Iqtisodiyot | 19:00 / 17.12.2021
21412
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zgaring, yo‘qsa o‘lasiz” - Biznes konsultant Akmal Nasriddinov kompaniyaning o‘z vaqtida transformatsiya qilinmaslik oqibatlari haqida

Har bir kompaniyaning savdo bo‘limi strukturaning eng muhim bo‘g‘ini sanaladi. Shu sabab “Transformatsiya” ko‘rsatuvining bu galgi sonida transformatsiya jarayonida savdo tizimi, savdoni boshqarish qanday bo‘lishi kerakligi xususida savdo bo‘yicha konsultant va biznes-trener Akmal Nasriddinov bilan suhbat tashkil qildik. Marketbridge va Marketbridge Evens asoschisi bo‘lgan Akmal Nasriddinov 2012 yildan beri O‘zbekiston korxonalariga savdoni oshirish va tizimlashtirish bo‘yicha yordam berib keladi.

— Bugungi kunda O‘zbekiston korxona va firmalarida transformatsiyaga muhtojlik sababi nimada?

— Transformatsiyaning ta’rifida aytiladiki, biron-bir narsani, uning xususiyatlari, strukturasi va ba’zida shaklining tubdan o‘zgarishiga transformatsiya deyiladi. Ya’ni biror jarayonga jiddiy o‘zgartirish kiritish transformatsiyaga olib keladi. Korxona va kompaniyalar ko‘payib raqobat oshishi quvonarli albatta, chunki bozor ochildi degani ham ichki, ham tashqi bozorda mahsulotlaringiz bilan kirib borib, u yerda o‘rin egallash mumkin deganidir.

Shu bilan birgalikda bu qandaydir bir tahdidlarni ham paydo qiladi. Bu tahdidlar kompaniyani transformatsiya qilishni talab etadi. Kompaniya yopilib ketishni istamasa, doim o‘zgarib rivojlantirib turilishi kerak. Biznes doiralarda shunday naql ham paydo bo‘lgan: “Yoki o‘zgaring, yoki o‘lasiz”. Shuning uchun korxonalar o‘zgarishga majbur bo‘ladi.

Yana shuni yodda tutish kerakki, transformatsiya evolyutsion, ya’ni tadrijiy emas, balki revolyutsion tarzda amalga oshiriladi.

Men sizga bir necha misollar keltiraman. Bundan o‘n yillar muqaddam judayam rivojlangan soha bo‘lgan taksoparklar bugunga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotdi, uning o‘rniga Yandeks, Mytaxi kabi kompaniyalar ularni o‘zida birlashtirib yubordi. Yoki boshqa misol, hozir hech kim xalqaro qo‘ng‘iroqlarni biror so‘zlashuv punktlarida amalga oshirmaydi, uning o‘rniga mobil telefon, qolaversa, rivojlangan ijtimoiy tarmoqlar orqali suhbat qilinadi. Biror kompaniya yoki sohaning o‘limiga olib kelmasligi uchun transformatsiyaga harakat qilish lozim bo‘ladi. Transformatsiya kompaniyani butunlay, shaklan o‘zgartirib yuborishi ham mumkin. Yuqoridagi ikki misolda aynan vaqtida transformatsiya qilmaslik ikki sohaning “o‘limi”ga olib kelganini ko‘rish mumkin.

Suhbat davomida, shuningdek tajribali konsultant Akmal Nasriddinovning kompaniyalar uchun o‘zgarishlarning muvaffaqiyatlari hamda tahdidlari, rivojlangan kompaniyalarda ham uchrab turadigan xavfli xatolar va boshqa ko‘pgina qiziqarli mavzularda fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

To‘liq suhbatni yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Ko‘rsatuv homiysi: IDEA

Ko‘rsatuv muallifi va boshlovchi – Abbos Rizkiyev.
Tasvirchi – Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid