11:59 / 08.01.2022
3560

Davlat xaridlarini elektron shaklda amalga oshirish hisobiga 1,7 trln so‘m davlat mablag‘lari tejaldi

Foto: O‘zRTXB

2021 yil yakunlariga ko‘ra davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da jami 11,0 trln so‘mlik 1 mlndan ziyod bitimlar tuzildi. 2020 yil bilan solishtirganda tuzilgan bitimlar son jihatdan 33,6% ga, hajmi bo‘yicha 2,6 marotabaga o‘sgan.

Davlat xaridlari bo‘yicha o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida budjet va korporativ buyurtmachilarining mablag‘larini tejalishi 2020 yilga nisbatan 86,8% ga o‘sib, 1,7 trln so‘mni tashkil qildi.

O‘tkazilgan elektron davlat xaridlarining 40% budjet buyurtmachilari, 60% korporativ buyurtmachilarining ulushlariga to‘g‘ri keladi. Elektron davlat xaridlarida ishtirok etgan tadbirkorlar (yetkazib beruvchilar)ning soni 8200 taga kupayib, 21,3 mingtani tashkil qildi.

Eng ko‘p davlat xaridlari sog‘liqni saqlash sohasi (1 102,5 mlrd so‘m), oliy va o‘rta maxsus ta’limi (504,1 mlrd so‘m) va xalq ta’limi tizimlari (356,3 mlrd so‘m) da amalga oshirilgan.

Hududlar kesimida eng yirik bitimlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (41,9%), Navoiy (13,2%), Farg‘ona (5,7%) va Samarqand (5,4%) viloyatlarida tuzilgan.

2021 yilda buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning davlat xaridlarida ishtirokini soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi davlat xaridlari elektron tizimining operatori sifatida xarid.uzex.uz yangi yagona portalini joriy etdi.

Mazkur portalda davlat xaridlarning barcha turlari birlashtirildi va mahsulotlarning barcha parametrlarini aks ettiruvchi tovarlar va xizmatlarning yagona klassifikatori joriy qilingan. Bu, o‘z navbatida, portalga lotlarni joylashtirishni osonlashtiradi va buyurtmachilarga sifatsiz tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga ko‘mak beradi.

Foydalanuvchilar davlat xaridlari bo‘yicha yagona portalda bir marotaba ro‘yxatdan o‘tib, birjaning hisob-kitob kliring palatasida yagona hisobvarag‘idan foydalanishlari mumkin.

“O‘zRTXB” AJ PR bo‘limi Ⓣ

Top