O‘zbekiston | 09:11 / 31.12.2021
14918
2 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik va idoralar xodimlariga ish hajmi va samaradorligiga qarab maosh to‘lash tartibi joriy etiladi

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan tashkiliy-huquqiy masalalarni o‘zlari mustaqil hal etish va tashabbus ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni yaratish rejalashtirilmoqda.

Foto: Kun.uz

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga ko‘ra, vazirlik va idoralar shtat birliklari sonini Moliya vazirligi tomonidan belgilangan cheklov doirasida ularning rahbarlari tomonidan mustaqil belgilash, xodimlarga ish hajmi va samaradorligiga qarab maosh to‘lash tartibini joriy qilish mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan mustaqil hal etiladigan tashkiliy-huquqiy masalalar doirasi belgilab qo‘yiladi.

Barcha bo‘g‘indagi davlat boshqaruvi organlarining bir yillik ish dasturini, shu jumladan jamoatchilik ishtirokida ishlab chiqish, ularning ijro holatini doimiy e’lon qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazish natijalaridan kelib chiqib, hududlar (shahar, qishloq va mahalla) kesimida o‘z tuzilmalarining faoliyati bo‘yicha ochiq dasturlar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning ijro etilishi jarayonini jamoatchilik tomonidan kuzatib borish tizimi yaratiladi. Har bir tarmoq va hudud bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Muhim ijtimoiy-masalalar bo‘yicha ochiq ma’lumotlarning doirasini yanada kengaytirish va mazkur ma’lumotlardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash mo‘ljallanmoqda.

Vazirlik va idoralar faoliyatiga sifat menejmenti tizimining xalqaro standarti (ISO: 9001) joriy qilinadi. Bunda, ushbu tizimni 2022 yilning yakuniga qadar vazirlik va idoralarning 30 foizida joriy etish nazarda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid