Jahon | 12:09 / 01.12.2021
34179
9 daqiqa o‘qiladi

«O‘zim qurgan davlatda siz bilan qafasda turib gaplashayotganimdan dunyo hayratda» – Saakashvili sud qilinmoqda

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 1 oktyabr kuni qamoqqa olinganidan so‘ng ilk marta omma oldida – Tbilisi shahar sudida ko‘rinish berdi. Siyosatchini Goridagi harbiy gospitaldan olib kelishgan. Sobiq prezident ushbu kasalxonada 50 kun davom etgan ochlikdan keyin tiklanish jarayonida bo‘lib turibdi.

Irakli Gedenidze / Reuters / Scanpix / LETA

Prezident – jinoyatchi emas

«Men – Mixail Saakashvili. Gruziyada jinoyatchi-prezident bo‘lmagan. Buni hamma gruzinlar bilishini xohlayman. Gruziya davlati asoschisi jinoyatchi bo‘la olmaydi, chunki jinoyatchilar davlatga asos solmaydi, uni vayron qiladi», dedi sud zalida nutq so‘zlagan Saakashvili.

Siyosatchi sudda shisha qafas ichida turdi. U ilk marta o‘zi sud qilingan jarayonda qatnashdi. Gruziya OAV ham bu sudni tarixiy deb atadi. Axir mamlakat tarixida ilk marta sud kursisida mamlakatning sobiq prezidenti o‘tirgandi. Tbilisi shahar sudida 14 yil avval sodir bo‘lgan holat ko‘rilmoqda. O‘shanda hukumat kuchlari tinch namoyishni kuch bilan bostirgani, shuningdek, «Imedi» xususiy telekanali binosiga bostirib kirishgani iddao qilinadi. Saakashvili «Imedi» telekanali egasi marhum tadbirkor Badri Patarkatsishvilining mulkini noqonuniy musodara qilganlikda ayblanmoqda. Tadbirkorning oilasi o‘ziga tegishli telekanalni 2012 yildagina qaytib olgandi (Saakashvili prezidentlikdan ketganidan keyin).

Prokuratura Saakashvilini mansab vakolatini suiiste'mol qilganlikda ayblamoqda. Ayblov isbotlansa, u 5 yildan 7 yilgacha qamalishi mumkin. Bu sobiq prezidentga qo‘yilgan bir necha ayblovdan biri, xolos. U allaqachon budjet pullarini o‘zlashtirish, yuqori mansabli politsiya xodimlarini muddatidan avval bo‘shatib yuborish va Gruziya birlashgan banki xodimi Aleksandr Girgvilaniga uyushtirilgan suiqasdda aybdor deb topilib, bu uchun unga sirtdan 6 yil qamoq jazosi e'lon qilingan.

Yangi ayblov Saakashvili Gruziya chegarasini noqonuniy kesib o‘tishi bo‘ldi. 1 oktyabr kuni qo‘lga olingan sobiq prezident avvaliga samolyotga kelishini anons qilgan, lekin keyinchalik Ukrainadan suv yo‘li orqali Gruziyaga kirib kelgani ma'lum bo‘lgandi. O‘ziga qo‘yilgan eng oxirgi ayblovni Saakashvili o‘zini yerga urish va «Rossiyaga xos klassik kombinatsiya» deb atadi.

«Siz bilan birga mamlakatni rivojlantirish haqida o‘ylash o‘rniga o‘zim bunyod qilgan mamlakatda sizga mana bu oyna qafasdan turib murojaat qilayotganimdan butun dunyo hayratda qolayotgandir», dedi Saakashvili.

2007 yil 7 noyabrda «Imedi» telekompaniyasiga spetsnaz bostirib kirib, apparaturaga ziyon yetkazilgan va xodimlar binoni tark etishga majburlangan. Foto: VANO SHLAMOV/AFP

Sobiq prezident o‘zining vaqtida qilingan yaxshi o‘zgarishlarni sanash bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ham tan oldi. «Albatta, keragidan ko‘p xato qilganmiz, ulardan juda afsusdaman. Eng katta xatom sud [so‘kinadi]. Mustaqil sud tizimini tuza olmaganimiz ko‘pchilikni qiynadi va mana, navbat menga ham keldi. Mustaqil bo‘la olmagan sudlar azob bergan hammadan kechirim so‘rayman. Bu xato, ammo jinoyat emas», dedi sudlarga kinoya qilib Saakashvili.

Sudga yo‘l

2021 yil 1 oktyabr kuni qo‘lga olingan Mixail Saakashvili Rustavi shahridagi qamoqxonaga yuboriladi. Keyin esa Tbilisidagi qamoqxona kasalxonasiga olishadi. Sobiq prezidentning advokatlari bu muassasa uning hayoti uchun xavfli ekanini aytishlari foyda qilmaydi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, uni shahar kasalxonasiga olib boramiz deb aldab, qamoqxona kasalxonasiga olib borishadi. Uning tanasiga noma'lum dori vositasi yubormoqchi ham bo‘lishadi, ammo Saakashvili bunga yo‘l qo‘ymaydi. Siyosatchining advokati u qamoqxona kasalxonasidagi bosim sabab ruhiy terror holatida bo‘lganini aytadi.

