O‘zbekiston | 09:48 / 01.01.2022
14451
2 daqiqa o‘qiladi

Respublikada ishlab chiqarilgan yangi elektromobillarni sotib olganlik uchun yig‘im to‘lash bekor qilinadi 

O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.

Xususan, elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish tizimi yaratiladi. Bunda:

  • elektromobillar va ularning asosiy tarkibiy qismlarini tajriba-eksperimental usulda ishlab chiqarish bazasini tashkil etish va ularning asosiy butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • respublikada ishlab chiqarilgan yangi elektromobillarni sotib olganlik uchun yig‘imni to‘lashdan ozod etish;
  • respublikada ishlab chiqariladigan elektromobillar (shu jumladan mashina-to‘plamlar) utilizatsiya yig‘imini to‘lashdan ozod etish ko‘zda tutilgan.

Elektromobillar sohasini standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida qabul qilingan va xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgan standartlarni avtosanoat tarmog‘i korxonalari tomonidan bevosita o‘z ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etishni ta’minlash ham kutilmoqda.

Bundan tashqari, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘i yaratiladi va rivojlantiriladi. Bunda, respublikada faoliyat yuritayotgan AGTQSh, AYoQShlarda, aholi ko‘p yig‘iladigan obektlar hududlarida elektr quvvatlantirish, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalari yordamida quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatiladi va bunda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinishi nazarda tutiladi.

Shuningdek, respublika hududida elektr transport vositalari uchun elektr quvvatlantiruvchi uskunalar va ularning tarkibiy qismlarini ishlab chiqarish tashkil qilinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid