Jamiyat | 12:41 / 22.12.2021
9343
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zi kichkina-yu, dardi ko‘p bolam” – yolg‘iz va chorasiz ona farzandining ko‘zlariga nur istaydi

Ma’mura bir emas, bir nechta xastaliklar bilan og‘riyotgan 4 oylik chaqalog‘ini davolatish ilinjida chora izlayapti. Go‘dagining dardiga davo izlayotgan bir paytda ayol turmushning yana bir zarbasiga uchragan – turmush o‘rtog‘i ularni tashlab ketgan.

“Farzandim muddatidan avval tug‘ildi. Yashab ketishiga umid yo‘q, deyishgandi. Shifokorlarning sa’y-harakatlari bilan hozir 4 oylik bo‘ldi.

Tug‘ma yurak porogi bilan tug‘ilgan bolamda chov churrasi, ko‘zida esa chandiq aniqlandi. Shu chandiq kattalashishi oqibatida ko‘z qorachig‘iga yetsa bola ko‘r bo‘lib qolishi mumkinligini va jarrohlik operatsiyasi zarurligini aytishdi. Afsuski, bu muolaja faqat xorijda qilinar ekan”, deydi go‘dagi bilan imkonsiz qolgan ona.

Ammo hozir unda bu operatsiyani amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘qligi sabab saxovatli insonlarning ko‘magiga muhtoj. Bola tug‘ilgach, unda aniqlangan nuqsonlar sabab Ma’muraning turmush o‘rtog‘i ularni tashlab ketgan. Eng achinarlisi, shifokorlar ayolga salomatligi sabab boshqa farzand ko‘rmaslikni tavsiya qilishgan: “Chala tug‘ilgani uchun bolamni maxsus bo‘tqa bilan katta qilishga to‘g‘ri kelyapti. Uzluksiz davolanishlar uchun dori-darmonlar ham qiynab qo‘ydi.

O‘zimning boshimda gemangioma bor. Homiladorligim sabab battar zo‘rayib ketdi va boshqa farzand ko‘rmaslikni tavsiya qilishdi.

Kundan kunga tushkunlikka tushib boryapman. Bolam tuzalib ketishidan umid qilyapman. O‘zi kichkina bo‘lsa ham, dardi ko‘p bo‘ldi”.

Muhammad Yusufning ko‘zlariga nur bag‘ishlash, xastaliklardan forig‘ bo‘lib, onasining bag‘rida ulg‘ayishi uchun baholiqudrat ko‘maklashish bilan ezgu amallarimizni ko‘paytirish imkonimiz bor. Bundan foydalanish ona va bolaning hayoti uchun nechog‘li zarur va savobli ekanini ta’kidlashga o‘rin yo‘q.

Muhammad Yusuf Alimuhamedovga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 5103 6830 8479 xolasi Manzura Mirzayeva nomida

Viza: 4195 2500 4036 4232 tanishi Oydinoy Ahmedova nomida

Mavzuga oid