Jamiyat | 18:37 / 18.01.2022
19466
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada is gazidan vafot etgan 3 kishidan 2 nafari harbiy xizmatchi ekani ma’lum bo‘ldi

Farg‘onada uch kishi - ikki harbiy xizmatchi va bir o‘smir - is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi. Hodisa sabablari shahar hokimi o‘rinbosari boshchiligidagi komissiya tomonidan o‘rganilmoqda. Harbiy prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazmoqda.

Foto: Kun.uz

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Farg‘ona shahridagi uylarning birida 14 yanvar kuni uch kishi is gazidan zaharlanib, vafot etgani holati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 14 yanvar kuni soat 13:00 larda shaharning «Istiqlol» mahallasida yashovchi ikki kishi hamda shu xonadonga mehmonga kelgan bir nafar fuqaro Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib borilgan. Tez tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, ular shifoxonada vafot etgan.

Vafot etganlarning ikki nafari harbiy xizmatchi ekani aniqlangan.

Gazeta.uz’ning aniqlik kiritishicha, ulardan biri 42 yoshli harbiy xizmatchi erkak, ikkinchisi 40 yoshdagi harbiy xizmatchi ayol bo‘lgan. Uchinchi qurbon 17 yoshli maktab o‘quvchisi.

Hodisa xonadondagi qo‘lbola usulida yasalgan isitish pechidan is gazi sizib chiqishi oqibatida yuzaga kelgan.

Hozirda holat yuzasidan Farg‘ona harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avvalroq Farg‘ona shahridagi uylarning birida 14 yanvar kuni uch kishi is gazidan zaharlanib,vafot etgani, ulardan biri xonadon mehmoni bo‘lgani haqida xabar berilgandi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid