O‘zbekiston | 11:30 / 17.12.2021
10956
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i ishdan olindi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 16 dekabr kuni videoselektor tarzidagi yig‘ilishida qo‘mita tizimida murojaatlar bilan ishlash holati tanqidiy tahlil qilindi. Bu haqda qo‘mita axborot xizmati xabar qildi.

Islombek Boqijonov / Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov boshqargan majlisda kun tartibidagi masala yuzasidan hududiy boshqarmalar rahbarlarining hisobotlari tinglangan. Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Jo‘rayev lavozimidan ozod etilgan.

Bunga hududlar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p murojaat Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelishi, ularning aksariyati belgilangan muddatda hal qilinmagani, hududda sohaga oid masalalarni ko‘rib chiqishda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, boshqarma boshlig‘ining mas’uliyatsizligi sabab bo‘lgan.

Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan 14 nafar mas’ulga hayfsan intizomiy chorasi qo‘llangan.

Qayd etilishicha, 2021 yilning 11 oyida qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 6697ta murojaat kelib tushgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,75 baravar ko‘paygan. Shundan Prezident virtual qabulxonasi orqali 4665ta, og‘zaki shaklda 1215ta, to‘g‘ridan to‘g‘ri yozma ravishda 817ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning 5735tasi qanoatlantirilgan, 814tasi tushuntirilgan, 204tasi rad etilgan, 17tasi taalluqliligi bo‘yicha jo‘natilgan.

Mavzuga oid