Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Omikron bo‘yicha ilk tadqiqot: yangi variant mavjud vaksinalarni qisman chetlab o‘tishi mumkin
JAR, Germaniya va Shvetsiyadagi laboratoriyalar kasallikni boshdan kechirgan va emlanganlarning plazmalari omikron variantini qanchalar zararsizlantirishini tekshirish bo‘yicha sinov natijalari haqida xabar berdi. Uch holatda ham olimlar omikron antitanalarni eng keng tarqalgan delta variantiga qaraganda muvaffaqiyatliroq chetlab o‘tganiga guvoh bo‘lishgan.
Koronavirusning yangi varianti hozirda koronavirusga qarshi mavjud vaksinalarni qisman chetlab o‘tishi mumkin. Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida omikron antitanalar ta'minlaydigan himoyani delta variantiga qaraganda muvaffaqiyatliroq yengishi bo‘yicha hech qanday belgilar mavjud emasligini aytishmoqda. U yerda mavjud vaksinalar avvalgidek kasallik og‘ir kechishidan himoya qilishi kerakligini tasdiqlashyapti.
JAR tadqiqotchilari Pfizer/BioNTech vaksinalari bilan emlangan 12 ishtirokchidan 14ta plazma namunalarini olishdi va plazmaning omikronni neytrallashtirish qobiliyatini tekshirishdi.
Aniqlanishicha, omikron antitanalarni eng keng tarqalgan delta variantiga qaraganda muvaffaqiyatliroq chetlab o‘tgan. Umuman olganda, Pfizer/BioNTech vaksinasi omikronga qarshi 2019 yilda Xitoyda aniqlangan koronavirus shtammiga qarshi 40 marta kamroq neytrallashtiruvchi antitanalar bergan.
Biroq antitanalar soni keskin kamayishiga qaramay, omikron vaksina himoyasini butunlay chetlab o‘ta olmadi. Koronavirusni boshdan kechirgan kishilar va vaksinaning barcha dozalarini olgan kishilarda esa antitanalarning nisbatan yuqori darajasi saqlangan.
Ilk xulosalar
Janubiy Afrika tadqiqoti hali ilmiy retsenziyadan o‘tmadi. Biroq hozirning o‘zidayoq ayrim xulosalarni berishi mumkin.
«Olimlar antitanalarning yangi variantni neytrallash qobiliyatida ayrim susayishni payqashdi. Biroq omikron ulardan butunlay qochib ketolmaydi», deya tushuntiradi tadqiqotga rahbarlik qilgan Afrika sog‘liqni saqlash ilmiy-tadqiqot instituti virusologi, professor Aleks Sigal.
«12 kishining qon tahlillariga asoslangan natijalar men omikrondan kutgan natijalarga qaraganda yaxshiroq. Mavjud vaksinalar kasallikning og‘ir kechishi va kasalxonalarga yotqizish nuqtayi nazaridan hozirgi vaqtga qadar aniqlangan mutatsiyalarga qarshi o‘z samarasini ko‘rsatdi. Hozircha omikron boshqacha bo‘ladi, deyish uchun sabab yo‘q», deydi JSST favqulodda vaziyatlar bo‘limi direktori Mark Rayan.
Professor Sigal avvalroq boshdan kechirilgan kasallik bilan birgalikda emlanish yangi variantni neytrallashga qodir, bu esa buster dozalar kasallik og‘ir kechishiga qarshi yaxshi himoyani ta'minlashi mumkinligini anglatadi, deb hisoblaydi.
Pfizer/BioNTech vaksinasi omikrondan qanchalik yaxshi himoya qilishi borasida qo‘shimcha ma'lumotlar yaqin kunlarda paydo bo‘lishi kutilyapti. Yangi variantga boshqa vaksinalar ta'siri borasida tadqiqotlar hozircha yo‘q.
Avvalroq Pfizer rahbari Albert Burla tadqiqot bo‘yicha ilk ma'lumotlarga asoslanib, Pfizer/BioNTech vaksinasining uchta dozasi omikronga qarshi yuqori darajadagi himoyani ta'minlashini ma'lum qilgandi. Shunga qaramay, mavjud vaksina yetarlimi yoki yangisini ishlab chiqishga to‘g‘ri kelishini tushunish uchun bir necha hafta talab etiladi.
Tahlil: ko‘proq ma'lumot kerak
Mishel Robers, BBC
Bu kichik tadqiqotdan olingan xulosalar olimlar kutgan natijalarga qisman mos keladi. Biroq ilk laborator natijalar mavjud vaksinalar odamlarni qay darajada yaxshi himoya qilishi borasida hali ham aniq javob bera olmaydi.
Virusning hujayralarga singishini to‘xtatish uchun unga yopishadigan neytrallashtiruvchi antitanalar immun javobning bir qismi sanaladi, xolos.
Vaksinalar yoki kasallikni boshdan o‘tkazganlik ham bizni virusdan himoyalovchi T hujayralarni ishga tushiradi.
Yaqin haftalarda olimlar butun dunyoda yangi variantni qancha odam yuqtirgani, kasallikni qanchalik og‘ir kechirgani va vaksina olgan yoki olmagani borasida ko‘proq ma'lumot to‘plagach, vaziyat oydinlashadi.
Mavzuga oid
19:02 / 10.08.2023
JSST koronavirusning yangi «Eris» turi haqida xabar berdi
18:41 / 09.01.2023
Virusologlar yangi turdagi «kraken» koronavirusining xususiyatlarini ma’lum qilishdi
10:25 / 04.12.2022
SSV: O‘zbekistonda omikronning yangi varianti dominant versiyaga aylandi
14:05 / 21.10.2022