O‘zbekiston | 10:50 / 09.12.2021
17725
7 daqiqa o‘qiladi

«Matritsa» - dunyoni o‘zgartirgan trilogiya

Videodan kadr

1999 yilda dunyoda ekzistensial inqiroz (hayotdan ma'no topolmaslik) epidemiyasi avj oldi — tobora ko‘proq odamlar dunyo va bizni o‘rab turgan olamning haqiqiyligi, fan va ommaviy axborot vositalari bizga berayotgan ma'lumotlari haqqoniyligi haqida bosh qotira boshladi. Ushbu epidemiya bugungi kungacha davom etmoqda. Bunga aka-uka Vachovskilarning trilogiyasi — «Matritsa» sabab bo‘ldi va u nafaqat odamlar ongini, balki butun kino va media sanoatini o‘zgartirdi.

2021 yil 9 sentabr kuni filmning 4-qismi — «Matritsa: Tirilish» premerasi treyleri namoyish qilindi. Innovatsion voqelikka boy mazkur treyler, undagi zamonaviy maxsus effektlar va bosh rolni Kianu Rivzning o‘zi ijro etgani barcha kino muxlislarini hayajonga soldi.

«Matritsa»ning yutuqlari

Warner Brothers kompaniyasi suratga olgan trilogiyaning birinchi filmi kinematografiyaning eng nufuzli 16 sovrini, shu jumladan 3 Oskar bilan — «Eng yaxshi maxsus effektlar», «Eng yaxshi musiqa» va «Eng yaxshi montaj» uchun taqdirlangan. Bundan tashqari, «Matritsa» tarixda DVD versiyasi million nusxada sotilgan ilk filmdir. Buning siri nafaqat reklama, texnologiya va filmning o‘ziga xosligida, balki «Replayability» ta'siri — filmni qayta-qayta tomosha qilishga undash xususiyatida hamdir. Film qayta ko‘rilgani sayin ko‘proq tafsilotlar va yashirin ishoralar oshkor bo‘laveradi, film qiziqroq tuyulaveradi.

«Matritsa» muvaffaqiyatining sababi nimada?

Aka-uka Vachovskilar «Matritsa»si — bu biz uzoq vaqt oldin bilgan, lekin birinchi marta ustalik bilan bir ssenariyaga jamlangan syujyetlarning mohirona sintezi. Bu yerda Aflotunning «G‘or allegoriyasi», Kerollning oq quyoni, Oruellning antiutopiyasi, Davra stoli ritsarlari, simulyatsiyalar va simulakrlar, Fassbinderning «Tarmoqdagi dunyo» trilleridagi telefon budkalari va «Tig‘ ustida yugurish»dagi ruh paradokslari raqamli hikoyaning syujyetiga birlashtirilgan.

Ushbu qorishmaning ijodiy bezaklari 1990 yilning eng mashhur ko‘ngilochar kinojanrlari: Hongkong jangovar filmlari, zulmatli nuar, oliyjanob antiutopiya, zanglagan kiberpank, paranoid triller, tarbiya romani, Anime klassikasiga havola bilan qurbonlik sevgisi xronikasi va boshqalardan ilhomlangan holda yaratilgan. Bosh qahramon Neo roli uchun aktyor muvaffaqiyatli tanlangan: tomirida turli millatlar qoni qo‘shilgan Kianu Rivz ongimizda shakllangan kelajak fuqarosini ifodalaydi.

Film tomoshabinni Yer yuzi insonlar va mashinalar urushi natijasida deyarli vayron bo‘lgan ehtimoliy kelajakka olib boradi. O‘zi uchun boshqa energiya manbaini ixtiro qila olmagan superkompyuterlar energiya manbai sifatida odamlardan foydalanadi. “Batareya-odamlar” sivilizatsiya xarobalarida qurilgan ulkan issiqxonalarda o‘simlik kabi parvarishlanadi. Dunyo esa bu odamlar uchun – jamoaviy illyuziya: “batareyka”lar aqldan ozmasliklari yoki dahshatdan nobud bo‘lmasliklari uchun ularning ongiga normal hayot obrazi kiritiladi – ular ishga borishadi, oila qurishadi... Aynan shu — matritsadir.

«Matritsa» Hollivudda nimani o‘zgartirdi?

«Matritsa» blokbasterlarni suratga olish uchun «tasdiqlangan» rejissyorlar monopoliyasiga barham bergan va festival rejissyorlariga qimmatbaho filmlar sari yo‘l ochgan filmlardan biri bo‘ldi. Aka-uka Vachovskilar jangari filmlar falsafa bilan uyg‘un bo‘lishi mumkin ekanligini, ekshn-filmlarning har bir kadrida yigirma yildan keyin ham tomoshabinlarni hayajonga soladigan jumboqni qoldirish mumkinligini butun dunyoga ko‘rsatdi.

«Matritsa»ning o‘ziga xosligi shundaki, undagi barcha fantastik voqealar haqqoniy ko‘rinadi.

Videodan kadr 

Filmda kompyuter grafikasi biz o‘ylagandan ancha kam. Neo va Trinitining Morfius saqlanayotgan binoning kiraverishidagi uch daqiqalik olishuvi uchun o‘n kunlik mehnat, katta miqdorda dinamit, gilza va granit plitkalari sarflangan.

Mish-mishlarga ko‘ra, favvora yonida olomon ichidagi qizil ayol sahnasini suratga olish uchun film ijodkorlari haqiqiy egizaklarni izlashgan. 

Videodan kadr 

«Matritsa» «bullet time» (“o‘q uchish vaqti”) texnologiyasi — kameraning dinamik harakati bilan kadrning sekinlashtirilishini qo‘llagan ilk film edi. Ushbu effektga sahna atrofida har bir harakatni suratga oluvchi statik professional fotoapparatlar va ikki videokameradan ulkan doira hosil qilish orqali erishilgan. Va, albatta, «Matritsa» butun dunyoni qora kiyim kiyishga va jangovar sahnalar uchun professional rejissyorlarni — yaxshisi Hongkongdan yollash kerakligini o‘rgatdi.

Videodan kadr 

Filmning barcha sahnalarida ham kaskadyorlardan foydalanilmagan, shuning uchun Kianu Rivz va Hyugo Uiving jarohatlar olishgan. Fishbernning Neo bilan sparringi vaqtida raqsga tushishini esa yigirma yildan keyin ham hayrat bilan tomosha qilish mumkin.

Ushbu film haqida gapirar ekanmiz, unga Oskar mukofotini olib kelgan betakror montajni ta'kidlamay bo‘lmaydi. Kadrlarning real voqelikdan xayolot olamiga o‘tishi bir maromda va mutanosib, aynan montaj va ranglar korreksiyasi ushbu filmda barchamizga ma'qul bo‘lgan voqelik muhitini yaratgan.

Bu daryoga 4 marta tushish mumkinmi?

2021 yil 22 dekabrda dunyoning barcha kinoteatrlarida 4-qism — «Matritsa: Tirilish» premerasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu filmdan nimani kutish kerak va kinoepopeyaning ikkinchi va uchinchi qismlari muxlislarning umidlarini oqlamaganini hisobga olsak, qaytish muvaffaqiyatli bo‘ladimi? Ko‘ramiz.

Hozircha faqat aytish mumkinki, 4-qismda bosh qahramonlar Neo va Triniti rolini Kianu Rivz va Kerri-Enn Moss o‘ynashi muxlislarni xursand qildi. Jamoaning qolgan qismi yangi aktyorlardan iborat. Kutilganidek, «Matritsa 4» syujyeti haqida juda kam ma'lumot oshkor qilingan. 

Mavzuga oid