Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Chunki biz “Inson qadri uchun” deb va'da berdik” - Prezident tumanlarga tashrifiga izoh berdi
“Kelajakda hokim yordamchilarining har biri mamlakatga xizmat qiladigan kadrlar bo‘lib yetishadi. Men shunda hokim tanlashga ham, vazir tayinlashga ham qiynalmayman – chunki raqobat bo‘ladi. Raqobat bo‘lgan joyda sifat albatta bo‘ladi”, ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev mehnat ta'limiga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabida bo‘ldi. Ta'lim maskanining sport zali, oshxonalari bilan tanishgan prezident jarayonni yoritib borayotgan OAV vakillari bilan qisqa muloqot qildi.
“Qiyin islohotlarni amalga oshiryapmiz, sizlar ham yonimda yurib barchasini kuzatib boryapsizlar. Mana, oddiy bir maktab misolida ko‘ringlar. Shayxontohurdagi maktab qanday edi-yu, bunisi qanday. Shayxontohurdagi maktabga kirishga odam xijolat bo‘lardi. Vaqtim bo‘lganida bu maktabning oshxonasida bajonidil tushlik qilgan bo‘lardim. Qarang, ishga munosabatni. Axir davlat hamma maktabga bir xil mablag‘ ajratadi, bir xil e'tibor beradi-ku”, – dedi prezident.
Davlat rahbari faqat markaziy hududlar emas, tumanlar va mahallalarga ham bevosita tashrif buyurayotganining sababini izohlab o‘tdi.
“Chunki biz “Inson qadri uchun” deya va'da berdik. Shu bois vaqtim tig‘izligiga qaramay poytaxtdan boshlab har bir tumanga shaxsan o‘zim boryapman. Hozir hokim yordamchilari bo‘yicha tun-u kun ishlayapmiz. Kelajakda bularning har biri mamlakatga xizmat qiladigan kadrlar bo‘lib yetishadi. Men shunda hokim tanlashga ham, vazir tayinlashga ham qiynalmayman – chunki raqobat bo‘ladi. Raqobat bo‘lgan joyda sifat albatta bo‘ladi.
Kecha videoselektorni kuzatdinglar, bitta endokrinologiya sohasining o‘zida qancha muammomiz bor ekan. Biz esa shuncha mutaxassislarimiz bo‘la turib, Endokrinologiya markaziga rahbar topishga qiynaldik. Axir hududimizda yod yetishmasligi, “ikkinchi yurak” deb ataladigan qalqonsimon bez kasalliklari tufayli qancha asoratlar paydo bo‘layotgani hech kimga sir emas-ku. Endi yangi tizim bo‘yicha yuqoridagilar eng quyi pog‘onalargacha tushadi va birorta muammoni nazardan chetda qoldirmaydi. Kerak bo‘lsa, eng zarur tibbiy ko‘riklarni ham mahallalarda tashkil qiladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
20:25 / 06.06.2026
Kalamushlar, yoqimsiz hid va yillab davom etayotgan muammo: Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla ahli yechim kutayotgan holat
17:31 / 26.05.2026
O‘quvchini urgan o‘qituvchi voqeasiga rasmiy baho berildi
08:53 / 23.05.2026
Toshkentda ayrim ko‘chalar vaqtincha yopiladi
20:59 / 05.05.2026