14:57 / 02.01.2022
27213

«Barsa» yulduzlarni chorlamoqda, «MYu»da tozalash. So‘nggi transfer yangiliklari

Obameyang «Arsenal»dan ketadi, «Real» Angliyadan futbolchi olmoqchi, «Barselona» dastlabki transferni amalga oshirdi. 2021 yilning so‘nggi kunlarida paydo bo‘lgan transfer yangiliklari va mish-mishlar.

Yevropa chempionatlarida 1 yanvar kuni qishki transferlar oynasi ochildi (A Seriyada 3 yanvarda). Bu safargi oyna o‘tgan yildagi kabi qizg‘in bo‘lmasligi mumkin, ammo oldinda qator qiziqarli transferlar kutmoqda. Holandning kelajagi nima bo‘ladi? «Manchester Yunayted» Pogba, Kavani va Marsiyalni qo‘yib yuboradimi? Obameyang, Koutino va Ikardi qaysi jamoalarda paydo bo‘ladi? 

Amalga oshirilgan transferlar

Ferran Torres — «Barselona»da

«Manchester Siti» vingeri Ferran Torres «Barselona» futbolchisi bo‘ldi. Transfer qiymati 55 million yevro, qo‘shimcha bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Shartnoma 2027 yil iyuniga qadar tuzilgan. Unda 21 yoshli futbolchi uchun badal puli sifatida 1 milliard yevro belgilangan. 2020 yil yozida «Valensiya»dan «Siti»ga 23 mln yevroga transfer qilingan ushbu ispaniyalik bilan 2025 yilga qadar shartnoma imzolangandi. U o‘tgan mavsumda «shaharliklar» safida APL chempioni bo‘ldi, shuningdek Liga Kubogini qo‘lga kiritdi. Torres APL joriy mavsumida 4 o‘yinda maydonga tushib, 2ta golga mualliflik qilgan.

Ikone «Fiorentina»ga o‘tdi

«Lill» yarimhimoyachisi Jonatan Ikone «Fiorentina» futbolchisiga aylandi. Transfer qiymati 14 million yevroni tashkil etdi, bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Kelishuvga ko‘ra, fransuz klubi futbolchining qayta sotuvidan 15 foiz ulush oladi. Ikone «fialkalar» mashg‘ulotlariga kirishgan. Joriy mavsumda 23 yoshli havbek Fransiya chempionatining 18 o‘yinida ishtirok etgan va 1 gol urgan.

Mikolenko «Everton»da

Kiyevning «Dinamo» klubi himoyachisi Vitaliy Mikolenko «Everton»ga o‘tdi. Shartnoma 2026 yil yoziga qadar tuzilgan. Transfer qiymati 20 million yevroni tashkil qilmoqda. Ukrain klubi safida 22 yoshli futbolchi bir bor UPL chempioni bo‘lgan, ikki bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan va uch bor Superkubok finalida g‘olib bo‘lgan. Joriy mavsumda Mikolenko Ukraina chempionatida 15 o‘yin o‘tkazib, bir golli uzatma amalga oshirgandi.

Paulino «Korintians»da

«Barselona» sobiq futbolchisi faoliyatining so‘nggi qismini o‘tkazish uchun Braziliyaga qaytdi. Paulinoning shartnoma muddati yakuniga yetganida u 35 yoshda bo‘ladi. 2019 yil yanvarida u «Guanchjou Evergrand» bilan shartnoma tuzgan – xitoyliklar klubi uning transferi uchun 45 mln yevro to‘lagandi. O‘tgan yil yozida u «Al-Ahli» safiga o‘tdi, ammo to‘rt o‘yinda maydonga tushgach, klubni tark etdi – shartnoma ikki tomon roziligi bilan bekor qilindi.

Foto: MICHAEL DODGE/GETTY IMAGES

Katta transferlar haqida mish-mishlar

Pogba

Fransuz yulduzining shartnomasi muddati 2022 yil 30 iyunida yakuniga yetadi. Uning ketishi haqidagi gaplar birinchi bor chiqishi emas. Pogbaning agenti «Bavariya» bilan bog‘liq variantni istisno etgan, nemis klubi katta pul sarflashga tayyor emas. La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, Mino Rayola Pol «Yuventus»ga emas, «PSJ»ga o‘tishini istamoqda. Qayd etish kerakki, ushbu yarimhimoyachida «Manchester Yunayted»dan ham yangi shartnoma bo‘yicha taklif bor. The Athletic Pogba Rangnikning klubga kelganidan mamnun va u bilan birga hamkorlik qilishga qarshi emas. Nima bo‘lgan taqdirda ham may oyiga qadar Pogba – «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lib qoladi. Joriy mavsumda u barcha turnirlar doirasida 15 o‘yinda maydonga tushdi va yetti golga uzatma berdi.

Foto: Getty Images

Kavani

«MYu»ning yana bir futbolchisining mehnat shartnomasi muddati 2022 yil yozida yakuniga yetadi. Bu mavsumda urugvaylik futbolchi 15 o‘yinni jarohatlar tufayli o‘tkazib yubordi, manchesterliklar hujum chizig‘idagi kuchli raqobat tufayli uning kelajagi boshqa klub bilan bog‘liq ekani oydinlashmoqda. Kavani uchun kurashda favorit «Barselona» bo‘lib turibdi. Hujumchi katalonlar klubiga o‘tishi osonlashishi uchun «MYu» bilan shartnomasi ikki tomonlama bekor qilinishiga erishmoqchi, MundoDeportivo ma’lumotiga ko‘ra, Kavani ko‘k-anorranglilar taklifiga rozilik berib bo‘lgan.

Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

Marsiyal

«MYu» hujum chizig‘idagi raqobat Marsiyalni ham chetlab o‘tmadi. Fransuz forvardining xizmatlariga «Nyukasl» va «Yuventus» talabgor. The Sun ma’lumotiga ko‘ra, «qarg‘alar» va «zebralar» Marsiyalni ijaraga olish variantini ko‘rib chiqmoqda. «Manchester Yunayted» bunday kelishuvdan 7 mln yevro ishlashni mo‘ljallagan. Hujumchi bu mavsumda 10 o‘yinda atigi bir gol urdi. So‘nggi vaqtlarda u jarohatlar girdobida qoldi – bir yil mobaynida u yetti bor safdan chiqdi.

Foto: PETER POWELL — POOL/GETTY IMAGES

Obameyang

«Arsenal» hujumchisi Per-Emerik Obameyangning ko‘rsatkichlari yildan yilga pasaymoqda. ESPN nashrining xabar qilishicha, u katta ehtimol bilan qishki transferlar oynasi vaqtida klubni tark etadi. Bu Mikel Artetaning istagi ekani aytilmoqda. Intizomni buzgani uchun 32 yoshli gabonlik sardorlik bog‘ichidan mahrum qilindi va «kanonirlar»ning so‘nggi besh o‘yinida ishtirok etmadi.

Forvardning shartnomasi muddati 2023 yil yoziga qadar tuzilgan. Joriy mavsumda futbolchi APLning 14 o‘yinida ishtirok etib, 5 gol urdi va bir golga uzatma berdi. Unga asosiy da’vogar «Barselona» bo‘lib turibdi - kataloniyaliklar uni ijaraga olishni yoki kichikroq summaga transfer qilishni mo‘ljallagan. Shuningdek, «Yuventus»dan qiziqish mavjud.

Obameyang o‘rniga jamoaga olib kelinishi mumkin bo‘lgan nomzodlar safida Dushan Vlahovich («Fiorentina»), Dominik Kelvert-Lyuin («Everton»), Aleksandr Isak («Real Sosedad»), shuningdek Olli Uotkins («Aston Villa») kabilar bor. 

Foto: CATHERINE IVILL/GETTY IMAGES

Koutino

Koutino uchun 135 mln yevro, aytish mumkinki, pulni shamolga sovurish bo‘lgandi. Jarohatlar, beqaror o‘yin, intizomdagi muammolar - barchasi «Barselona» rahbariyati ushbu futbolchi bilan xayrlashishga qaror qilishiga olib keldi.

Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, Filippe Koutinoning o‘zi ham asosiy tarkibga kirish imkoniyatlari pastligini anglab turibdi va «Barselona»ni tark etishga qaror qilgan. Braziliyalik futbolchining maqsadi — Qatardagi jahon chempionatiga borish. 29 yoshli havbek qishki transferlar oynasi vaqtida o‘ziga yangi jamoa topmoqchi. Koutinoga «Nyukasl», «Arsenal», «Everton» va «Tottenhem» klublari da’vogar bo‘lib turibdi. Joriy mavsumda ushbu yarimhimoyachi Ispaniya chempionatida 12 o‘yinda maydonga tushdi va 2 gol urdi.

Foto: DAVID RAMOS/GETTY IMAGES

Ikardi

«PSJ» moliyaviy holatni yaxshilash uchun yetti nafar futbolchi bilan, jumladan Ikardi bilan ham xayrlashmoqchi. Parij klubi ushbu argentinalikni «Nyukasl»ga taklif qilgan, ammo Mauroning «Yuventus»ga transfer bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Futbolchining rafiqasi va agenti Vanda Nara o‘tgan oyda turinliklar klubi prezidenti bilan uchrashgan va Ikardining transferi ehtimolini muhokama qilgan. Andrea Anelli ham futbolchi transferiga qiziqmoqda. «Byankonerilar» xo‘jayini hujumchini qishdayoq tarkibga qo‘shib olishni istamoqda. Vanda Italiyadagi boshqa klublar rahbarlari bilan ham aloqa o‘rnatgan.

Foto: FRAN SANTIAGO/GETTY IMAGES

Holand

21 yoshli norvegiyalik futbolchi Rojdestvoni Marbeleda o‘tkazmoqda. U bu yerda muxlislarning kelajakdagi faoliyati haqidagi savoliga javoban shunday dedi: «Shu yerda, Ispaniyada o‘ynayman».

Holand nisbatan kuchli chempionatda o‘z kuchini sinab ko‘rishni istamoqda. Uni qator grand klublar o‘z safida ko‘rishni istaydi – qayerga borishni futbolchining o‘zi hal qiladi. Erlingning agenti Mino Rayola Holand o‘tishi mumkin bo‘lgan to‘rt jamoa nomini aytgandi. «U faoliyatida keyingi qadamni tashlashi mumkin. Balki keyingi yozda, balki 2023 yil yozida. Katta ehtimol bilan bunday o‘zgarish joriy mavsum yakunida ro‘y beradi. «Bavariya», «Real», «Barselona», «Manchester Siti» – Holand o‘tishi mumkin bo‘lgan katta klublar», degandi Rayola dekabrda Sport1 nashriga.

Hujumchi bu mavsumda «Borussiya» safida barcha turnirlar doirasida 16ta o‘yin o‘tkazib, 19ta gol urdi va 4ta golga assistentlik qildi.

Foto: LARS BARON/GETTY IMAGES

Yana qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?

Ryudiger «Real»ga o‘tishi mumkin
Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, «Chelsi» himoyachisi Antonio Ryudiger «Real»ga transfer bo‘lishga yaqin. Klublar muzokara o‘tkazmoqda. Ispanlar klubidagilar germaniyalik futbolchi yaqin vaqt ichida Madridga kelishini kutishmoqda. Transfermarkt 28 yoshli futbolchining transfer bahosini 35 million yevroga baholagan. Joriy mavsumda ushbu sentrbek APLning 19 o‘yinida qatnashdi va 2 gol urdi.

«Barselona» Moratani safiga qo‘shib olmoqchi
Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi, ayni vaqtda «Yuventus» tomonidan ijaraga olingan Alvaro Morata «Barselona»da paydo bo‘lishi mumkin. Bosh murabbiy Xavi 29 yoshli futbolchi bilan transfer borasida gaplashib olgan. Kataloniyaliklar Moratani mavsum yakuniga qadar ijaraga olib, «Yuve»ga Depayni shu muddat uchun ijaraga bermoqchi, ammo italiyaliklar bunday ssenariyni rad etishgan. Joriy mavsumda forvard A Seriyaning 18 o‘yinida ishtirok etdi va 5 gol urib, 2 assist amalga oshirdi. Alvaroning Madrid klubi bilan shartnomasi muddati 2022 yil yozida yakuniga yetadi.

