Fransiya: Parijning irodali g‘alabasi

«Sent-Eten» — «PSJ» — 1:3 (Buanga, 23 — Markinyus, 45+2, 90+1. Di Mariya, 77).

Autsayder maydonida parijliklar maksimal hujumkor tarkib tushirdi - Neymar, Mbappe va Di Mariya uchligini orqaroqdan, «o‘nlik» pozitsiyasidagi Messi qo‘llab turdi. Ammo bu oldindan kutilgan tarkib edi, kunning asosiy voqeasi esa Serxio Ramosning debyuti bo‘ldi. Uzoq vaqt davolangan ispaniyalik nihoyat «PSJ» safidagi ilk o‘yinini o‘tkazdi, bu uning olti oy va 23 kun davom etgan tanaffusdan keyingi ilk rasmiy o‘yini bo‘ldi.

O‘yin kutilganidek boshlandi — mehmonlar ketma-ket hujumlar uyushtirishdi, Mbappe birga-bir vaziyatdan foydalana olmadi, Neymarning goli ofsayd tufayli bekor qilindi. Ammo yashillar ilk bor katta kuch bilan oldinga tashlanganida Buanga Donnarummadan qaytgan to‘pni darvozaga joyladi. Lekin «Joffrua-Gishar»dagi muxlislar bayramni faqat videotakror orqali «o‘yindan tashqari holat» bekor qilinganidan keyin nishonlashdi. Parijliklar o‘z imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishda davom etishdi - darvozabon Grin ularning barcha urinishlarini bartaraf etaverdi.

Ammo birinchi bo‘lim yakunida arbitr Kolodjyeychakni maydondan chetlatdi, Messi esa jarima nuqtasidan to‘pni Markinosning boshiga qo‘ndirib berdi. Leo o‘zi gol urmadi, ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida ideal pozitsiyadan xato zarba berdi, ammo kechaning asosiy yulduzi aynan u bo‘ldi. Argentinalik futbolchining navbatdagi uzatmasini Di Mariya golga aylantirdi.

Faqat Messining Markinosga navbatdagi golli uzatmasi Neymarning jarohati soyasida qolib ketdi. Braziliyalik hujumchi raqibning podkatidan qochmoqchi bo‘lganida oyog‘ini qayirib oldi. U og‘riqdan baqirib yubordi, shuning o‘ziyoq vaziyat naqadar jiddiyligini ko‘rsatardi. Maydonga chiqib kelgan shifokorlar bir necha daqiqa unga tibbiy yordam ko‘rsatishdi, keyin zambilga solgan holda maydondan olib chiqib ketishdi.

Aniq tashxis hali ma'lum emas, ammo Instagram sahifasida braziliyalik futbolchi qo‘ltiqoyoqqa suyangan holdagi rasmini qo‘yib, shunday yozdi: «Afsuski, bunday omadsizlik —sportchi hayotining bir qismi. Boshni tik ko‘targan holda qolamiz va oldinga yuramiz. Men yanada kuchliroq bo‘lib qaytaman».

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, uning tiklanishi uchun kamida olti hafta vaqt talab etiladi.