Mixail Saakashvili qo‘lga olinganiga norozilik sifatida 50 kun ochlik e'lon qildi. 48-kun hushini yo‘qotgan siyosatchini ko‘p tarmoqli klinikaga olib borishadi. U yerda inson huquqlari bo‘yicha ombudsman va mustaqil shifokorlar guruhi tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgan Saakashvili Goridagi harbiy gospitalga o‘tkaziladi. O‘sha yerda siyosatchi ochlikni to‘xtatdi.

REUTERS

Saakashvilini Tbilisidagi sudga olib kelish-kelmasliklari so‘roq ostida qolayotgandi. Oldingi sud majlisida jazoni ijro etish xizmati sud majlisi siyosatchining salomatligi uchun xavfli ekani iddaosi bilan uni olib kelishdan bosh tortgandi. Advokatlari esa Saakashvili sudda ishtirok etishini xohlayotganini ta'kidlab kelishdi. Hukumat vakillari Saakashvili «ko‘p gaplarni aytib yuborishi»dan hadiksirab uni sudda qatnashishiga yo‘l qo‘ymagani ham taxmin qilindi.

Saakashvili sudda qatnashishi jarayon boshlanishidan bir necha soat oldin ma'lum bo‘ldi. Goridagi harbiy gospital binosiga jazoni ijro etish xizmatining maxsus mashinasi va politsiya maxsus otryadi kirib ketgach, gap nimada ekani ma'lum bo‘ldi. Tbilisi shahar sudi oldida politsiya ko‘paygach, Saakashvilining tarafdorlari – muxolifatdagi «Yagona milliy harakat» partiyasi vakillari ham to‘planishdi.

Odamlar to‘plana boshlagach, politsiya va namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Politsiya jarayonni suratga olayotgan operator yigitni sudrab olib ketgach, odamlar ham ularga tashlanib ketdi. Keyin namoyishchilar yo‘lni to‘smoqchi bo‘lishdi. Ichki ishlar vazirligi 15 kishi yo‘l harakatini to‘xtatmoqchi bo‘lgani uchun qo‘lga olinganini xabar qildi. Shuningdek, norozilik namoyishi o‘tkazish tartibini buzganlarga qarshi maxsus vositalar qo‘llangani xabar qilindi, ammo qanday vositalar ekani aytilmadi. OAVga ko‘ra, bu maxsus vosita ko‘zni achituvchi qalampir spreyi bo‘lgan.

«Rossiyaning rejasini buzgandim»

Sud binosiga namoyishchilar va jurnalistlar kira olishmadi. «Istisno tariqasida» Gruziya davlat nashri bo‘lmish «Birinchi kanal»ga sud zaliga kirish va jarayonni jonli efirda olib berishga ruxsat etilgan. Namoyishchilar Saakashvilining bir soatdan uzoqroq davom etgan chiqishini dinamik orqali eshitishdi.

Avvaliga Saakashvilining chiqishini u ishga aloqasi bo‘lmagan gaplarni aytyapti, deb prokuror to‘xtatmoqchi bo‘ldi, ammo advokatlar aralashganidan keyin sud siyosatchi oxirigacha gapirishiga imkon berdi.

Sud binosi oldidagi vaziyat. Foto: TASS

Sobiq prezident hukumat vakillariga 2019 yil 20 iyundagi namoyish bostirilgani hamda shu yil 5 iyulda Tbilisi markazida kuzatilgan zo‘ravonlikni eslatdi. Saakashvili 2007 yilgi namoyishlarni Rossiyaning rejasi deb atadi. Ammo o‘shanda islohotlar keskinligi va inflatsiya darajasi oshgani sabab hukumatdan norozi odamlar ham bo‘lganini tan oldi.

U o‘shanda AQSh Federal qidiruv byurosidan Yerevanda to‘plangan bir guruh o‘g‘rilar Tbilisi markazida tartibsizlik uyushtirishga hozirlanayotgani haqida ogohlantirish xati olganini oshkor qildi. U 2007 yil 7 noyabrda bo‘lgan voqealarni televizordan tomosha qilgani va hech qanday ko‘rsatma bermaganini aytdi.

«Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari o‘z vazifasini bajargan. O‘shanda politsiyamiz juda yosh va tajribasiz edi. Bunaqasi ko‘p davlatlarda bo‘ladi, ammo bu uchun kimningdir ustidan ish ochilganini eshitmaganman», dedi Saakashvili.

Siyosatchi o‘sha voqealardan keyin iste'foga chiqqani, ammo keyinchalik saylovda qiyinchilik bilan bo‘lsa ham yana g‘alaba qozonib, ikkinchi mandatni munosib tarzda qo‘lga kiritganini ta'kidladi. «Rossiyaning rejasini buzish, o‘sha mitinglar sabab NATO bilan integratsiyalashuvimiz to‘xtab qolishining oldini olish uchun iste'foga chiqqandim», dedi Saakashvili.

Siyosatchi o‘z nutqini zaldagilar olqishlari ostida yakunladi. U Gruziya mustaqil, mag‘rur va muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildirar ekan, mamlakat hozirgi tuzumdan tezroq qutulishi kerakligini aytdi. Nutqini so‘zlab bo‘lgach, Saakashvilini olib ketishdi, chunki uning salomatligi jarayonda to‘liq qatnashishga imkon bermaydi.

Shu hafta Saakashvili ustidan qo‘zg‘atilgan yana bir ish – budjet mablag‘larini o‘zlashtirish bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Advokatlarning aytishicha, bu jarayonda qatnashish siyosatchi uchun ayniqsa prinsipial hisoblanadi.

Mavzuga oid