«Toronto» Insineni safiga qo‘shib olishi mumkin
Insayder Fabritsio Romanoning yozishicha, Kanadaning «Toronto» klubi «Napoli» forvardi Lorenso Insinega qiziqmoqda. Italyan futbolchiga yiliga 11,5 million yevro maosh va 4,5 million yevrolik bonus to‘lash nazarda tutilgan besh yillik shartnoma taklif etilmoqda. Ayni vaqtda 30 yoshli hujumchi ushbu taklifni ko‘rib chiqmoqda. A Seriyaning joriy mavsumida 15 o‘yinda maydonga tushgan Insine to‘rt gol urdi va besh assist muallifiga aylandi. Uning amaldagi shartnomasi 2022 yil yoziga qadar tuzilgan.

«Roma» Meytlend-Naylz bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda
«Arsenal» yarimhimoyachisi Enzli Meytlend-Naylz faoliyatini Italiyada davom ettirishi mumkin. Insayder Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, «Roma» klubi bilan muzokaralar olib borilmoqda va transfer detallari muhokama qilinmoqda. 24 yoshli angliyalik futbolchi Joze Mourino jamoasi taklifini qabul qilishga tayyor. Havbekning London klubi bilan shartnomasi 2023 yil 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsumda Meytlend-Naylz APLda 8 o‘yinda qatnashdi.

«Yuventus» Origiga qiziqmoqda
La Gazzetta dello Sport ma’lumotiga ko‘ra, «Liverpul» hujumchisi Divok Origi «Yuventus»ga o‘tishi mumkin. Turinliklar ingliz klubiga ushbu forvard transferi borasida murojaat etishgan. 26 yoshli forvard atrofidagi vaziyatni Italiyaning «Milan» va «Atalanta» klublari ham kuzatib borishmoqda. «Yuve» avvaliga «PSJ»dan Mauro Ikardi va «MYu»dan Edinson Kavanini olib kelmoqchi edi, ammo futbolchilar va klublar bunga rozilik berishmadi. Transfermarkt Origining transfer qiymatini 12 million yevroga baholagan. Forvardning hozirgi shartnomasi 2022 yil yoziga qadar amal qiladi.

Zakariyo «Borussiya»dan ketmoqchi
Fabritsio Romanoning yozishicha, «Borussiya» Menxengladbah jamoasi havbeki Denis Zakariyo klub rahbariyatiga mavsum yakunida klubni erkin agent sifatida tark etishni istayotgani haqida ma’lum qilgan. Futbolchiga «Barselona», «Bavariya» va «Yuventus» klublari qiziqmoqda. Ammo ayni vaqtda hech qanday dastlabki kelishuvlarga erishilmagan. Transfermarkt 25 yoshli futbolchi transferini 27 million yevroga baholagan. Joriy mavsumda Zakariyo bundesligada 15 o‘yin o‘tkazib, 2 gol urgan va 1 golga uzatma bergan.

Tuanzebe APLni tark etmoqda
Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda ijara asosida «Aston Villa»da o‘ynayotgan «MYu» himoyachisi Aksel Tuanzebe yaqin vaqtlar ichida «Napoli»ga o‘tadi. Ijara kelishuvi 2022 yil yozigacha amal qiladi va sotib olish huquqini nazarda tutmaydi. Kelishuv qiymati — 500 ming yevro. Transfermarkt 24 yoshli ingliz futbolchisi transferini 8 million yevroga baholagan. Joriy mavsumda Tuanzebe Angliya chempionatida 9 o‘yinda maydonga tushgan.

TsSKA «Lill» forvardiga qiziqmoqda
Moskvaning TsSKA klubi turkiyalik hujumkor yarimhimoyachi Yusuf Yazijiga qiziqmoqda. 24 yoshli futbolchi manfaatlarini ifodalovchi Metaratings agentligi armiyachilar jamoasi bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlagan. Turkiya termasi futbolchisiga «Nyukasl» va «Galatasaroy» jamoalaridan ham qiziqish mavjud. Joriy mavsumda Fransiya chempionatining 15 o‘yinida Yaziji 1 gol urdi va 1 golga uzatma berdi. Transfermarkt forvard transferini 15 million yevroga baholagan.

Mavzuga oid
Top