20:40 / 09.12.2021
26166

Qarshi shahridagi abgor yotoqxona xususiy mulk bo‘lib chiqdi

8 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi nogironlar va ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar yashab kelayotgan umumiy yotoqxona binosining ahvoli aks etgan suratlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri holatni joyiga borib o‘rgandi va rasmiylardan izoh so‘radi.

6-mikrotumandagi binoning birinchi qavatida «Shodlik» MFY idorasi va profilaktika inspektori xonasi joylashgan. Binoning fuqarolar yashayotgan ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qavatlarining umumiy ahvoli haqiqatan ham o‘ta ta'mirtalab va achinarli ahvolda. Na kanalizatsiya, na issiq suv bor.

Binoda yuvinish xonasi va hojatxona mavjud emas. Bino ichini zax bosgan. Isitish tizimi yo‘q. Yotoqxonadagi fuqarolarning so‘zlariga ko‘ra, ularning ayrimlari 15 yildan beri shu yerda istiqomat qilib keladi. Boshqalari 10 yil, 6 yildirki shu binoda kun kechirmoqda. Ammo ular bu yerga ro‘yxatga qo‘yilmagan.

Ma'lum bo‘lishicha, binoda jami 120 ta xona bor, shundan 18 tasi yordamchi xonalar (oshxona, yuvinish xonasi, omborxona), 102 tasi yashashga mo‘ljallangan xonalar. Bugungi kunda 64 ta xonada fuqarolar yashab kelmoqda.

Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari G‘ayrat Sultonovning ma'lum qilishicha, bino muqaddam “Qarshi stroy” birlashmasiga qarashli yotoqxona bo‘lgan, keyinchalik xususiylashtirilgan. Mulk 2019 yildan buyon tadbirkor Anvar Jovliyevga tegishli, lekin u binoning xususiylashtirilganidan keyingi birinchi egasi emas. Sultonovning aytishicha, binoning avvalgi egalari o‘z paytida binodan mehmonxona sifatida ham foydalangan, ayrimlari odamlarga saxovat qilish maqsadida yashashga joy bergan.

“Lekin xayr-saxovat sabab binoga kirib olgan odamlar shu yerda joylashib olishgan”, – deydi hokim o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor viloyatning turli hududlaridan kelib joylashib olgan fuqarolarni yotoqxonadan chiqarib yubora olmagan.

Hokimlik rasmiysi bino tadbirkorning qonuniy va xususiy mulki ekani, shu bois uni budjet hisobidan ta'mirlash maqsadga muvofiq emasligini bildirdi.

Viloyat hokimligi mas'ullariga ko‘ra, 2022 yilda ikkita ijtimoiy yotoqxona ta'mirlanib, bu xaroba binoda yashab kelayotgan fuqarolar o‘sha yotoqxonalarga ko‘chirilishi rejalashtirilmoqda.

Biz Qashqadaryo viloyati hokimligi bu yerdagi odamlarni shu ahvolda tashlab qo‘ymasligi haqidagi va'dasini bajarishidan umid qilib qolamiz.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri

Top