Sport | 23:06 / 25.12.2021
29349
7 daqiqa o‘qiladi

Eldor «Roma»da qolmoqchi, o‘zbekistonlik futzalchilarga Yevropadan takliflar bor - g‘oliblar bilan intervyular

25 dekabr kuni Toshkentda O‘FA va PFL birgalikda «Uz Football Awards 2021» - yilning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi.

Tadbirdan avval O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq sardori Odil Ahmedov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Foto: Tribuna.uz

Taqdirlash marosimida esa quyidagi nominatsiyalarda g‘oliblar taqdirlandi:

1.O‘zbek futboli nuroniysi – Axbor Imomxo‘jayev

2. Fidoiylik ramzi – Sadri Nosirov («Dinamo» stadioni ishchisi)

3. Jasorat sovrini – Murodjon Ahmedov (O‘zbekiston kar-soqovlar jamoasi murabbiyi)

4. Futbol rivoji uchun — Xayrullo Bozorov (Farg‘ona viloyati hokimi)

5. Eng yaxshi futbol jurnalisti – Faxriddin Ro‘ziyev («Championat asia» muxbiri)

6. Eng yaxshi hududiy assotsiatsiya – Qoraqalpog‘iston FA

7. Muxlislar mehri - «Andijon» fan klubi

8. Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi – Bahodir Ahmedov (O‘zbekiston / «Huaxin Jizzax»)

9. Yilning eng yaxshi futzalchisi - Dilshod Rahmatov (O‘zbekiston / «Huaxin Jizzax»)

10. Ayollar Oliy ligasi to‘purari – Diyora Habibullayeva («So‘g‘diyona-W»)

11. Ayollar Oliy ligasining eng yaxshi murabbiyi – Sherali Boboqulov («So‘g‘diyona-W»)

12. Ayollar Oliy ligasining eng yaxshi futbolchisi - Diyora Habibullayeva («So‘g‘diyona-W»)

13. Pro liganing eng yaxshi futbolchisi – Marko Obradovich («Neftchi»)

14. Yilning eng yaxshi hakami – Ilgiz Tantashev («Buxoro»)

15. Superliganing eng chiroyli goli – Bilolxon Toshmirzayev («Turon»)

16. Superliga-2021 to‘purari – Dragan Cheran («Paxtakor»)

17. Superliganing eng yaxshi murabbiyi – Piter Hyuistra («Paxtakor»)

18. Superliganing eng yaxshi futbolchisi – Husayn Norchayev («Nasaf»)

19. Eng yaxshi yoshlar murabbiyi – A’zam Sherg‘oziyev (OKMK yoshlar jamoasi)

20. Yosh yulduz – Husain Norchayev («Nasaf»)

21. O‘zbekistonning eng yaxshi ayollar murabbiyi – Ilhom Xanjariyev (OKMK-W)

22. O‘zbekistonning eng yaxshi ayol futbolchisi – Dildora Nozimova («Bunyodkor-W»)

23. O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi – Ro‘ziqul Berdiyev («Nasaf»)

24. O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi – Eldor Shomurodov («Roma» / O‘zbekiston).

Foto: Tribuna.uz

Superliga ramziy terma jamoasi

Darvozabon: O‘tkir Yusupov («Navbahor»);

Himoyachilar: Marko Kolakovich («So‘g‘diyona»), Anzur Ismoilov («Paxtakor»), Husniddin Aliqulov («Nasaf»), Sherzod Nasrullayev («Nasaf»);

Yarim himoyachilar: Sanjar Tursunov (OKMK), Erkin Boydullayev («Qizilqum»), Dragan Cheran («Paxtakor»);

Hujumchilar: Shohruz Norxonov («So‘g‘diyona»), Xusain Norchayev («Nasaf»), Azizbek Amonov («Lokomotiv»);

Murabbiy: Ulug‘bek Baqoyev («So‘g‘diyona»).

