22:42 / 25.12.2021
18598

Komil Allamjonov mast holda avtomobil boshqarganlik uchun 15 sutka qamoq jazosi belgilashni taklif qildi

“Yiliga minglab odamlar vafot etayotganini inobatga olib, bu sohada favqulodda holat e’lon qilish kerak deb hisoblayman. Ahvol ko‘chada o‘ta og‘ir”, – deydi Mass-media fondi raisi.

Foto: Komil Allamjonovning Telegram-kanali

IIV YHXBB boshlig‘i polkovnik Olim Saidov mashinani mast holda boshqarish jinoyat ekani, bu borada Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga jazoni og‘irlashtiruvchi normalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Bunga munosabat bildirgan Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Spirtli ichimlik iste’mol qilib transport boshqarayotgan haydovchilarga nisbatan 15 sutka qamoq jazosi va haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishni taklif qilaman.

Yiliga minglab odamlar vafot etayotganini inobatga olib, bu sohada favqulodda holat e’lon qilish kerak deb hisoblayman. Ahvol ko‘chada o‘ta og‘ir”, – deya yozdi Allamjonov o‘z Telegram-kanalida.

Ayni paytda mast holatda transport vositasini boshqarish – Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasiga asosan, transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil-u 6 oydan 3 yilgacha muddatga mahrum qilib, 25 BHM jarimaga sabab bo‘ladi.

Haydovchining organizmida alkogol miqdori 0,135 promilledan yuqori bo‘lsa, u mast holda transport vositasini boshqargan hisoblanadi.

Ayni kunlarda bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari 6 mln 750 ming so‘m bo‘ladi. Jarima 15 kun ichida to‘lansa, 30 foizlik chegirma bilan 4 mln 725 ming so‘mni tashkil etadi.

Amaliyotda qoidabuzar haydovchilar jarimani to‘lab, haydovchilik huquqidan mahrum etilgan bo‘lsa ham, mashinani YPX xodimlarining qo‘liga tushmasdan, yashirincha boshqarib yurishi kuzatiladi.

Top