16:37 / 21.12.2021
10369

Tarix, bugun va kelgusi rejalar - Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi bilan suhbat

Noyabr oyida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi davlat rahbarlarining Turkiyada bo‘lib o‘tgan yig‘inida Kengash Turkiy davlatlar tashkilotiga aylantirildi. Kun.uz muxbiri tashkilot faoliyati va kelgusidagi rejalar, mintaqa va dunyodagi o‘rni borasida bosh kotib Bag‘dod Amreyev bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: Kun.uz

Turkiy davlatlar tashkilotining shakllanish va rivojlanish bosqichlarini qanday tavsiflagan bo‘lardingiz? “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi” nima sababdan “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb nomlandi?

— Darhaqiqat, bu o‘rinli savol. Turkiy davlatlar tashkilotining xalqaro tashkilot sifatida shakllanish jarayoniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘tgan asrning 90-yillaridan boshlangan rivojlanish bosqichlarini sanab o‘tish lozim deb hisoblayman.

Birinchi bosqich SSSR parchalanganidan va 1992 yilda Anqarada Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston prezidentlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar rahbarlari sammitidan keyinoq boshlandi. 

Mazkur uchrashuvlar samarali bo‘lgani bois prezidentlar bunday sammitlarni o‘tkazish amaliyotini davom ettirdi. 1994, 2001 va 2010 yillarda Istanbul, 1995 yilda Bishkek, 1996 yilda Toshkent, 1998 yilda Ostona, 2000 yilda Boku, 2006 yilda Antaliyada uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Ikkinchi bosqichni hamkorlik mexanizmimizni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish deb atash mumkin. 2009 yilda Naxichevanda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi tashkil etildi. Undan keyingi yillarda biz sohaviy hamkorligimizni institutsiyalashtirish va TurkPA, Turkiy Akademiya va Turkiy tillar madaniyati va merosi jamg‘armasi kabi affillangan platformalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Ushbu bosqich O‘zbekiston to‘laqonli a’zo sifatida kirishi hisobiga tuzilmamizning kengayishi bilan yakunlandi.

Joriy yilning noyabr oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit bilan turkiy oilamiz uchun tashkilotning muhim burilish nuqtasi sifatida yodda qoladigan uchinchi bosqich boshlandi, a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar izchillik va har tomonlama hamkorlikning yangi davriga kirdi.

Turkiy davlatlar tashkiloti Istanbul sammiti

Sammit davomida turkiy davlatlar prezidentlari Turkiy kengash nomini “Turkiy davlatlar tashkiloti” deb o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu uning real salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ahamiyatini oshirish va xalqaro hamjamiyatdagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Darvoqe, nomni o‘zgartirish sababi haqida. Yuridik nuqtayi nazardan, Turkiy kengash hamisha xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib kelgan. Bu o‘zgarish tashkilotning huquqiy tusiga ta’sir qilmaydi. Ammo siyosiy nuqtayi nazardan, bu qadam turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani va butunlay boshqacha mazmun kasb etganini bildiradi.

Avvalgisidan farqli ravishda, hozirgi nom mamlakatlarimiz xalqlarining muhim ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy til, tarix, ko‘p asrlik an’analar, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar bilan tavsiflanadigan yagona xususiyatga mansubligini ta’kidlaydi. Ular shuningdek, umumiy siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar manfaatlar orqali ham birlashgan, bu esa umumiy geosiyosiy, iqtisodiy va madaniy makonda joylashgan mamlakatlar uchun tabiiydir.

Bundan tashqari, ko‘p tarmoqli hamkorlikda erishilgan yutuqlar va turkiy davlatlar rahbarlarining yanada muvaffaqiyatli integratsiyaga bo‘lgan qat’iy irodasi ham tashkilot nomi o‘zgarishiga xizmat qilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin.

Tashkilotga a’zo davlatlar va kuzatuvchi davlatlar o‘rtasidagi farqlar nimada? Tashkilotga turkiy bo‘lmagan boshqa davlatlar a’zo bo‘lishi mumkinmi?

— Ta’kidlab o‘tganimizdek, tashkilotimiz umumiy turkiy o‘ziga xoslikka asoslanadi, turkiylarga xos suveren davlatlargina uning to‘laqonli a’zosi bo‘la olishi mumkin. Hozirda besh davlat tashkilotning to‘laqonli a’zosi, ikki davlat esa kuzatuvchi maqomiga ega.

Qayd etish joiz, boshqa hududiy tashkilotlardan farqli o‘laroq, kuzatuvchilarimiz tashkilot faoliyatida ishtirok etish uchun kengroq vakolatlarga ega. Qoidaga ko‘ra, ular ekspert uchrashuvlaridan tortib, davlat rahbarlari sammitlarigacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlikning deyarli barcha formatlarida ishtirok etadi. Faqat yagona farq shundaki, kuzatuvchi tashkilot qarorlarini qabul qilishda, ya’ni ovoz berishda qatnashmaydi.

Albatta, Turkiy davlatlar tashkilotining xususiyati tarkibni cheksiz kengaytirishga imkon bermaydi va faqat rasmiy tillaridan biri turkiy tillardan biri bo‘lgan davlatlargina kuzatuvchilar bo‘la olishi mumkin. 

Turkiy davlatlar tashkiloti Istanbul sammiti

Shu bois Istanbul sammiti davomida Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorlari to‘g‘risidagi Nizomni ham tasdiqladik va bu bilan tuzilmamiz uchinchi davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan konstruktiv hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga ochiqligini amalda ko‘rsatdik. Endilikda u yoki bu sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga real hissa qo‘shishga tayyor bo‘lgan har qanday davlat hamkor bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda 15 ga yaqin mamlakat tashkilot bilan hamkorlikning turli shakllarini yo‘lga qo‘yish istagini bildirganini alohida ta’kidlamoqchiman. Biz bundan mamnunmiz va buni qadrlaymiz. Bu tashkilotimizning obro‘-e’tiboridan, uning xalqaro nufuzi muntazam oshib borayotganidan dalolat beradi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalar mavjud? Masalan, quruqlik yoki Kaspiy dengizi orqali?

— Tashkilotimiz transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu yo‘nalish yaqinda qabul qilingan “Turk dunyosining nigohi – 2040” strategik hujjatida alohida o‘rin egallaydi.

Barcha sa’y-harakatlarimiz zamirida mamlakatlarimiz transport aloqasini ta’minlash yotadi. Shu nuqtayi nazardan, Transkaspiy xalqaro o‘rta yo‘lagini Sharq va G‘arb o‘rtasidagi eng qisqa, xavfsiz va raqobatbardosh transport bog‘lamasiga aylantirish masalasi muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqin istiqbolda asosiy e’tiborimiz tashkilotga a’zo davlatlarda transport va tranzit tartib-qoidalarini, jumladan, zamonaviy raqamli vositalardan foydalanish orqali yengillashtirishga qaratiladi. Bular, birinchi navbatda, «eTIR», «ePermit» va «eCMR». 2020 yil noyabrida Xalqaro avtotashuvchilar ittifoqi (XAI) bilan hamkorlikda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida “raqamli TIR” pilot loyihasini ishga tushirdik. Kelgusi yil boshida Qirg‘izistonni ham jalb etish orqali ushbu loyihani kengaytirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, biz dunyoda birinchi bo‘lib O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida «ePermit» loyihasini test rejimida ishga tushirdik. Hozirda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda mamlakatlarimizda «eCMR» vositasini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi Turkiya tomoni bilan kelishgan holda ilk marotaba E-Permit tizimidan foydalanib sinov avtokarvonini tashkil etdi

Yana bir vazifamiz – transport hamkorligining huquqiy asoslarini takomillashtirish. Xususan, tashkilot doirasida Kaspiy dengizi orqali transport operatsiyalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qo‘shma tashuvlar to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim loyihasi ustida ishlayapmiz.

Tashkilotimiz shuningdek, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risida shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralar jarayonlariga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Joriy yil aprel oyida mazkur hujjat matnini kelishish uchun ikki davlat ekspert uchrashuvlari tashkil etildi. Tez orada imzolash o‘tkaziladi, degan umiddamiz.

Bevosita transport operatorlari — dengiz va quruqlik portlari, logistika markazlari o‘rtasidagi harakatlarni samarali muvofiqlashtirishni rejalashtirmoqdamiz. Buning uchun biz «Birodarlashgan portlar» mexanizmini yaratdik. Joriy yilda Turkiyaning Mersin porti bilan bir qatorda O‘zbekistonning uchta logistika markazi – Toshkentdagi «Universal Logistics Services», Andijondagi «Axtachi» va Surxondaryodagi «Termiz kargo sentr» logistika markazi mazkur jarayonga qo‘shildi va kelgusi yilda uning navbatdagi uchrashuvini O‘zbekistonda o‘tkazishni mo‘ljallamoqdamiz.

Tashkilot savdo vazirlari yig‘ilishida a’zo davlatlar uchun o‘zaro imtiyozli va erkin savdo rejimlarini o‘rnatish, bojxona tartib-qoidalarini yengillashtirish hamda mavjud tarifli va tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish haqida so‘z yuritildi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Tashkilotlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar Yevropa ittifoqi darajasiga yetishini kutsa bo‘ladimi?

— Oxirgi savolingizdan boshlaylik — iqtisodiy nuqtayi nazardan Yevropa ittifoqi darajasiga erishish. Savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro hamkorlik qilishda a’zo davlatlarimizning ayrimlari allaqachon yagona iqtisodiy hududni yaratishga qaratilgan boshqa integratsiyaviy jarayonlarda ishtirok etayotganidan kelib chiqamiz. Shunga ko‘ra, yaqin istiqbolda bu masala tashkilotimiz kun tartibidan o‘rin olmagan. 

Bunga qaramasdan, «Turk dunyosining nigohi – 2040»da ko‘zda tutilgan uzoq muddatli istiqboldagi asosiy vazifamiz a’zo davlatlar o‘rtasida tovarlar, kapital, xizmatlar, texnologiyalar va odamlarning erkin harakatlanishiga erishishdir.

Shuningdek, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, savdo jarayonini yengillashtirish va mintaqada inklyuziv iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun «Savdoni osonlashtirish strategiyasi» loyihasini ishlab chiqdik. Hujjat ustidagi ishlarni yakunlab, kelgusi yil davomida qabul qilishni maqsad qilganmiz.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo-mamlakatlar vazirlarining uchrashuvi 

Bundan tashqari, siz aytib o‘tgan iqtisodiyot va savdo vazirlarining uchrashuvida xizmatlar va investitsiyalar bo‘yicha erkin savdo rejimi to‘g‘risida bitim tuzish ustida ish olib borishga kelishib oldik. Kelgusi yilda uni imzolaymiz. 

Tovarlarning imtiyozli savdosiga kelsak, mamlakatlarimiz ikki tomonlama asosda bunday shartnomalar tuzish yo‘lidan bormoqda. Masalan, 2020 yilning fevral oyida Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Bu, shubhasiz, bojxona tariflarini pasaytirish, eksport-import operatsiyalari uchun qulay shart-sharoit yaratish orqali o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida ham xuddi shunday hujjat ustida faol ish olib borilmoqda.

Shuningdek, Turkistonda “Turon EIH” birinchi turkiy iqtisodiy hududni tashkil etish ham kun tartibidan o‘rin olgan. Shu bilan birga, Turkiy davlatlar Savdo-sanoat palatasi va Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini faollashtiramiz. Ular chindan ham turkiy mamlakatlarda tadbirkorlikni rivojlantirishning samarali vositalariga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, elektron tijoratni rivojlantirishning huquqiy asoslarini yaratish borasida ish ketmoqda.

Hozirda asosiy sa’y-harakatlarimiz Turkiy investitsiya jamg‘armasi kabi moliya institutlarini yaratish va samarali faoliyat ko‘rsatishiga yo‘naltirilgan. U sarmoyaviy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, kichik va o‘rta biznesni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Ko‘rib turganingizdek, iqtisodiy kun tartibimiz juda boy va serqirra. Eng muhimi, ular to‘liq amalga oshirilishi mumkin va barcha mamlakatlarimiz manfaatlariga birdek javob beradi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida migratsiya tartibini soddalashtirish va ishchi kuchi almashinuvi to‘g‘risida bitimlar imzolanishi mumkinmi?

— Bu masala, ayniqsa, pandemiya davrida juda dolzarb. Migratsiya jarayonlarini tartibga solish borasida zimmamizga katta vazifalar yuklangan. 2020 yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan onlayn sammit chog‘ida davlat rahbarlariga pandemiya tufayli og‘ir ahvolda qolgan turkiy tilli davlatlar fuqarolari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

A’zo davlatlarning tegishli organlari bu vazifalarni bajarishga jiddiy yondashdi. Biz pandemiya sababli sayohatga qo‘yilgan cheklovlar ortidan mamlakatlarimiz hududida qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha sermahsul ishlarni yo‘lga qo‘ydik. Bundan tashqari, fuqarolarni o‘z mamlakatlariga qaytarish uchun maxsus reyslar tashkil etildi.

Albatta, bu xayrli ishlar bilan nafaqat turkiy davlatlar, balki butun dunyo shug‘ullandi. Bu jarayonlarning muhim farqi, a’zo davlatlarning birodarlik va hamjihatlik ruhida jipslashib harakat qilganida.

Migratsiya jarayonlarini tartibga solishga kelsak, birinchi navbatda, a’zo davlatlarning turkiy davlatlar hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarur. Bu viza rejimini soddalashtirish, ishlashga ruxsat olish va sug‘urta va arzon tibbiy yordam bilan ta’minlash orqali ularni ijtimoiy himoya qilishga taalluqli.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida soddalashtirilgan migratsiya tartibining tegishli huquqiy asoslari allaqachon mavjud. Masalan, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari Turkiyada 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga vizasiz qolishlari mumkin. Turkiya fuqarolari esa Qirg‘iziston va Ozarboyjonda 90 kun, O‘zbekiston va Qozog‘istonda 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.

Hozirda migratsiyaning soddalashtirilgan tartibi bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuv imzolashga shoshilinch zarurat yo‘q deb o‘ylayman. Ammo qonuniy mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha bitim imzolash imkoniyati bor. Bu amaliyot O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida mavjud. Ushbu tajribani ko‘p tomonlama shaklda tatbiq qilish fuqarolarimiz uchun juda foydali va zarur deb hisoblaymiz.

Migratsiya jarayonlarining o‘ziga xos tomoni shundaki, fuqarolarimiz boradigan davlat tilini o‘rganishlariga, mahalliy an’ana va urf-odatlarga moslashishlariga to‘g‘ri kelmaydi. Aynan madaniy va lingvistik umumiylik yangi muhitga tez moslashish uchun ulkan imkoniyatlar taqdim etadi.

O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini qanday baholaysiz?

— O‘zbekistonning tashkilotga kirishi turkiy dunyo birligini mustahkamlashda muhim voqea bo‘ldi. Mamlakatning to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishi nafaqat butun turkiy dunyoning tub manfaatlariga javob beradi, balki uning o‘sib borayotgan imkoniyatlari va geosiyosiy joylashuvini hisobga olgan holda tashkilot faoliyatiga kuchli turtki beradi, a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi va Turkiy davlatlar tashkilotining kun tartibini diversifikatsiya qiladi.

O‘zbekiston turkiy dunyoning ajralmas qismi sifatida tashkilotimizni shakllantirishda unga rasman kirishidan ilgari ham ishtirok etib kelgan. U hamisha ma’naviy merosi turkiy-islom sivilizatsiyasining asosiy negizlaridan biri, iqtisodiy va madaniy beshigi bo‘lgan mamlakat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Mamlakatning Turkiy davlatlar tashkilotiga kirishi turkiy dunyo birligini mustahkamlashdagi tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilishi bilan boshqa a’zo mamlakatlarimiz tashkilotga nisbatan o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqdi va uning doirasidagi faoliyatini yanada faollashtirdi hamda ushbu tuzilmaning mintaqaviy manfaatlarini ilgari surishdagi roliga katta umid bog‘lay boshladi.

Bunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning har tomonlama rivojlanib borayotgani ham xizmat qildi. Masalan, O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilganidan keyin mamlakatning Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi bir necha baravarga oshdi. Nihoyat, eng asosiysi, yaqinda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘z strategik munosabatlarini ittifoqchilikning yangi bosqichiga ko‘tardi, bu, nazarimda, tarixiy voqea hisoblanadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil oktabr, 2020 yil aprelda Bokuda, 2021 yil mart oyida Turkistonda va 2021 yil noyabrda Istanbulda bo‘lib o‘tgan sammitlarda ilgari surilgan aniq tashabbuslar tufayli tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ilgari foydalanilmagan imkoniyatlar ochilmoqda. 

O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan pragmatik taklif va tashabbuslar tashkilot doirasidagi hamkorlikning savdo-iqtisodiy va transport-logistika yo‘nalishini mustahkamlashga yordam beradi hamda umumiy tariximizni yanada taraqqiy ettirish va madaniy merosimizni ommalashtirish, shuningdek, turkiy xalqlarning yaqinlashishiga xizmat qiladi.

Masalan, o‘tayotgan yil turkiy dunyo uchun muhim voqealar bilan samarali bo‘ldi. Bunda O‘zbekistonning rolini baholamasdan bo‘lmaydi. Joriy yilning iyun oyida Qo‘qon shahrida turizm vazirlarining 6-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Tomonlar ushbu loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, uni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzish va mamlakatlarimizdagi ziyoratgohlarning turistik xaritasini yaratishga kelishib oldi.

Istanbulda bo‘lib o‘tgan media forum doirasida o‘tkazilgan Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan raqamli ko‘rgazmaning ramziy ochilishi

Bundan tashqari, Qo‘qon shahri ilk bor “Turk dunyosining turistik poytaxti” deb e’lon qilindi. 2022 yil davomida bu shaharning turizm salohiyati va brendini targ‘ib qilish maqsadida a’zo davlatlarimizda keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Joriy yilning sentyabrida O‘zbekistonda ilk bor O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan “Yosh tadbirkorlar forumi”ni o‘tkazdik, unda turkiy mamlakatlardan 250 nafardan ortiq yosh tadbirkorlar ishtirok etdi. Forum doirasida tashkilotimiz yoshlar va sport ishlari vazirlarining 5-yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. 

Xiva shahri “Turk dunyosining madaniy poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan sentabr oyida Xivada “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi, shuningdek, TURKSOYga a’zo davlatlar madaniyat vazirlari doimiy kengashining 38-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

«InnoWeek-2021» innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirdan lavha

Joriy yilning noyabr oyida Toshkentda «InnoWeek-2021» innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Turkiy mintaqada innovatsiyalar va texnologik taraqqiyotning roliga bag‘ishlangan maxsus forum tashkil etish orqali IT-mutaxassislari uchun maydoncha taqdim etdik.

Qolaversa, O‘zbekiston bilan hamkorlikda Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshg‘ariy, Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan anjumanlar singari qator xalqaro tadbirlarni tashkil etdik.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Miromonovich tashabbusi bilan Turkiy davlatlar tashkilotining Alisher Navoiy nomidagi “Turk dunyosi birligiga qo‘shgan hissasi uchun” xalqaro mukofotining ta’sis etilishi muhim voqea bo‘ldi. 

O‘zbekiston kelgusi yilda o‘z faolligini yanada ko‘proq namoyish etadi degan fikrdamiz. Zero, O‘zbekiston tashkilotimizning yangi nom bilan o‘tadigan ilk sammitini o‘zida o‘tkazishni taklif qilgani bejiz emas.

Geosiyosiy nuqtayi nazardan Turkiy davlatlar tashkilotining mintaqada tinch-totuv yashash va umumiy farovonlikni ta’minlashdagi roli va o‘rnini qanday baholaysiz?

— Ekspertlar hamjamiyati va tahliliy doiralar Turkiy davlatlar tashkilotining paydo bo‘lishini Yevrosiyo makonidagi “yangi geosiyosiy voqelik” sifatida baholamoqda. Bizningcha, ham shunday. 

Ha, biz, avvalo, mushtarak turkiy oilamiz – umumiy o‘ziga xoslik asosidagi yaqinlar yig‘inimiz. Bundan tashqari, a’zolarimizning umumiy ehtiyojlariga qaratilgan o‘z kun tartibimiz bor. Biroq mintaqaviy tashkilot sifatida bizning harakatlarimiz xoh davlat yoki tashkilot bo‘lsin, aslo uchinchi tomonga qarshi qaratilmagan. 

Men bu haqda ko‘p marta gapirganman, tashkilotimiz faoliyati davomida tashqi dunyo bilan munosabatlarda hech qanday muammo yoki e’tirozlar bo‘lmagan. Aksincha, tashkilotimiz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish ortib bormoqda. Bu tinch-totuv yashash va farovonlik tarafdori ekanligimizni yana bir bor ko‘rsatib beradi.

Naxichevan bitimida tinchlikni mustahkamlash, mintaqada va butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga birgalikda hissa qo‘shish istagimiz yaqqol ifodalanganiga e’tibor bering. Muhimi shu.

Maqsadimiz – tenglik, o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaatdorlik, o‘zaro maslahatlashuvlar va hamkorlikda rivojlanishga intilish ruhida yaxshi qo‘shnichilik, hamjihatlik va hamkorlikning ulkan salohiyatini ishga solish.

Biz umumiy manfaatlarimiz yo‘lida uchinchi tomonlar bilan pragmatik va konstruktiv hamkorlikka tayyormiz.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Top