21:06 / 07.01.2022
131284

Qozog‘istondagi voqealarning oltinchi kuni. Vaziyat tinchimoqda

To‘qayev namoyishlarning oltinchi kunida mamlakatning barcha hududlarida konstitutsion tartib deyarli tiklangani, biroq «jangarilar»ga qarshi kurash davom etayotganini ma’lum qildi.

Mariya Gordeyeva / Reuters / Scanpix / LETA

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 7 yanvar tongida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha shtab yig‘ilishi o‘tkazdi.

To‘qayev qonun va tartibni saqlash kuchlari qattiq ishlayotgani, mamlakatning barcha hududlarida konstitutsiyaviy tartibning katta qismi tiklangani, mahalliy hokimiyat idoralari vaziyatni nazorat qilayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, qurolli shaxslar haligacha Qozog‘iston aholisining mulkiga zarar yetkazayotganini aytib, ularga qarshi oxirigacha kurashish kerakligini ta’kidladi.

Mamlakatda temir yo‘lda yo‘lovchi va yuk tashish tiklangan. Olmaota aeroporti faoliyati tez vaqt ichida tiklanishi aytilgan. Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar Qozog‘iston huquq-tartibot organlari bilan birgalikda aeroportni to‘liq nazorat qilmoqda.

Qozog‘iston hududida tun-u kun ishlovchi 70 blokpost o‘rnatilgan, shundan oltitasi Nur-Sulton atrofida. Olmaotada qurolli kuchlar strategik ahamiyatga ega obektlarni qo‘riqlamoqda va ko‘chalarda «tozalash» ishlari olib bormoqda.

Tadbirkorlar milliy palatasi ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istondagi tartibsizliklar oqibatida tadbirkorlar ko‘rgan zarar miqdori 200 mln dollar atrofida, 848ta biznes sub’yekti va 1021 obekt ziyon ko‘rgan.

Tartibsizliklarda qatnashgan 26 «jinoyatchi o‘ldirilgan»

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi barcha hokimliklar va ichki ishlar idoralari ustidan nazorat tiklanganini e’lon qildi.  So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, maxsus operatsiyalar davomida xavfsizlik kuchlari 3 mingdan ortiq qonunbuzarni hibsga olgan, 26 nafar «qurolli jinoyatchi» o‘ldirilgan, yana 18 nafari yaralangan.

Tartibsizliklar chog‘ida 18 nafar xavfsizlik xizmati xodimi halok bo‘lgan, yana politsiya va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilaridan 748 nafari yaralangan.

Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Dauren Abayev xabar berishicha, avvaliga politsiya va Milliy gvardiya kuchlari namoyishchilarga o‘t ochmayotgandi, «ammo keyin tinch namoyishchilar ovozlari provokatorlarning zo‘ravonlik va tartibsizliklarga chorlovlari ostida qolib ketgan». Abayevning so‘zlariga ko‘ra, «olomonni qurollangan banditlar va terrorchilar boshqara boshlagan», bu guruhlar talonchilik bilan shug‘ullanib, qurol do‘konlariga hujum qilishgan, Olmaotadagi ma’muriy binolar va telekanallar ofislarini egallab, talon-taroj qilishgan. Abayev terrorchilar orasida professional snayperlar bo‘lganini va ular kuchishlatar tuzilmalar vakillariga hujum qilganini aytib o‘tgan.

Olmaotada harbiy texnika, 7 yanvar / Reuters

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi ommaviy tartibsizliklar, shuningdek, terrorchilik aktlarini sodir etish bo‘yicha tergov doirasida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Bu moddalar bo‘yicha aybdor bo‘lganlar sakkiz yildan umrbodgacha qamoq jazosi bilan yoki fuqarolikdan mahrum etish bilan jazolanishi mumkin.

To‘qayevning navbatdagi murojaati

To‘qayev televideniye orqali mamlakat fuqarolariga yana bir bor murojaat qildi, unda ko‘chalarga chiqayotganlarga nisbatan qat’iy fikrlar bildirildi.

«Huquq-tartibot organlariga va armiyaga ogohlantirishsiz nishonga olib o‘q otishga buyruq berdim. Xorijdagilar muammoni hal qilish uchun tinch muzokaralar  o‘tkazishga chaqirishmoqda. Qanday bema’nilik. Jinoyatchilar, qotillar bilan qanday muzokaralar olib borish mumkin?» degan To‘qayev.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, xalqning tub manfaatlaridan uzoqda bo‘lgan erkin deb atalmish ommaviy axborot vositalari va xorijdagi arboblar huquq-tartibotni buzishda yordamchi va aslida rag‘batlantiruvchi rol o‘ynagan. Shu bilan birga u aynan kimlarni va qanday faoliyatni nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan.

Prezident birgina Olmaotaning o‘zida «20 ming bandit» hujum qilgani, ularning harakatlarida «harbiy, ma’muriy va ijtimoiy obektlarga hujum qilishning aniq rejasi, muvofiqlashtirilgan o‘zaro uyg‘un harakatlar, yuqori jangovar tayyorgarlik va vahshiy shafqatsizlik mavjudligini ko‘ringani»ni qayd etdi.

Mamlakatda vaziyat barqarorlashganiga qaramay, «aksilterror amaliyot» davom etishi ma’lum qilindi. «Terrorga qarshi operatsiya davom etmoqda. Jangarilar qurollarini qo‘ygani yo‘q, jinoyat sodir etishda yoki ularga hozirlik ko‘rishda davom etmoqdalar. Ularga qarshi kurash yakunlanishi kerak. Taslim bo‘lmaganlar yo‘q qilinadi», dedi u.

Qayd etish kerakki, namoyishlarning olti kuni davomida ritorika jiddiy o‘zgarishga uchradi: birinchi kunlarda hukumat ko‘chaga chiqqan fuqarolarni namoyishchilar deb atagan bo‘lsa, keyinroq «buzg‘unchi kuchlar», qarshilik ko‘rsatayotgan «terrorchilar», «bandit elementlari», «fitnachilar», «banditlar» va «xalqaro terrorchi guruhlar» atamalari paydo bo‘ldi.

Shu bilan birga, hukumat namoyishlarda qandaydir xorijiy kuchlar ishtirok etganiga oid muayyan dalil keltirmadi.

Namoyishlar va tartibsizliklar vaqtida qancha odam halok bo‘lgani va jabrlangani to‘g‘risida mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan aniq ma’lumot yo‘q, ammo guvohlarning fikricha, o‘nlab qurbonlar bo‘lgan. 

Namoyishchilar tarqalmoqda, aeroportlar ochilmoqda

Juma kuni Qozog‘iston shaharlaridagi mitinglar bosqichma-bosqich yakunlana boshladi. Tongdayoq Aqtau markazida tikilgan o‘tovlar va to‘siqlar yig‘ishtirildi, hokimiyatga olib boruvchi yo‘llar ochildi, miting yetakchilari yig‘ilganlarni uyga qaytishga chaqirdi.

VALERY SHARIFULIN/TASS

Poytaxtdagi aeroport shtat rejimda ishlashni boshladi: Moskva, Dubay, Atirau, Chimkent va Turkistonga to‘xtab qolgan reyslar davom ettirildi. Boshqa shaharlardagi aeroportlar faoliyati ham tiklana boshladi.

Mahalliy nashrlar Olmaotadagi vaziyat asta-sekin barqarorlashayotganini yozishdi: bankomatlarda yana naqd pullar, do‘konlarda oziq-ovqat mahsulotlari paydo bo‘lgan.

Davlat nashrlari namoyishchilar qo‘liga o‘tgan barcha hukumat binolari huquq-tartibot organlari nazoratiga qaytganini ma’lum qildi.

«Kazaxfilm» kinostudiyasi juma kuni tartibsizliklar vaqtida qozoq kinosining oltin fondi butunlay yo‘q bo‘lgani to‘g‘risida tarqalgan ma’lumotni rad etdi. Studiya ma’lumotiga ko‘ra, barcha binolar va «Kazaxfilm» arxivlariga ziyon yetmagan.

Orda.kz: Nursulton Nazarboyev va uning qizi Qozog‘istonni tark etgan

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning uch qizi namoyishlar fonida o‘z oilalari bilan Qozog‘istonni tark etgan. Bu haqda Orda.kz nashri o‘z manbasini keltirmagan holda xabar berdi. Bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.

Nashrning yozishicha, birinchi prezidentning qarindoshlaridan mamlakatda faqat uning katta ukasi Bolat Nazarboyev qolmoqda.

Mahalliy nashrlarda Nazarboyevlar oilasi BAAning Dubay shahriga yo‘l olgani aytilgan.

7 yanvar kuni Orda.kz manbasi Olmaotada Nursulton Nazarboyevning kichik ukasining o‘g‘li Samat Abish qo‘lga olingani haqida xabar berdi, u 2015 yildan buyon Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari edi, 5 yanvar kuni ishdan olingandi.

Mamlakat Bosh prokuraturasi uning qo‘lga olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan, rad ham etmagan.

Orda nashri Qozog‘istonda siyosiy inqiroz boshlanganidan buyon na rasmiy hukumat, na davlat telekanallari va saytlari Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari nomlarini tilga olmayotganiga e’tibor qaratgan.

«Ular qayerdaligi haqida hech qanday aniq ma’lumot yo‘q. Bizdagi ma’lumotga ko‘ra, birinchi prezident va uning qizlari oila a’zolari bilan birga Qozog‘istonni tark etgan. Mamlakatda oiladan faqat Bolat Nazarboyev qolgan. Shuningdek, rasmiy xabarlarda poytaxt Nur-Sulton deb aytilmayapti», deyiladi xabarda.

2019 yil martida Nursulton Nazarboyev qariyb 30 yillik boshqaruvdan keyin Qozog‘iston prezidenti lavozimidan ketgandi. U hukmron «Nur Otan» partiyasi rahbarligini saqlab qolgan, shuningdek Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi bo‘lgandi. 2021 yil noyabrida Nazarboyev «Nur Otan» partiyasi rahbarligi vakolatlarini topshirdi.

5 yanvar kuni esa prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Nursulton Nazarboyev o‘rniga mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi bo‘ldi, Nazarboyev bu lavozimda umrbod qolishi kutilgandi.

Nazarboyev jamoatchilikka so‘nggi bor 27 dekabr kuni ko‘rinish bergandi: u o‘shanda Sankt-Peterburgda MDH davlatlarining norasmiy sammitida ishtirok etgandi.

Mavzu
Qozog‘istonda gaz namoyishlari
2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblastida suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga ko‘tarilganidan norozi bo‘lgan qozog‘istonliklar ommaviy mitingga chiqishdi va keyingi kunlarda namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top