni o‘zgartirib, o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosiga, yigirma ikki yarim yillik qamoq jazosini esa o‘n ikki yilga almashtiradi.

Ular 1998 yilda prezident Kim De Jun tomonidan afv qilinadi.

2021 yilning oktyabrida Ro De U 88 yoshida shifoxonada olamdan o‘tdi.

Mavzuga oid