O‘zbekiston | 19:11 / 05.01.2022
6684
3 daqiqa o‘qiladi

Ekologlar munosabati: Nukusdagi daraxt kallaklash ishlari «Yashil makon» umummilliy loyihasi asosida amalga oshirilgan

Foto: KUN.UZ

Bir muddat oldin Nukus shahrida 300 dan ziyod daraxt yoppasiga kallaklab tashlangani haqida xabar bergandik. Ushbu holatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Xabar qilinishicha, Ekoqo‘mitaning Nukus shahar inspeksiyasi va “Qoraqalpoq yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi mutaxassislari holat yuz bergan joyga borib, o‘rganish ishlarini olib borgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi

Ma’lum bo‘lishicha, “Qoraqalpoq yo‘l ko‘kalam” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan Nukus-Chimboy-Taxtako‘pir yo‘lining 14 kilometri bo‘yidagi daraxtlarga 2021 yil oktabr oyi oxirlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida belgilangan rejaga ko‘ra, ushbu “Taslaq” MFY hududini obodonlashtirish va daraxtlarga (qayrag‘och) shakl berish ishlari olib borilgan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi

Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan daraxtlarga shakl berish ishlari to‘g‘ri olib borilganligi to‘g‘risida xulosa berilgan. Kun.uz so‘roviga asosan Ekoqo‘mita ushbu xulosani taqdim qildi. Unda yozilishicha, daraxtlarga shakl berilganidan so‘ng ular yon tomonga qarab o‘sadi. Biroq shu kungacha ushbu hududda biron daraxt ildizi bilan qo‘porib olib ketilmagan. Keyingi vaqtlarda bahor mavsumining kelishi bilan shakl berilgan qayrag‘ochlar yon tarafga o‘sishini davom ettiradi, deyiladi xulosada.

Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti xulosasi

Bundan tashqari, Qo‘mita taqdim qilgan loyiha suratiga e’tibor berilsa, mazkur hududda yaqin kelajakda faqat archa va bir necha manzarali past bo‘yli daraxtlar ekilishi reja qilingan. Holatga aniqlik kiritish uchun Kun.uz muxbiri Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasi bilan qayta bog‘landi. Qo‘mita rasmiysining izohlashicha, ushbu hududda archa, uning atrofida manzarali gullar va tashqi tomonida daraxt aylanib turadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, katta ehtimol bilan hudud ichkarisidagi 300 dan ziyod qayrag‘och yo‘qolib ketishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Kun.uz jarayonlarni kuzatishda davom etadi va ushbu mavzuga yana qaytadi.

Mavzuga oid