O‘zbekiston | 17:43 / 10.12.2021
7325
2 daqiqa o‘qiladi

Kommunal sohadagi monopoliyalar iste'molchilarni asossiz qarzdorlikka kiritib qo‘ygan holatlar aniqlandi

Antimonopoliya qo‘mitasi kommunal xizmatlar, gaz va elektr ta'minoti korxonalari iste'molchilar bilan tuzgan 250 dan ortiq shartnomalarni o‘rganib chiqib, iste'molchilar manfaatlariga putur yetkazilgan 150 ta holatni aniqladi.

Kommunal xizmatlar, tabiiy gaz va elektr ta'minoti sohasida iste'molchilar bilan shartnomalar tuzishda qonunchilik talablari buzilmoqda, bu esa asossiz qarzdorliklarni keltirib chiqaryapti, deya ma'lum qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, qo‘mita tabiiy monopoliya sub'yektlarining 250 dan ortiq shartnomalarini o‘rganib chiqqan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, 150 ta holat (shundan 45% gaz ta'minoti, 15% elektr energiya ta'minoti, 15% issiqlik energiyasi ta'minoti, 15% suv ta'minoti va 10% boshqa sohalarga tegishli) iste'molchilarning manfaatlariga va monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga zid ekani aniqlangan.

“O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi”, – deyiladi xabarda.

Aksilmonopol organ iste'molchilarni muammolarni aniqlashda bevosita ishtirok etishga taklif qildi. Takliflarni 71 207 47 00 raqamiga murojaat qilish yoki [email protected] elektron manziliga yuborish so‘ralmoqda.

Qo‘mitaning bu o‘rganish ishlari shu yil 14 sentyabrdagi “Shartnomaviy munosabatlarni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ijrosi doirasida olib borilmoqda.      

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid