Jahon | 22:07 / 03.12.2021
18892
17 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: «Omikron» «delta»ni siqib chiqarmoqda, bolalar orasida kasallanish ko‘rsatkichi oshmoqda

Pfizer rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Covid’ga qarshi har yillik emlanishlar ko‘p yillar davomida talab etilishi mumkin. Biroq ko‘pchilik olimlar buni majburiy deb hisoblamayapti; buyuk britaniyalik olimlar AstraZeneca ukolidan keyin tromblar hosil bo‘lish mexanizmini modellashtirdi; Janubiy Afrikada «omikron» koronavirusning yetakchi variantiga aylandi.

Har yillik emlanishlar zarurmi? 
Pfizer kompaniyasi rahbari, doktor Albert Burla BBC’ga bergan intervyusida odamlar bir necha yil davomida Covid-19’ga qarshi vaksinani har yili olishi talab etilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Uning fikriga ko‘ra, bu «himoyaning yuqori darajasi»ni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur.

Pfizer bosh direktori emlanishlar ko‘p yillar davom etishini bashorat qilmoqda

Pfizer bosh direktori BBC’ga intervyuni Janubiy Afrikada «omikron» varianti aniqlanishidan oldin bergandi. Burlaning so‘zlariga ko‘ra, Pfizer «beta» va «delta» variantlariga javob tariqasida yangilangan vaksinalarni ishlab chiqqan, biroq ularga ehtiyoj bo‘lmagan.

Hozirda kompaniya «omikron»ga qarshi vaksina ustida ish olib bormoqda. Jarayon muvaffiyatli kechsa, yangi vaksina uch-to‘rt oydan keyin tayyor bo‘lishi mumkin.

Joriy yilda Pfizer koronavirusga qarshi vaksinlar savdosidan kamida 35 mlrd dollar oladi. Aksiyalari qiymati esa keskin o‘sdi. Biroq rivojlangan mamlakatlarda aholining ko‘p qismi vaksinaning kamida bitta dozasini olgan bo‘lsa, Afrikaning ayrim mamlakatlarida aholining 5 foizdan kam qismi emlangan.

Albert Burla foyda olayotgani uchun kechirim so‘rashi kerak deb hisoblamaydi – uning fikriga ko‘ra, oxir-oqibat millionlab kishilar hayoti saqlab qolindi, muhimi ana shu.

«Biz jahon iqtisodiyotining trillionlab dollarini tejadik. Bu kelasi pandemiya oldidan innovatsiyalar uchun kuchli rag‘batdir», dedi u. 

Shuningdek, Burla Pfizer-BioNTech vaksinasini birinchi bo‘lib ma'qullagan Buyuk Britaniya kabi boy mamlakatlargina vaksinalarga birinchi bo‘lib buyurtma berganiini ta'kidlab, spekulyatsiya borasidagi ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qashshoq mamlakatlarga vaksina o‘z narxida yetkazib berilgan.

… yoki yo‘qmi?

Buyuk Britaniya emlash va immunizatsiya bo‘yicha birlashgan qo‘mitasi a'zosi professor Adam Finn BBC’ga bergan intervyusida Covid-19’ga qarshi har yillik buster vaksinalar zaruriyati olimlarda hali ham shubha uyg‘otayotganini ma'lum qildi.

«Busterlar noma'lum uzoq vaqt davomida bizga kerak bo‘lishi haqida biror narsa deyish qiyin, bu – mazkur virus qanday rivojlanishiga bog‘liq. Gripp virusi har yili o‘zgaradi va biz vaksina formulasini o‘zgartirishga va xavf guruhida bo‘lgan odamlarni takror emlashga majbur bo‘lamiz.

Koronavirus bilan ham ana shu holat takrorlanishi mumkin. Biroq har yili qayta emlanish talab etilishi yoki talab etilmasligi hozirgi vaqtda noma'lum», deydi u.

Oxford-AstraZeneca yordamida organizmga kiradigan adenovirusning batafsil tasviri. Uning hajmi – bor-yo‘g‘i 100 nonometr 

«Omikron» Janubiy Afrika bo‘ylab tarqalmoqda

Hozirda «omikron» Janubiy Afrikada koronavirusning dominant variantiga aylandi. So‘nggi sutkalarda mamlakatda 8500dan ortiq yangi kasallanish holatlari ro‘yxatga olingandi.

Yuqumli kasalliklar milliy instituti ma'lumotiga ko‘ra, noyabr oyida qayd etilgan barcha virusli genomlarning 70 foizi yangi variantga tegishli.

Janubiy Afrikaning ko‘plab qismlarida Covid-19 bilan kasallanish holatlari sonining barqaror o‘sishi kuzatilyapti. Sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatdagi 9ta provinsiyadan 7tasida o‘sish qayd etilganini ma'lum qildi.

Yuqumli kasalliklar milliy institutining ma'lum qilishicha, shifoxonaga yotqizilgan odamlarning ko‘pchiligi koronavirusga qarshi emlanmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi variant dunyoning 40ga yaqin mamlakatida aniqlanganini tasdiqlayapti.

«Omikron» aniqlanganidan keyin ko‘plab mamlakatlar tomonidan Afrika janubidagi davlatlardan sayohatlar qilishga qo‘yilgan taqiqlarni Afrika ittifoqi va BMT birgalikda qoraladi. Taniqli janubiy afrikalik epidemiolog va Koronavirus bo‘yicha Afrika maqsadli guruhi a'zosi Salim Abdul Karim BBC’ga bergan intervyusida bu taqiqlarni oqlab bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

«Hozirda virus 30dan ortiq mamlakatda aniqlangan, shuning uchun Afrika janubidagi mamlakatlar uchun taqiqlar joriy etishni talab qilish oqlab va qo‘llab-quvvatlab bo‘lmaydigan qarordir. Ushbu mamlakatlarning ko‘pchiligida kasallanish holatlari oshmayapti. Men uchun bunday qaror ochiq kamsituvchi xarakterga ega. Chunki bizda sayohatlar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha juda aniq strategiya bor», dedi u.

Professor Karim koronavirusning yangi varianti tez tarqalayotganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bu nima bilan izohlanishini hozircha ayta olishmaydi: kuzatuvlar yaxshilanishi va yangi holatlarning ro‘yxatga olinishi yoki «omikron»ning o‘ziga xos jihatlari.

Afrikada koronavirusga qarshi emlanganlar foizi avvalgidek juda past 

Yangi shtamm bolalar orasida keng tarqalmoqda

Janubiy Afrika Yuqumli kasalliklar milliy instituti epidemiologi Mishel Grum mamlakatda kuzatilayotgan o‘sishni «omikron» tufayli ekanini  ta'kidlagan. Covid-19 tarqalishi tempi JARda avval kuzatilgan uchta to‘lqin tezligidan oshib ketgan.

Payshanba kuni bu yerda 11,5 mingta yangi holat ro‘yxatga olindi. Yangi avj olishning asosiy o‘chog‘i aholi tig‘iz yashovchi Gauteng provinsiyasi bo‘lmoqda, mamlakatning eng yirik shahri Yoxannesburg va mamlakat poytaxti Pretoriya ham shu hududda joylashgan. 

Juma kuni janubiy afrikalik epidemiologlar bolalar o‘rtasida shifoxonaga yotqizilayotganlar soni keskin oshganini xabar qilishdi. Olimlar bu yosh toifasidagi kasallik ko‘rsatkichi yuqoriligini 12 yoshdan kichiklar hozircha koronavirusga qarshi emlanmayotgani bilan izohlashmoqda.

«Biz barcha yosh guruhlari bo‘yicha, ayniqsa besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda kasallanish ko‘rsatkichi keskin o‘sib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Besh yoshgacha bolalar orasida kasallanish ko‘rsatkichi hozirda 60 yoshdan kattalar o‘rtasidagi kasallanish ko‘rsatkichidan keyingi ikkinchi o‘rinda», degan Yuqumli kasalliklar milliy instituti xodimi Vasila Jassat.

Shu kunlarda janubiy afrikalik olimlar koronavirusni boshdan kechirganlar «omikron» bilan to‘qnashgach, yana virusni yuqtirib olishi ehtimoli «delta» yoki «beta» variantlaridagidan ko‘ra uch barobar yuqori ekanini xabar qilishgandi.

Hozircha yangi shtamm bilan bog‘liq holatlarning aksarida yengil simptomlar kuzatilayotgan bo‘lsa-da, Mishel Grum nisbatan og‘irroq simptomlar bir necha haftadan keyin ommaviy tarzda namoyon bo‘la boshlashi mumkinligidan ogohlantirgan.

Foto: Getty Images

AQShga kirish uchun testni 24 soatdan kechiktirmasdan topshirish talab etiladi

Prezident Jo Bayden ko‘plab shtatlarda koronavirusning yangi varianti «omikron» aniqlanganidan keyin AQShga kirish qoidalarini kuchaytirdi.

Kelasi haftadan boshlab, AQShga keluvchi barcha, jumladan, mazkur davlat fuqarolari ham emlanish holatidan qat'i nazar ketishdan kamida 24 soat oldin koronavirus testini topshirishi kerak. Laboratoriya testlari zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, ko‘pincha ko‘proq vaqt oladi yoki narxi qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Jo Bayden vaksinaning buster dozasini 40 million nafarga yaqin amerikalik olganini ma'lum qildi

Poyezd, samolyot va avtobuslarda niqob taqish mart oyi o‘rtasigacha majburiy bo‘ladi.

AQShda koronavirusning yangi varianti bilan bog‘liq 10ta holat qayd etildi. Nyu-York shtatida yangi variant besh kishida aniqlangan. Havayida yangi shtamm so‘nggi vaqtlarda hech qayerga bormagan va koronavirusga qarshi emlangan kishida aniqlangan. Bu virus mahalliy aholi orasida tarqala boshlaganini anglatadi. Barcha holatlarda kasallik belgilari yengil bo‘lgan.

Avvalroq Afrika janubidagi sakkizta mamlakatdan AQShga kirish vaqtincha taqiqlangandi. Epidemiologlar bu «omikron» xususiyatlarini o‘rganish uchun vaqtdan yutish imkonini berishini aytishmoqda.

Kuchli mutatsiyaga uchragan variantning yuqishi qay darajada kuchliligi va unga qarshi vaksinalar qanchalik samarali ekani hozircha noma'lum.

AQSh qish mavsumida kasallanish holatlari ko‘payishidan xavotirlanib, katta yoshdagi aholini vaksinaning buster dozasini olishga chaqirmoqda. Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, qariyb 40 million amerikaliklar qo‘shimcha dozani olgan, biroq 100 millionga yaqin kishi bu imkoniyatdan hali foydalangani yo‘q. 

Olimlar tromblar hosil bo‘lish mexanizmini aniqlashdi 

Olimlar Oxford-AstraZeneca ukolidan keyin kam hollarda tromblar paydo bo‘lishiga olib keladigan mexanizmni aniqlashga muvaffaq bo‘lindi deb hisoblashmoqda.

Uels va AQSh olimlari jamoasi vaksinaning asosiy tarkibiy qismi qondagi oqsilni qanday qilib o‘ziga tortishini namoyish etishdi. Ular bu immun tizimi ishtirokidagi zanjirli reaksiya ishga tushishiga olib keladi deb hisoblashyapti.

AstraZeneca vaksinasi qariyb million kishining hayotini saqlab qolgan deb hisoblanadi. Biroq ukoldan keyin hosil bo‘lishi ehtimoli mavjud bo‘lgan tromblar borasidagi xavotir ko‘plab mamlakatlarda, ayniqsa, Pfizer va Moderna preparatlari narxi arzonlashganidan keyin uning o‘rniga boshqa vaksinalar qo‘llanishiga olib keldi. 

Kardiffdagi olimlar qon ivishi sabablarini aniqlash uchun hukumatdan shoshilinch mablag‘ oldi. Ilk natijalar paydo bo‘lgach, ularga AstraZeneca mutaxassislari ham qo‘shildi. 

AstraZeneca vakili tromblar vaksina tufayli emas, balki koronavirus sababli yuzaga kelishi ehtimoli ko‘proq ekanini ta'kidladi. Ular nima uchun paydo bo‘lishi borasida to‘liq tushuncha hali aniqlanmagani qo‘shimcha qilindi.

«Tadqiqot to‘laqonli javob bermasa ham, u qiziqarli g‘oyalarni taklif etadi. AstraZeneca favqulodda kam uchraydigan mana shu nojo‘ya ta'sirni bartaraf etish bo‘yicha harakatlarimiz doirasida ushbu natijalardan foydalanish yo‘llarini o‘rganmoqda», dedi u.

Ko‘plab vaksinalar immun tizimini mashq qildirish uchun odam organizmiga koronavirus irsiy kodi bir qismini kiritadi. AstraZeneca shu maqsadda adenovirusdan foydalandi (xususan, shimpanzening shamollash virusi).

Tadqiqotchilar adenovirus tromblar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb hisoblashdi. Shuning uchun krioelektron mikroskopiya usuli yordamida ular molekulyar darajada adenovirusning batafsil tasvirini olishdi.

Ularning Science Advances jurnalida e'lon qilingan tadqiqoti adenovirusning tashqi yuzasi o‘ziga «trombotsitli 4 omil» oqsilini (qon ivishiga yordam beruvchi modda) magnit kabi o‘ziga tortadi.

Olimlarning fikriga ko‘ra, organizm ushbu trombotsitlarni begona adenovirusning bir qismi hisoblab, ularga hujum qila boshlaydi. Shu tariqa, qonga antitana ajrab chiqadi, ular trombotsitlar bilan to‘planib, xavfli qon ivishini yuzaga keltiradi.

Biroq buning uchun o‘ziga xos holatlar majmui talab etiladi. Bu esa nima uchun qon ivishi kam hollarda hosil bo‘lishini tushuntiradi. Buyuk Britaniyada AstraZeneca’ning qariyb 50 million dozasiga vaksina trombozi bilan bog‘liq 73ta o‘lim holati to‘g‘ri keladi.

Yevropada majburiy emlash haqida o‘ylashmoqda

Yevropa ittifoqi mamlakatlari Covid-19’ga qarshi kurashda majburiy emlash imkoniyatini ko‘rib chiqishlari kerak, deb hisoblaydi Yevrokomissiya rahbari.

Ursula fon der Lyayyen vaksinalar «omikron»ning yangi variantiga qarshi kurashda hal qiluvchi ma'noga ega bo‘lishini ma'lum qildi.

Yangi variant paydo bo‘lishi bilan YeI sayohatlarga cheklovlarni kuchaytirdi. Biroq fon der Lyayyen YeI aholisining uchdan biri hali emlanmagani hisobga olinsa, blok a'zolari uchun koronavirusga qarshi majburiy emlanishni muhokama qilish «tushunarli va o‘rinli» deb hisoblaydi. 

Germaniyada emlanmaganlar uchun lokdaun joriy etiladi

Germaniyada Rojdestvo yarmarkalariga faqat vaksina olganlar va koronavirus bo‘lib tuzalganlar kiritiladi

Germaniyaning lavozimdan ketayotgan kansleri va uning vorisi Olaf Shols vaksina olmaganlar uchun milliy lokdaun haqida e'lon qilishdi. Emlanmagan va koronavirusni boshdan o‘tkazgani haqida sertifikatga ega bo‘lmaganlarga dorixonalar, oziq-ovqat do‘konlari va nonvoyxonalardan tashqari boshqa jamoat joylariga borish taqiqlanadi.

Gap nafaqat bino ichkarisiga kirish, balki bino tashqarisida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida ham ketyapti.

Emlanmaganlarga Rojdestvo yarmarkalariga borish taqiqlanadi. Shuningdek, ular kontaktga kirishishi mumkin bo‘lgan odamlar soniga cheklovlar joriy etiladi. Yangi qoidalar bo‘yicha, emlanmaganlar boshqa uy xo‘jaligidagi ikki odam bilan uchrashishi mumkin.

Mamlakatda Bundesliga o‘yinlari va konsertlar o‘tkazilishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yig‘ilishlarga cheklovlar joriy etilmoqda. Haftalik kasallanish 100 ming kishiga 350ta holatdan oshgan tumanlarda tungi klublar yopiladi.

Yangi yil arafasida odamlar to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun salyutlar ham taqiqlanadi.

«Butun mamlakat bo‘ylab madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarga faqat vaksina olganlar yoki koronavirusga chalinib, tuzalganlar borishi mumkin», deya ma'lum qildi Angela Merkel.

Bundan tashqari, rasmiylar majburiy vaksina joriy etishni muhokama qilishmoqda. Agar parlament ana shunday qonun qabul qilinishi uchun ovoz bersa, u 2022 yilning fevral oyida boshlanishi mumkin.

Germaniyada emlanish darajasi hozirda 70 foizdan kamroq ko‘rsatkichni tashkil etyapti. Mamlakatda kasallanish o‘sishi pandemiya boshidan beri rekord darajaga yetdi. Kasalxonalar bong urmoqda: ko‘p shifoxonalar to‘lgan va bemorlarni davolash uchun boshqa mamlakatlarga yuborishga majbur bo‘lishmoqda. So‘nggi kunda Germaniyada koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 73 209ta yangi holat qayd etilgan.

«Qarorlarimiz vaziyat juda jiddiy ekanini aytyapti», dedi Merkel. Yangi qoidalar «minimal standartlar» sifatida qaralishi kerakligi, har bir o‘lka shaxsiy, qat'iy choralarni joriy etishi mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

«Vaksina borasidagi notenglik»

Buyuk Britaniya kelasi ikki yilda vaksinaning 114 million dozasini sotib olish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Ayni vaqtda qashshoq mamlakatlar eng zaif qatlamlar uchun birinchi emlashni ta'minlay olmaydi, deb ogohlantirdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbarlaridan biri, doktor Maykl Rayan.

Sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ijrochi direktor Rayan busterlarning sog‘lom odamlar uchun foydasi borasida hech qanday isbot unga ma'lum emasligini ta'kidladi.

Buyuk Britaniyada qayta emlash dasturini tezlashtirish borasidagi savolga u quyidagicha fikr bildirdi: «Vaksinalar miqdori juda ko‘p bo‘lgan ayrim mamlakatlarga kimni emlash masalasini hal etish qiyin. Biroq ko‘plab mamlakatlarda bu muammo emas – u yerda eng zaif qatlamga ham vaksinaning birinchi dozasini qila olishmaydi».

Rayanning fikriga ko‘ra, hozirda asosiy vazifa vaksinani barcha zaif kishilar, keksalar, yondosh kasalliklari bo‘lganlarga zudlik bilan taklif etishdan iborat. Ana shunda har bir odam emlanishning hech bo‘lmaganda birlamchi kursini o‘tashi kafolatlanadi.

Mavzuga oid