Jahon | 20:40 / 03.01.2022
30071
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak» – «Yadro beshligi»ning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi

Rossiya, Britaniya, Xitoy, AQSh va Fransiya yadro urushlarining oldini olish va qurollanish poygasiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan qo‘shma bayonot bilan chiqdi.

Foto: OLEG KULESHOV\TASS

Dunyodagi yadro quroliga ega besh davlat – AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya hamda Fransiya davlat rahbarlarining qurollanish poygasi hamda yadro urushiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Bayonot matni Kreml rasmiy saytida berilgan.

«Biz – Xitoy, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasida urush bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, strategik keskinlikni tushirishni o‘zimizning birlamchi vazifamiz deb bilamiz. Shuni ma’lum qilamizki, yadro urushida g‘oliblar bo‘lmaydi va u hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak.

Yadro qurollari hamon mavjud ekan ular mudofaa maqsadida qo‘llanishi, agressiya va urushlarni to‘xtatish uchun xizmat qilishi kerak. Bunday qurollanish kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak deb hisoblaymiz.

Yadro qurollariga qarshi choralar muhim ekanini tasdiqlaymiz, yadro qurollari ustidan nazorat, ularning tarqalmasligi bo‘yicha ko‘p tomonlama hamda ikki tomonlama kelishuvlarga amal qilish muhim deb bilamiz. Yadro quroli tarqalmasligi bo‘yicha kelishuvdagi majburiyatlarimizga sobitmiz. Undagi 6-modda – «Yadro qurollari poygasiga yo‘l qo‘ymaslik, mustaqil va samarali xalqaro nazorat ostida yadro qurolidan voz kechish bo‘yicha zimmamizga olgan mas’uliyatimizni his qilamiz.

Bizdagi yadro qurollari bir-birimizga yoki boshqa davlatlarga qaratilmaganini yana bir bor ta’kidlamoqchimiz. Yadro qurolidan xoli bo‘lish va xavfsiz muhit hosil qilish uchun barcha davlatlar bilan ishlashga harakat qilyapmiz. Hech kimga foyda keltirmaydigan qurollanish poygasining oldini olish, kutilmagan harbiy mojarolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘p tomonlama diplomatik yechimlar izlashda davom etmoqdamiz. Xavfsizlik masalasida bir-birimizni hurmat qilgan holda o‘zaro muloqotga asoslangan diplomatik munosabatlar o‘rnatishda davom etamiz», deyiladi bayonotda.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, bu qo‘shma bayonot Rossiya tomoni tashabbusi bilan qabul qilingan. U 4 yanvar kuni Nyu-Yorkda boshlanishi rejalashtirilgan yadro quroli tarqalishining oldini olishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya arafasida tayyorlangan. Konferensiya boshlanishi kechiktirilgan bo‘lsa-da, besh davlat yetakchilari bayonot matnini e’lon qilishga qaror qilgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi qoshidagi qurollanishni nazorat qilish departamenti rahbari Fu Kong bayonotni tarixiy deb atadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bayonot Putinning «yadro beshligi» sammitini o‘tkazish taklifiga ta’sir qilmaydi.

Ma’lumot uchun, AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi. Faqat ushbu davlatlar kengashning doimiy a’zosi sifatida veto huquqiga ega. Veto huquqiga ega davlatlar kengash rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan har qanday qarorni bekor qilishi mumkin. Veto huquqi keyinchalik tushunmovchilik ko‘payib ketmasligi uchun kengashning 5 a’zosigagina berilgan.

Dunyoda 9 davlatda yadro quroli mavjud. AQSh, Rossiya, Xitoy, Britaniya va Fransiyadan tashqari Hindiston, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreyada ham yadro quroli bor. Qozog‘iston, Belarus hamda Ukraina SSSR tarqalganidan keyin yadro qurolini Rossiyaga topshirgan, JAR esa 1989 yil tarixda birinchi bo‘lib yadro qurolidan voz kechgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid