Jahon | 18:40 / 09.12.2021
19519
8 daqiqa o‘qiladi

Qashshoqlik, umidsizlik va erta nikoh. Afg‘onistondagi qizlar maktab haqida orzu qilyapti va kelajakdan qo‘rqmoqda

Joriy yil avgustida hokimiyatga toliblar kelgan vaqtdan boshlab, Afg‘onistondagi qizlar yuqori sinflarda o‘qishni davom ettirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Toliblar ayollar ta'limining yangi tizimi ustida ish olib borayotgani, ana shundan keyin yosh afg‘on qizlari bilim olish uchun o‘z partalariga qaytishi mumkinligiga ishontirmoqda. Biroq BMTning Ayollar ishlari bo‘yicha agentligi Afg‘onistondagi ayollar huquqlari katta ehtimol bilan butunlay yo‘qotilgan, deb hisoblaydi.

Foto: Reuters

“Ta'lim olish imkoniyati mavjud emasligi o‘lim hukmiga teng”, deydi shimoli-sharqdagi Badaxshon viloyatidan bo‘lgan 15 yoshlik Mina. Uning so‘zlariga ko‘ra, dugonalari kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan.

BBC jurnalistlari Afg‘onistonning 13ta viloyatidan bo‘lgan maktab o‘quvchi qizlari va o‘qituvchilari bilan suhbatda bo‘lishdi. Ayni kayfiyat hamma yerda hukm suryapti.

“Biz uydagi ishlardan boshqa hech nima qilmayapmiz. Bir yerda qotib qolganga o‘xshaymiz”, deya o‘z fikrlari bilan bo‘lishadi 16 yoshli Laylo. Uning Tahor viloyatidagi maktabi toliblar hukumatga kelganining ilk kunidayoq yopilgan.

Toliblar kichik maktab yoshdagi qizlargagina maktabga borishga ruxsat berdi. Foto: Reuters

Mamlakatdagi maktab o‘qituvchilarining ko‘pchiligi iyun oyidan beri maosh olmayapti. Ular maktablar yopilishi qizlarning ma'naviy va jismoniy holatiga qattiq ta'sir qilganini aytishyapti.

O‘qituvchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtdan beri uning uch nafar voyaga yetmagan o‘quvchisini turmushga berishdi. O‘qituvchi doimiy ravishda uyda bo‘lgan qizlar ota-onasi uchun ortiqcha yuk bo‘lgani tufayli bu holat yana davom etishidan xavotirda.

“O‘quvchi qizlar tushkun ahvolda, ular ma'naviy va ruhiy jihatdan aziyat chekmoqda. Men ularga umid berishga urindim, biroq bu og‘ir. Ularning hayoti qayg‘u va umidsizlikdan iborat”, deydi o‘z tarbiyalanuvchilari bilan WhatsApp orqali aloqada bo‘lgan Kobuldagi maktab direktorlaridan biri.

Shuningdek, o‘qituvchilarning so‘zlariga ko‘ra, boshlang‘ich sinf yoshidagi qizlarga ta'lim olish uchun ruxsat berilgan bo‘lsa ham davomat xavotirli darajada pasaygani kuzatilmoqda.

Bu so‘nggi bir necha oyda afg‘onlarning qashshoqlik darajasi ortgani, shuningdek, xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani bilan izohlanadi. Ota-onalar qizlarini maktabga yubora olmayapti yoki yuborishdan cho‘chiyapti.

«Tolibon»ning kelishi qizlarning maktablarga qatnashiga qaysi hududlarda qay darajada ta'sir ko‘rsatdi

Toliblar ayollar o‘rta ta'limi taqiqlanishi – to‘liq va muddatsiz ekanini tasdiqlamayapti. BBC’ga bergan intervyusida ta'lim vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul Hakim Hikmat bu vaqtinchalik chora ekani va yangi ta'lim tizimi ishlab chiqilib, ma'qullanguniga qadar davom etishini ma'lum qilgan.

Afg‘onistonning ayrim tumanlarida jamoatchilik vakillari va toliblar o‘rtasidagi muzokaralar natijasida ayollar o‘rta maktablari ish faoliyatiga qaytgani to‘g‘risida xabarlar bor.

Ayrim o‘rta maktablar qizlar uchun ham ochiq bo‘lgan hududlar

Balx viloyati markazi – Mozori Sharifdagi maktab direktorlaridan birining aytishicha, uning muassasasi odatiy rejimda ishlayapti va qizlar darslarga qatnayapti.

