Sport | 14:28 / 07.01.2022
18393
8 daqiqa o‘qiladi

«Paxtakor» endi eng kuchli emasmi? Jamoadagi vaziyat haqida klub raisi o‘rinbosari bilan suhbat

3 yil davomida «Paxtakor»ga homiylik qilgan SFI Management Group jamoa boshqaruvidan ketgach, poytaxtning bosh jamoasida moddiy qiyinchiliklar va kelajak borasida mavhumlik kuzatildi. Muxlislar endi nima bo‘larkin, deb kutib turganida «Paxtakor» yana Toshkent shahar hokimligiga biriktirib qo‘yildi. Shahar hokimi klub raisi bo‘lgach, «Paxtakor» O‘zbekiston futbolida shu vaqtgacha kuzatilmagan noodatiy, noyob, antiqa ishga qo‘l urdi – barcha futbolchilar va personalning maoshlarini ochiqlab yubordi.

Shov-shuvga sabab bo‘lgan voqea fonida jamoa O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi, O‘zbekiston kubogi finalida mag‘lub bo‘ldi. Xo‘sh, «Paxtakor» yangi rahbariyati nimalarni ko‘zlayapti? Yangi mavsumda jamoa oldiga qanday vazifalar qo‘yiladi? Arveladze davrida shakllangan xalqaro maydondagi ambitsiyalar Piter Hyuistra bilan ham davom etadimi? Stadion va jamoa infratuzilmasi qay ahvolda-yu qay ahvolga keltiriladi? Shu mavzularda «Paxtakor» klubi raisi o‘rinbosari Dilshod Karimov Tribuna.uz’ga intervyu berdi.

«Klubning qarzi 4 million dollar edi»

- 2021 yil may oyida klub Toshkent shahar hokimligi qaramog‘iga o‘tdi. Shahar hokimi klubga rais bo‘ldi, meni esa o‘rinbosar qilib tayinlashdi. Biz qabul qilib olganda klubning qarzi 4 million dollar atrofida edi. Hozirgi kunga kelib bu qarzlarning katta qismi yopildi. Qarzdorlikning yomon tomoni shundaki, joriy xarajatlar davom etaveradi va qarz ustiga qo‘shimcha bo‘lib boraveradi. Qarzni to‘liq yopmoqchi bo‘lsangiz, ko‘proq xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.

Foto: Paxtakor FK

Klubga tegishli bino va inshootlar, inventarlar hammasi joyida, qabul qilganimizda qanday bo‘lsa, hozir ham shunday. Faqatgina Chilonzor tumanidagi akademiyamizda qo‘shimcha qurilish qilib, bolalarga yotoqxona, darsxona va oshxona barpo etdik. Kelgusi yillarda akademiyaga yanada e’tibor beriladi. Ayni paytda akademiyadan ko‘nglim to‘q emas. So‘nggi yillarda akademiya bo‘la turib boshqa jamoalardan futbolchilar sotib olingan. Bu esa muxlislarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.

«Paxtakor» stadioni buziladimi?

- Stadionni buzishning keragi yo‘q. Axir bu tarix. Odamlar bu stadionga o‘rgangan. Atrof daraxtzor, ko‘kalamzor. Lekin stadionning hajmi katta. Fikrimcha, 33 ming sig‘imli stadion bizga kerak emas. Stadionni ixchamlashtirish evaziga uning atrofidan katta joy ochilishi va boshqa qurilishlar qilish mumkin. Biz nimaiki qurilish qilsak, daraxtlarga tegmagan holda amalga oshiramiz. Ehtimoliy qurilishlar esa hozir ko‘rib chiqilmayapti, bu loyihalarning barchasi istiqboldagi rejalardir. Hammasi mablag‘ga borib taqaladi. Investorlar bilan gaplashish kerak. Bizda ustuvor vazifalar boshqa – yaqin kelajak uchun akademiyaga katta urg‘u beramiz.

Nasib bo‘lsa, kelajakda «Paxtakor» stadioniga kiraverishda Xotira alleyasi barpo qilish rejamiz ham bor.

Foto: Tribuna.uz

«2022 yilgi OChL guruh bosqichi Toshkentda o‘tishi mumkin»

- Biz bu borada O‘FAga murojaat qildik. OFKdan mutasaddilar kelib, tekshirishadi, ko‘rishadi. Lozim topishsa, «Paxtakor» ana shu katta turnir o‘yinlarini Toshkentga olib keladi. Piter Hyuistra jamoada qolishi uchun muzokaralar o‘tkazyapmiz. Uning ishidan klub raisi ham, biz ham qoniqyapmiz. Uning shartnomasi va maoshi borasida biror gap aytolmayman. Tabiiyki, hech kim maoshining kamayishini xohlamaydi, biroq biz unga turfa takliflar berganmiz. U ayni damda ta’tilda va javob bermadi hali. Aniqlik kiritilgach, kelishuvga erishgach, hammasini ochiq-oydin OAV orqali ma’lum qilamiz.

«Sovrinlar bo‘lmasa, mukofotlar ham bo‘lmaydi!»

- Bir necha kun avval klub sport direktori va texnik direktor bilan shu masalada suhbatlashdik. Taklif berdim: har bir g‘alaba qozonilgan o‘yinga ajratilgan mablag‘ni darhol bermay, yig‘ib boramiz. Mavsum yakunida esa sovrin qo‘lga kiritilsa bitta qilib beramiz, sovrin yutilmasa, mukofot ham yo‘q.

Maoshlarni kamaytiryapmiz imkon qadar. Nega maoshlar bunchalik katta bo‘lib ketgan – bilmayman. Maoshi katta futbolchilar shartnomasi tugagan bo‘lsa va o‘ynagisi kelmasa – xayr. Jamoada qolgisi kelganlar bilan o‘tirib gaplashyapmiz, taklifimizga ko‘nganlar ko‘ndi, ko‘nmasa o‘zi biladi.

Foto: Paxtakor FK

«Cheran bilan kelishdik, Anzurning yillik maoshi – 170 ming dollar edi»

- Dragan Cheran bilan kelishib bo‘lganmiz. U 2022 yilni «Paxtakor»da o‘tkazadi. Anzur Ismoilovning yillik maoshi 170 ming dollar. Unga oyiga 5 ming dollar beramiz, yiliga 60 ming bo‘ladi, dedik. Javobni esa kutyapmiz. (Intervyu montaj qilinishi jarayonida Ismoilov OKMKga o‘tgani ma’lum bo‘ldi – tahr.). Asosiy tarkibni saqlab qolgan holda, yosh futbolchilarni tarkibga jalb qilib, qadam-baqadam uyg‘unlashtiramiz. Chempionlikka, sovrinlarga doim kurashamiz. Ambitsiyalarimiz o‘sha-o‘sha. Zaxirada o‘tirib katta maosh olayotgan futbolchilardan yo voz kechamiz yo maoshini kamaytiramiz.

Xorijdan xaridor chiqsa futbolchini ushlab turmaymiz. Maqsadimiz futbolchilar chet elda o‘ynab, «Paxtakor» imidjini ham oshiradi, milliy jamoada ham yaxshi o‘ynaydi. 

Foto: Paxtakor FK

«2022 yilda budjetimiz kamayadi – 50-60 milliard so‘m bo‘ladi»

- 2022 yil uchun klubga taxminan 50-60 milliard so‘m bo‘ladi. Avvalgi budjet bundan ancha yuqori bo‘lgan. U paytda ishlamaganimiz uchun ochiq biror narsa deyolmayman.

Kelgusi mavsumda «Paxtakor» hali boshqa biror klub qilmagan ishlarni amalga oshiradi. Rejalarimizda ancha ishlar bor. Klubni ko‘proq muxlislarga yaqinlashtirish niyatimiz bor. OAV orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoani ommalashtiramiz. Stadionga kirish chiptalari pullik bo‘ladi. Muxlis chipta sotib olib, stadionga kirdimi, bu yerdan zavqlanib, rozi bo‘lib chiqib ketishi kerak. Sarflagan puli va vaqtiga achinmasin. Shuning ustida ishlayapmiz.

Foto: Tribuna.uz

Maqsadimiz barcha sovrinlar uchun kurashish. Bosh murabbiyga ko‘p narsa bog‘liq. Yuqoridagi aytganimdek tarkibni uyg‘unlashtirish muhim. Uning ham o‘ziga yarasha rejalari, yo‘l xaritasi bor. Minimum vazifamiz OChL guruh bosqichidan o‘tish, maksimum esa finalda o‘ynash, - deydi «Paxtakor» klubi raisi o‘rinbosari Dilshod Karimov.

Intervyuni to‘liq ko‘rinishda Tribuna.uz saytining YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Azimjon Vohidov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid