Jahon | 22:39 / 19.12.2021
12074
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda ko‘prik qulashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi

Foto: TASS

Xitoyning Xubey provinsiyasidagi ko‘prikning bir qismi qulashi oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 8 kishi jarohatlandi. Voqea 18 dekabrda Echjou shahrida yuz bergan.

Ta’kidlanishicha, Shanhay – Chunsin va Datsin – Guanchjou avtomobil yo‘llarini bog‘lovchi ko‘prikning temir-beton ustunlarda turuvchi 500 metrlik qismi bir tomonga qulab, pastidan o‘tuvchi atomobil yo‘liga deyarli 90 daraja burchak ostida turib qolgan.

Voqea oqibatida ko‘prikning ustidagi 3 ta yuk mashinasi u bilan birga pastga qulagan. Shuningdek, pastdan o‘tuvchi avtomobil yo‘lda bir mashina konstruksiya ostida qolib ketgan.

Dastlabki tergov natijalari ko‘prikning qismi unga 198 tonnalik yuk mashinasi kirgandan keyin qulab tushganini ko‘rsatgan. Ta’kidlanishicha, yuk mashinasi og‘irligi transport vositalari uchun ushbu ko‘prik orqali o‘tishga ruxsat berilgan maksimal og‘irlikdan 4 marta ko‘proq bo‘lgan.

Voqea joyida qutqaruvchilar, o‘t o‘chiruvchilar va politsiya xodimlari ish olib borgan. Qutqaruvchilarning 50 kishidan iborat dastlabki guruhi voqea joyiga 20 daqiqa ichida yetib kelgan. Shuningdek, qo‘shni Xuanshi shahridan 80 qutqaruvchi jalb qilingan.

Qulagan ko‘prik 2010 yil sentyabrda foydalanishga kiritilgan bo‘lib, uning uzunligi 731 metrni, eni 13 metrni tashkil qilgan.

Mavzuga oid