22:38 / 11.01.2022
26686

O‘zbekiston pasporti dunyo reytingida 86-o‘rinni oldi

Henley Passport Index 2022 yilgi reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston pasportiga ega shaxslar oldindan viza olmagan holda 57ta mamlakatga borishi mumkin. Taqqoslash uchun, 2016 yilda o‘zbekistonliklar 52ta davlatga vizasiz kira olgan.

Foto: Kun.uz

Viza va fuqarolik olish masalalari bo‘yicha xalqaro konsultativ markaz – Henley & Partners dunyo mamlakatlari pasportining an’anaviy yillik reytingini e’lon qildi.

Reyting Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi bergan ma’lumotlar asosida tuzilgan. Unda davlatlarning fuqarolik pasporti o‘z egasiga nechta mamlakatga avvaldan viza olmasdan (umuman viza olmasdan yoki yetib borganidan keyin viza olgan holda) kirib borish imkonini berishi inobatga olingan. (Viza bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar hisobga olinmaydi).

2022 yilgi indeksda O‘zbekiston pasporti Hindiston va Mali pasportlari bilan birga 86-o‘rinni qayd etgan. Ushbu uchta mamlakat fuqarolari 52ta davlatga avvaldan viza olmay kirib boraverishi mumkin.

O‘zbekiston pasportining Henley Passport Index bo‘yicha oxirgi yillardagi pozitsiyalarida katta o‘zgarish bo‘lmagan:

2016 yil: 52ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
2017 yil: 53ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
2018 yil: 59ta davlatga vizasiz borish imkoni, 82-o‘rin;
2019 yil: 56ta davlatga vizasiz borish imkoni, 85-o‘rin;
2020 yil: 57ta davlatga vizasiz borish imkoni, 83-o‘rin;
2021 yil: 56ta davlatga vizasiz borish imkoni, 92-o‘rin;
2022 yil: 57ta davlatga vizasiz borish imkoni, 86-o‘rin.

Yaponiya va Singapur pasportlari 5 yildan buyon reytingda yetakchilikni bermay kelmoqda. Henley kompaniyasiga ko‘ra, bu ikki davlat fuqarolari 192ta davlatga vizasiz borish huquqiga ega.

2022 yilda ham, odatdagidek, reytingda yuqori o‘rinlarni asosan Yevropa Ittifoqi davlatlarining pasportlari band qilgan:

1-o‘rin. Yaponiya, Singapur – 192ta davlat;
2-o‘rin. Germaniya, Janubiy Koreya – 190ta davlat;
3-o‘rin. Finlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Ispaniya – 189ta davlat;
4-o‘rin. Avstriya, Daniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya – 188ta davlat.
5-o‘rin. Irlandiya, Portugaliya – 187ta davlat.

Sobiq ittifoq respublikalari orasida Litva (182ta davlatga vizasiz borish huquqini beradi), Estoniya va Latviya (181ta davlat) pasportlarining obro‘si juda yuqori.

BAA pasporti bilan 175ta davlatga, Isroil pasporti bilan esa 159ta davlatga beruxsat kirib boraverish mumkin.

Ukraina pasporti 141ta davlat, Rossiya pasporti 119ta davlat, Turkiya pasporti esa 110ta davlatga vizasiz kirish huquqini beradi.

Markaziy Osiyo respublikalarining pasportlari reytingi quyidagicha:

68-o‘rin. Qozog‘iston – 75
80-o‘rin. Qirg‘iziston – 63
84-o‘rin. Tojikiston – 59
86-o‘rin. O‘zbekiston – 57
91-o‘rin. Turkmaniston – 52

Reytingni 26ta davlatga vizasiz kirish imkonini berishi bilan Afg‘oniston pasporti yakunlab beradi. Undan avvalgi o‘rinlarda Iroq (28), Suriya (29), Pokiston (31) va Yaman (33) fuqaroligini tasdiqlovchi hujjatlar qayd etilgan.

Top