Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nukus shahrida “Salomatlik marafoni” start oldi
Bir oy davom etadigan mazkur aksiya doirasida aholini keng ko‘lamli skrining va profilaktik ko‘riklar bilan qamrab olish ko‘zda tutilgan.
SSVning ma’lum qilishicha, tibbiy tekshiruvlar bir paytning o‘zida 13 ta lokatsiya — Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti klinikasi va 12 ta oilaviy poliklinikada bo‘lib o‘tmoqda.
Shuningdek, 3 ta jamoat joyida tashkil etilgan “Salomatlik maydonchalari”da sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga doir tadbirlar, antropometriya, qon bosimi va puls o‘lchash kabi ko‘riklar amalga oshirilyapti.
Bu jarayonga mahalliy shifokor va hamshiralar bilan birga, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda bir qator ilg‘or xorijiy klinikalardan yetakchi mutaxassislar jalb etilgan.
Tekshiruvlar natijalari yagona elektron axborot bazasi – DMED tizimiga kiritilib, bemorlar salomatligini doimiy monitoring qilib borish imkoniyati yaratilyapti.
O‘z navbatida, marafon doirasida hududdagi tibbiyot xodimlari vorkshop formatida tashkil etilgan interaktiv mashg‘ulotlar orqali o‘z bilim va mahoratini oshiryapti.