Shu bilan birga, ana shu shahardan bo‘lgan bir qizning BBC’ga aytishicha, qurollangan toliblar guruhi ko‘chalarda o‘quvchi qizlar yoniga kelib, ularning kiyimlari soch va og‘izni to‘liq berkitganini tekshiryapti. Qizning so‘zlariga ko‘ra, dugonalarining qariyb uchdan ikki qismi qo‘rqqanidan maktabga bormay qo‘ygan.

“Uydan chiqqanimizdan keyin hayotimiz – faqat o‘z qo‘limizda. Bizni hech kim himoya qilmaydi. Ko‘chada hech kim kulmaydi. Biz qo‘rquvdan titraymiz”, deydi u.

Turli viloyatlardan bo‘lgan 3 nafar direktorning BBC’ga hikoya qilishicha, xavf-xatarni o‘z zimmalariga olgan holda maktabni ochishga harakat qilishgan, biroq ertasi kuni ularga uyga ketish buyurilgan. Ulardan birining aytishicha, qizlar deyarli har kuni yangilik ilinjida maktab darvozalari oldiga kelishadi.

Shu bilan birga, barcha yoshdagi o‘g‘il bolalarga sentabr oyida darslarga qaytishga ruxsat berilgan.

Ayrim o‘quvchilar uydan turib ta'lim olishga harakat qilmoqda. Biroq axborot olish uchun gadjetlar ayrim o‘quvchilardagina mavjud. Qizlarning ko‘pchiligi – kambag‘al oilalardan

Laylo shifokor yoki akusher bo‘lishni istaydi. U barcha o‘quv qurollarni ular yana bir kun kerak bo‘ladi degan umid bilan tartibli saqlayotganini hikoya qiladi. Oilada hech kimga o‘quv qurollariga tegishga ruxsat berilmaydi.

“Kiyimlar, kitoblar, hijob va maktab oyoq kiyimimga qayg‘u bilan qarayman. Ularning bari foydasiz tarzda shkafimda turibdi. Men hech qachon uyda o‘tirishni istamaganman”, deydi Laylo.

Mina jarrohlik kasbida karera qurish haqida orzu qiladi. Biroq qachondir ta'lim olishni davom ettirishi borasida ishonchi komil emas.

U maktab hovlisida dugonalari bilan safda turib, darslardan oldin milliy madhiyani kuylashganini yodga oladi. Quvnoq paytlar edi.

“Ana shu damlarni esga olganimda kelajakka nisbatan qayg‘u va umidsizlikni his etaman”, deydi Mina.

Toliblar maktab ta'limining asosiy sharti – maktab va sinflarning o‘g‘il hamda qiz bolalar uchun qat'iy ajratilishi hisoblanishini ma'lum qiladi. Biroq bunday segregatsiya Afg‘onistonning ko‘plab tumanlarida ancha vaqtdan beri mavjud. Uni barcha yerda joriy qilish bunchalik ko‘p vaqt olmasligi kerak.

Qizlarning o‘rta maktabga qatnashidagi o‘sish

“Tolibon”ning avvalgi hukmronligi davrida, 1996-2001 yillarda ayollar maktab va universitetlarda ta'lim olishi butunlay taqiqlangandi.

BMT va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar toliblarning ritorikasi ancha yumshagan bo‘lsa-da, hozir yana shu maqsadni ko‘zlashidan xavotirda.

BMTning ayollar ishlari bo‘yicha agentligi toliblar kelgan vaqtdan beri Afg‘onistondagi ayollarning holati bo‘yicha ilk hisobotini e'lon qildi. Uning mualliflari joyning o‘zida olingan ko‘plab dalil va axborotni o‘rganib, afg‘on hayotining barcha sohalari – ta'lim, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, jamoat va siyosiy jarayonlarda ayollarning huquqlari to‘g‘risida bong urmoqda.

YUNISEF ham o‘z o‘rnida voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida nikohlar statistikasi keskin o‘sganidan xavotirda. “O‘ylashimcha, ko‘plab o‘quvchi qizlarimiz shunchaki o‘lib ketadi. Yeyishga hech narsasi, isinadigan joyi yo‘q. Siz qashshoqlik darajasini tasavvur ham qila olmaysiz”, deydi Gor viloyati o‘qituvchisi.

Mavzuga oid