Lissabondagi absurd

Avvaliga Portugaliya chempionatining 12-turi doirasida «Belenensesh» — «Benfika» o‘yini hech qaysi jihati bilan e'tiborni o‘ziga qaratmayotgandi. Autsayder turnir yetakchilaridan birini qabul qildi — bu har turda kuzatiladigan holat.

Ammo juma kuni «Belenensesh»da kovid bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ldi. Futbolchilarning 13 nafari, bosh murabbiy Filipe Kandidu, uning assistentlari va klubning ikki xodimi o‘zini ihotalash uchun yuborildi. Record gazetasi ma'lumotiga ko‘ra, klubdagilar markaziy himoyachi Txibanga Pxete koronavirusning yangi shtammini yuqtirib olgan bo‘lishi mumkin (noyabrda JAR terma jamoasining ushbu futbolchisi vatanida bo‘lib qaytdi, bu mamlakatda kovidning yangi mutatsiyasi — «omikron» avj olgan). Shu tufayli klub vakillari yoppasiga karantinga ketishdi.

Ushbu holat tufayli klub navbatdagi tur o‘yiniga to‘qqiz futbolchi topa oldi, shundan ikki nafari darvozabon edi. «Belenensesh»ning birato‘la olti futbolchisi shanba kuni chempionatda debyut qildi, tarkibning o‘rtacha yoshi taxminan 21 edi. 20 yoshli darvozabon Joau Monteyru o‘ng qanot himoyasida harakatlanishiga to‘g‘ri keldi.

«Benfika» esa asosiy tarkibni tushirdi va 24-soniyadayoq hisobni ochdi — «Belenensesh» himoyachilaridan biri o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Bo‘lim davomida mehmonlar yetti gol urishdi, «Benfika»ning urugvaylik forvardi Darvin Nunes het-trik rasmiylashtirdi.

Tanaffus vaqtida kameralar «Belenensesh» prezidenti Ruy Pedru Soareshni namoyish etdi, u tribunalar osti hududiga ko‘zda yosh bilan chiqib ketdi.

Jamoa uzoq vaqt tanaffusdan qaytmadi — «Benfika» maydonga chiqib kelib, chigalyozdi mashg‘ulotlariga kirishgach, arbitr «Belenensesh» kiyim almashtirish xonasiga borganida mezbon klub futbolchilari maydonga chiqishdan bosh tortayotgani ma'lum bo‘ldi. Lekin ular baribir 20 daqiqalik kechikish bilan maydonga qaytishdi, ammo — yetti kishi bo‘lib. Arbitr o‘yinni davom ettirish uchun hushtak chaldi, «Belenensesh» futbolchilaridan biri esa to‘pni maydon tashqarisiga tepib yubordi va gazonga yotib oldi — u hakamga o‘ynay olmasligi haqida ishora qildi.

Assistentlar bilan maslahatlashgan arbitr o‘yinni to‘xtatdi. Futbol qoidalariga ko‘ra, jamoalardan birining tarkibidagi futbolchilar soni 7 nafardan kam bo‘lsa, o‘yinni davom ettirish mumkin emas. Endi «Belenensesh»ga texnik mag‘lubiyat yoziladi.

Angliya: Ramsdeyl yana qahramon

«Arsenal» — «Nyukasl» — 2:0