Marosim yakunlangach, g‘oliblar Tribuna.uz muxbiri bilan intervyuda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Yilning eng yaxshi futzalchisi Dilshod Rahmatov sovringa O‘zbekiston milliy jamoasining barcha a’zolari munosib ekanligini ta’kidladi: «To‘g‘risi, kutmagandim. Bu sovringa milliy jamoaning barcha yigitlari loyiq. Ularga rahmat aytaman.

Maqsadlarimiz — 2022 yilgi Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lish, keyingi jahon chempionatlariga chiqish, O‘zbekiston futzali darajasini jahonga tanitish.

Foto: Tribuna.uz

Jahon chempionatidan so‘ng milliy jamoa a’zolariga Yevropadan, jumladan, Italiya va Xorvatiyadan takliflar bo‘ldi. Moliyaviy tomonlarini bilmayman, ammo yangi yilda ayrim futzalchilarni legioner sifatida ko‘rsam, ajablanmayman».

Yilning eng yaxshi futzal murabbiyi Bahodir Ahmedov ilk bor bunday e’tirofga sazovor bo‘lganidan xursandligini aytdi: «Birinchi bor yil murabbiyi bo‘ldim. Bunda milliy jamoa vakillari — futzalchilar, Nodir Eliboyev va ispaniyalik murabbiylarning hissasi katta. Bu sovrin O‘zbekiston futzalidagi barcha murabbiylarniki».

Foto: Tribuna.uz

O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyiga aylangan «Nasaf» ustozi Ro‘ziqul Berdiyev Qarshi klubi yangi mavsumda ham o‘z oldiga jiddiy maqsadlar qo‘yganini ta’kidladi: «Jamoamning mehnatlari uchun berilgan sovrin deb bilaman. Mavsumni yaxshi yakunladik. Kubokni qo‘lga kiritganimizga ancha bo‘lgandi. Asosiy maqsadimiz muxlislarga sovrin yutib berish edi. Buni amalga oshirganimizdan xursandman.

Foto: Tribuna.uz

Temurxo‘ja Abduxoliqov? Albatta, tajribali futbolchilar kerak. Oldimizda OChL turibdi. Shuning uchun Temurxo‘ja kabi futbolchilarni taklif qilishga e’tibor qaratganmiz. Bu qanchalik amalga oshadi yoki yo‘q, vaqt ko‘rsatadi».

Ikkinchi bor «O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi» deb topilgan «Roma» forvardi Eldor Shomurodov Jaloliddin Masharipov bilan raqobat milliy jamoa muhitiga ta’sir qilmasligini aytdi: «Bu sovrinni yutganimdan ko‘p ham xursand emasman. Sababi, bir yillik pauza bilan qo‘lga kiritdim. Agar shu tariqa davom etsa, Odil akaning rekordini yangilay olmas ekanman. Albatta, bu hazil.

Foto: Tribuna.uz

Yoshligimda muxlislarning «o‘zbekistonlik futbolchilar ham top-5 ligalarda o‘ynarmikan?» deb savol berishganini eslayman. O‘shanda oldimga maqsad qo‘ygandim. Muxlislar savoliga munosib javob berganimdan xursandman.

Omadim keldi. Chunki Jaloliddin ham, Husain ham yaxshi mavsum o‘tkazishdi. Qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat.

Sovrin uchun kurashda Masharipov bilan raqobatimiz milliy jamoadagi muhitga ta’sir qilmaydi. Kim g‘olib bo‘lsa ham, yaxshi munosabatni saqlab qolamiz.

Foto: Tribuna.uz

«Atalanta»ga qarshi bahsdan keyin Miranchuk bilan gaplashganimiz? Yo‘q, ko‘pchilik o‘ylaganidek, «Jyenoa» haqida suhbatlashmadik. Shunchaki salom-alik qildik. «Til o‘rganyapsanmi?» deb bir-birimizdan so‘radik.

«Roma»dan ketish? Yo‘q, qayerga kelayotganimni bilganman. Kuchli jamoada o‘z o‘rnimni topmoqchiman. Avvalgi jamoalarim — «Rostov» va «Jyenoa»da ham shunaqa gap-so‘zlar bo‘lgan. Bunday holatga birinchi bor duch kelmayapman».

A’zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido

Mavzuga oid

E`lonlar