Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat dasturlari shakllantirilishini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi
Prezidentning «O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2022 yildan boshlab har yili vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tuman (shahar) hokimlari hamda sektor rahbarlari bilan birgalikda 1 aprelga qadar joylarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasining holatini, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurati va ularning joylashuvini, shuningdek ushbu masalalar bo‘yicha keng jamoatchilik fikrini o‘rganadi.
Moliya vazirligi 1 mayga qadar loyiha-qidiruv ishlarini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni buyurtmalar kesimida shakllantiradi. Vazirlar Mahkamasi 1 iyulga qadar ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritish taklif etilayotgan loyihalarni amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini o‘rganib chiqib, ularning dastlabki manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Hududlar, sohalar va tarmoqlar rahbarlari dastlabki manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalar bo‘yicha loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini 1 noyabrga qadar ekspertizadan o‘tkazish choralari ko‘radi va bu borada ularga shaxsiy javobgarlik yuklatiladi. Kalendar yilining yakuniga qadar kelgusi yillar uchun dastur tasdiqlanib, unga kiritilgan loyihalar bo‘yicha tanlovlar (tenderlar) e’lon qilinadi. Bunda dasturga loyiha (loyihaoldi) hujjatlari ekspertizadan o‘tkazilmagan loyihalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
2022 yil 1 yanvardan boshlab konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
moliyalashtirish manbai aniq bo‘lmaganda, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki hujjatlari qurilish-montaj ishlari bilan bir vaqtda tayyorlanganda, ya’ni parallel ravishda olib borilganda;
pudratchi (loyihachi) tashkilotlar tanlov (tender) o‘tkazilmasdan tanlab olinganda («Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Qurilish-pudrat ishlari bo‘yicha tanlovlar (tenderlar) elektron shaklda o‘tkazilmasdan tuzilgan shartnomalar Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan ro‘yxatga olinmaydi va ushbu shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilmaydi («Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).
Davlat tashqi qarzi (xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari qarz mablag‘lari bundan mustasno) hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda quyidagi majburiy tartibda kompleks ekspertizadan o‘tkaziladi:
qiymati 5 mln AQSh dollari ekvivalentiga teng va undan yuqori bo‘lgan loyihalarning loyihaoldi hujjatlari va ularni ishlab chiqish uchun texnik vazifalar;
qiymati 1 mln AQSh dollari ekvivalentiga teng va undan yuqori bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish bo‘yicha tender hujjatlari;
qiymati 1 mln AQSh dollari ekvivalentiga teng va undan yuqori bo‘lgan, tender hujjatlari kompleks ekspertizadan o‘tkazilmasdan tuzilgan import kontraktlari va ularga qo‘shimcha kelishuvlar.
O‘zbekiston nomidan va uning kafolati ostida jalb qilinadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyiha doirasida loyihaoldi va tender hujjatlari ekspertizasi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi tomonidan xalqaro kelishuvlarga muvofiq tashkil etiladi.
Konsolidatsiyalashgan budjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davlat dasturlarining shakllantirilishi va ijro etilishini, shuningdek ushbu dasturlar doirasida mablag‘lar maqsadli ishlatilishini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi.
Mavzuga oid
08:58 / 25.05.2026
O‘zbekistonda arxiv xizmatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi
18:00 / 06.05.2026
Qurilish obektlari videokamera orqali onlayn nazorat qilinadi
09:54 / 14.04.2026
Yakka uy-joy va kichik binolar qurilishida xususiy nazorat joriy etiladi
15:45 / 19.02.2026