11:14 / 06.01.2022
3702

O‘zbekistonda o‘tgan yili 8,6 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi

O‘zbekistonda o‘tgan yili 8,6 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Bu haqda 5 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Yig‘ilishda 2021 yilda investitsiyalar sohasida erishilgan natijalar bo‘yicha tezkor ma’lumotlar ma’lum qilindi. Jumladan, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 254 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan 109 foizga o‘sdi, shundan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 8,6 mlrd dollarni tashkil qildi. 

Hisobot davrida davlat investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 5,9 milliard dollarlik 318 ta yirik investitsiyaviy loyiha, hududiy investitsiya dasturlari doirasida esa 7,4 milliard dollarlik 15 710 investitsiyaviy loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli jami 275 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgani aytiladi.

Foto: Investitsiyalar  va tashqi savdo vazirligi

Bo‘sh turgan va to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalarni “sog‘lomlashtirish” bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha 2040 ta shu kabi korxona faoliyati o‘rganilib, tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha choralar ko‘rildi. 1908 ta korxona (94 foiz) to‘liq quvvat bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi, bu mamlakat sanoatiga qo‘shimcha ravishda 4,1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, 184 mln dollarlik qo‘shimcha eksportga yetkazib berish va 25 mingga yaqin ish o‘rni tashkil etish imkonini berdi. 

Investitsiyaviy faoliyatni rag‘batlantirish va loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bo‘yicha hisobotlar eshitildi. 

Alohida tartibda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarning borishi, transport infratuzilmasini kengaytirish va mamlakatda logistika salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Top