Jamiyat | 14:28 / 19.01.2022
7029
2 daqiqa o‘qiladi

“Bolam butkul falaj bo‘lib qolishidan qo‘rqaman”: xastalikdan boshi xam qizga ko‘mak zarur

Sirdaryo viloyatining Muzrabot tumanidan tahririyatimizga madad istab tashrif buyurgan Zulfiya Norqulovaning qizi Guliro‘zaga skolioz tashxisi qo‘yilgan.

Qo‘li kaltalik bilan kun kechiradigan oilaning boshiga bu katta musibat bo‘ldi. Guliro‘za ulg‘aygani sayin unda umurtqa pog‘onasining qiyshayishi yaqqol sezila boshladi. Oxir-oqibatda yura olmay qolgan qizni davolatish uchun shifokorlarga murojaat qilishganda bu dardga faqat jarrohlik amaliyoti orqali davo topish mumkinligi aytilgan. Afsuski barcha tayyorgarlik ko‘rilib, operatsiya o‘tkaziladigan kun ham belgilanganda shifoxona xarajatlari uchun qilinadigan to‘lovga pul topilmay amaliyot kechiktirildi.

“Qizim ba’zida beli og‘rib, yura olmay qoladi. Darslarda ham ko‘p o‘tirolmaydi. Uni vaqtida davolatmasak, oyoq-qo‘li ishlamasdan falaj bo‘lib qolishi mumkinligini aytishdi. Shundan qo‘rqqanimizdan davolatish uchun imkon qadar harakat qilyapmiz.

Tun-u kun xayolim qizimni sog‘ayishi uchun imkon axtarish bilan band bo‘ladi. Vaqtida bilib, oldini olmaganim uchun o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketaman ba’zida. Bolamni asrab qololmaslikdan qo‘rqaman. Yetishmovchilik eng qiyin narsa ekan”, – deya yig‘laydi qizining dardi bilan yashayotgan ona.

Guliro‘za shu nuqsoni sabab o‘z tengdoshlariga qo‘shilishga iymanadi. Unga qarab turib qizning qalbida kechayotgan og‘riqlar tan og‘riqlaridan-da kuchliroq, azobliroq ekanligini payqash qiyin emas.

Oila boshlig‘i traktorchi, ayni paytda esa mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib farzandi tuzalishi uchun imkon axtarmoqda. Oilaning dardi yengillashishiga ko‘mak berishni, bir farzandning to‘shakka mixlanib qolishining oldini olishni istaganlar uchun biz ham duodamiz.

Guliro‘za To‘raboyevaga oid ma’lumotlar:

Uzcard: 8600 1402 9192 7011 onasi Zulfiya Norqulova nomida

Viza: 4073 4200 3494 0621 tanishi Zuhra Qo‘chqorova nomida

Mavzuga oid