11:57 / 16.12.2021
7234

Jahongir Ortiqxo‘jayev: “Toshkentda ishsizlikdan muammo bo‘lmasligi kerak”

“Men o‘ylayman, Toshkentda ishsizlikdan muammo bo‘lmasligi kerak va barcha kuchlarimizni shunga yo‘naltiramiz”, deydi Toshkent shahar hokimi.

Foto: Oliy Majlis Senati

16 dekabr kuni Senatning yalpi majlisida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 3-chorak yakunlari bo‘yicha hisoboti tinglandi. Unga berilgan savollardan biri bandlik masalasida bo‘ldi. Hokimga ko‘ra, aholini ishga joylash masalasidagi asosiy muammo xizmat ko‘rsatish sohasi ko‘lami torligi bilan bog‘liq. 

“Hozir dunyoda 700dan ortiq xizmat ko‘rsatish sohasi bor, bizda esa 150ta xolos. Ularning ko‘lamini kengaytirish oldimizdagi muhim vazifalardan. Muammo shundaki, bizda xizmat ko‘rsatish sohalarining turlari juda oz. Shu sababli oliy ta’limni bitirganlarning aksariyati o‘z sohalarida ishlay olmayapti. Bunga o‘sha sohalardagi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari tashkil etilmagani xalaqit beryapti.

Fabrikalar va zavodlarda ish joylari bor, ammo oliy ma’lumotli odam u yerlarga ishlash uchun borgisi kelmaydi. Shuning hisobidan har kuni 122 ming odam avtobusga o‘tirib Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga ishlash uchun keladi. Ular fabrika va zavodlarda ishlab, yana viloyatga qaytishadi.

Bizga bir oy ichida xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha prezidentimiz topshiriq berdilar. Dunyoning rivojlangan davlatlari tajribasini o‘rganish, oliy ma’lumotli odamlar xohlagan xizmat turlarini ko‘paytirish orqali ishga joylashtirish imkoniyatlari mavjud.

Hozirda ularning hammasi bilan birma-bir gaplashib chiqyapmiz. Ishlar taklif qilyapmiz. Uquvi yetmayotgan bo‘lsa, Mehnat vazirligi bilan bog‘lanib, “Ishga marhamat” markazlari orqali kasb o‘rgatish va ishga yo‘naltirish yo‘lini qilyapmiz.

Men o‘ylayman Toshkentda ishsizlikdan muammo bo‘lmasligi kerak va buning uchun barcha kuchlarimizni yo‘naltiramiz”, dedi shahar hokimi.

Majlisda aytilishicha, 2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida Toshkent shahrida 24 ming kishidan 36 foizi ish bilan ta’minlangan. Hozirgi kunda hududda 25 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Ulardan 9 mingdan ortig‘iga ma’lum mutaxassisliklar talab etilmaydi. Shuningdek, 2 ming 500dan ortiq fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa ham ish bilan ta’minlanmagan. Ayniqsa, Yunusobod, Yakkasaroy va Uchtepa tumanlarida ish bilan ta’minlash masalasida oqsoqlik avjida. 

Top