Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real» yulduziga xaridor bor, «Barsa»da tozalash. So‘nggi transfer intrigalari
Yevropadagi top-klublarda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
Yevropada qishki transferlar oynasi yopilishiga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi. Top-klublar tarkiblarini kuchaytirish uchun turli variantlarni ko‘rib chiqmoqda. Quyida transferlar bozorida kuzatilayotgan vaziyat haqida.
«Man Siti»da hujum chizig‘i uchun yangi variant paydo bo‘ldi
«Manchester Siti» yangi hujumchi qidirmoqda. Avvaliga ingliz klubi Erling Holandni qo‘lga kiritishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi, ammo endi vaziyat biroz o‘zgargan. Xabarlarga ko‘ra, «Borussiya» hujumchisi «Real»ga o‘tish variantini ko‘rib chiqmoqda. The Athletic nashrining yozishicha, «Man Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola muqobil variantni ham belgilab olgan. U «Real»ning yosh hujumchisi Vinisiusni jamoasida ko‘rmoqchi.
Bu masala ko‘p jihatdan Kiliane Mbappega bog‘liq. Agar «Real» uni yozgi transferlarda safga qo‘shib olsa, maoshiga va shartnoma imzolangani uchun bonusga katta pul sarflashiga to‘g‘ri keladi. Bunday sharoitda Madrid klubi Holandni ham tarkibga qo‘shib olishini tasavvur qilish qiyin bo‘ladi. Agar norvegiyalik forvard sotib olinmaydigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan «Real»da Vinisiusni sotishga hojat qolmaydi. Boshqa tomondan «Siti» futbolchi uchun yaxshi mablag‘ taklif etsa, bu madridliklarga Mbappe uchun xarajatlarni qoplash imkonini beradi.
Serb javohiriga kim ega chiqadi?
«Fiorentina» hujumchisi Dushan Vlahovich — so‘nggi yillarda eng samarali futbolchilardan bo‘lmoqda. Uning xizmatlariga bir necha klub jiddiy qiziqish bildirayotgani hayron qolarli holat emas. «Arsenal» serbiyalik futbolchini yaqin kunlar ichida tarkibga qo‘shib olish haqida o‘ylamoqda. La Nazione manbasi ma’lumotiga ko‘ra, London klubi forvard uchun 70 mln yevro to‘laydi. Transfermarkt portali Vlahovichning transfer qiymatini aynan shunchaga baholagan.
«Arsenal»da asosiy hujumchi Per-Emerik Obameyang bilan muammolar yuzaga kelgan. Gabonlik hujumchi avvaliga intizomsizligi uchun sardorlik bog‘ichidan mahrum etildi, keyin u kovidga chalindi va ancha vaqtdan buyon jamoa o‘yinlarida maydonga tushmayapti. Biroz oldinroq u Afrika Kubogida ishtirok etayotgan Gabon termasi bazasini tark etdi - koronavirusdan keyin uning yuragida muammo paydo bo‘lgani aytildi. Shuningdek, OAV ma’lumotiga ko‘ra, u va gabonliklarning APLda ishtirok etuvchi yana bir vakili Lemina klub mehmonxonasiga mast holatda va bir guruh qizlar bilan kelgan. Sky Spors ma’lumotiga ko‘ra, Obameyangga Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubidan taklif bor. Ar-riyozliklar 32 yoshli futbolchini mavsum yakuniga qadar ijaraga olib, yozda 7-8 mln yevroga sotib olishni mo‘ljallagan.
Vlahovichning statistikasiga qarab, u ingliz klubida afrikalik futbolchi o‘rnini bemalol egallay olishini aytish mumkin. Joriy mavsumda Dushan A Seriyaning 21 o‘yinida 17 gol urishga ulgurdi. Shartnomasi muddati 2023 yilga qadar bo‘lgan futbolchiga «Barselona» va «Real» klublaridan ham qiziqish bor.
«Arsenal» Italiyadan yana bir futbolchi olib kelishi mumkin. «Yuventus» Miralem Pyanichning «Barselona»ga Artur Melo evaziga berib yuborilishi xato transfer bo‘lganini tan olmoqda. Bosniyalik futbolchi Kataloniyada o‘zini ko‘rsata olmadi va «Beshiktosh»ga jo‘natildi, Artur esa hamon turinliklar zaxira o‘rindig‘i changini tozalamoqda. Bu vaqtda «Arsenal»dan bo‘layotgan taklif ayni muddao. «Kanonirlar» 25 yoshli braziliyalikni ijaraga olmoqchi, «Yuventus» unga o‘rinbosar topsa, transferga rozi bo‘ladi. Klub «Chelsi»dan Ruben Loftus-Chikni safga qo‘shib olishi mumkin.
Suares APLga qaytadimi?
«Atletiko» hujumchisi Luis Suares Braziliya klublaridan bo‘lgan uch taklifni rad etdi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni jamoalaridan biriga rad javobini berdi. Jurnalist Jyerar Romeroning ma’lumotiga ko‘ra, 34 yoshli futbolchi «Aston Villa»ga o‘tishga qiziqmoqda. Hozirda bu klubni Suares bilan «Liverpul» safida birga o‘ynagan Stiven Jyerrard boshqarmoqda. Murabbiy forvardni yangi klubiga taklif qilmoqda va Luisni ham bunday variant to‘la qanoatlantiradi. Bu transfer qishda amalga oshishini kutish qiyin, mavsum yakunida esa Suares APLga erkin agent maqomida qaytishi mumkin bo‘ladi.
Eriksen APLga qaytadimi?
Daniyalik futbolchi Qatardagi jahon chempionatiga borishni xohlamoqda. Buning uchun esa yetarli o‘yin amaliyoti talab etiladi, yarimhimoyachi esa Yevro-2020dagi voqeadan keyin rasmiy o‘yinlarda maydonga tushmagan. O‘shanda Kristian guruh bosqichining ilk o‘yinida hushini yo‘qotib, gazonga qulagan va futbol muxlislarini qo‘rqitib yuborgandi. Shifokorlar Eriksenni hayotga qaytarishgan, ammo u klubsiz qolgandi - «Inter» u bilan shartnomani bekor qilishga majbur bo‘ldi. Kristianda A Seriyada hech qanday istiqbol yo‘q edi, bu yerda defibrillyator bilan (futbolchiga Yevrodagi voqeadan keyin o‘rnatilgan moslama) o‘ynashga ruxsat yo‘q.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, «Brentford» (APLda 14-o‘rinda) daniyalikka shartnoma taklif qilgan. APL debyutanti yana bir yilga uzaytirish sharti bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma imzolashni taklif etmoqda. «Brentford» bosh murabbiyi Tomas Frank o‘z vaqtida Daniya o‘smirlar jamoasini boshqarganida Kristian bilan ishlagan. Jurnalist Nikolo Shira tvitterida yozishicha, futbolchiga «Ayaks» ham talabgor. Eriksen amsterdamliklar klubida 2009 yildan 2013 yilgacha to‘p surgan va «Tottenhem»ga ketgandi.
«Shporlar» ham uni ortga qaytarishga qarshi emas. Jamoaning yangi bosh murabbiyi, «Inter»da Eriksenga ustozlik qilgan Antonio Konte daniyalikning Angliyaga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi: «Yozda bo‘lgan voqea — yoqimsiz holat edi. Bu Eriksen bilan ishlaganlar, uni yaqindan bilganlar uchun ham yomon holat edi. Men o‘shanda qo‘rqib ketgandim. U yana maydonga chiqishga tayyorlanayotganini ko‘rish ajoyib, bu zo‘r yangilik. O‘ylaymanki, Kristian uchun eshiklar hamisha ochiq».
«Barsa» Dembelega xayr dedi

Hech kimga sir emas, «Barselona»da moliyaviy vaziyat yaxshi emas. Katalonlar «Manchester Siti»dan 55 million yevroga Ferran Torresni xarid qildi, bu transfer bo‘yicha birinchi transh faqat iyulga borib amalga oshiriladi. Ammo klub katta rejalarni ko‘zlagan, bu rejalarni amalga oshirish uchun esa klub keraksiz futbolchilardan qutulishi kerak. Samyuel Umtiti maoshi kamayishiga rozi bo‘ldi, Filippe Koutino «Aston Villa»ga ijaraga berildi, Usmon Dembele bilan esa vingerning kosmik talablari tufayli shartnoma uzaytirilmaydigan bo‘ldi.
Marka-Andre ter Shtegen va Frenki De Yong ham sotilishi haqida gaplar chiqqan. «Barsa» yozda Erling Holandni transfer qilmoqchi, shu tufayli qishdayoq bir necha futbolchi bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq, Xavi Dembele shartnomani uzaytirishni istamasa, jamoadan ketishi haqida aytgandi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Dembelening ketishi aniq bo‘lib ulgurgan. «Biz uning «Barsa»da qolishni istamasligini to‘g‘ri tushunamiz va Usmonga ham o‘z qarorimiz haqida ma’lum qilganmiz. Bizga klubga sodiq futbolchilar kerak. Unga imkon qadar tezroq jamoadan ketishi lozimligini aytdik», degan «Barselona» klubi ijrochi direktori Mateu Alemani.
«Barsa» Dembelega o‘rinbosarlarni o‘z tarbiyalanuvchilari orasidan qidirmoqda. Diario Sport xabariga ko‘ra, 25 yoshli Adama Traore «Barselona»ga qaytishga qarshi emas. Katalonlar klubi futbolchining agenti Jorjye Mendesh hamda futbolchining hozirgi klubi «Vulverhempton» bilan yaxshi aloqalarga ega. «Barsa» Fransisku Trinkanni berish orqali (u hozirda ijara asosida «Vulvz»da o‘ynamoqda) transfer narxini arzonlashtirishi mumkin.
Ayni vaqtda «Tottenhem» ham uni qo‘lga kiritish fikridan qaytmagan, «Vulverhempton» esa vingerni mavsum yakuniga qadar jamoada olib qolishni istamoqda.
Transfermarkt futbolchining transferini 28 million yevroga baholagan. Joriy mavsumda Traore APLning 19 o‘yinida qatnashib, bir gol muallifi bo‘ldi.
Pogba «PSJ»da Messi bilan birga o‘ynash uchun rekord darajadagi shartnomadan voz kechdi
Fransiyalik yarimhimoyachi Pol Pogba yozda «Manchester Yunayted»ni tark etmoqchi. Qator manbalar, jumladan The Times va Le Parisien ham shu haqda yozgan. Uning uchun ustuvor variant — «PSJ». Avvalroq «MYu» Pogbani APLning eng yuqori maosh to‘lanuvchi futbolchisiga aylantirishga tayyor ekani haqida xabarlar tarqalgandi. The Sun ma’lumotiga ko‘ra, manchesterliklar rahbariyati Polga haftasiga 600 ming to‘lashga rozi. Aftidan, Pogba rekord darajadagi shartnomadan bosh tortgan.
«Yuventus» va «Manchester Yunayted» Marsiyal bo‘yicha kelisha olmayapti
Ikki klub muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. «Yuventus» futbolchini mavsum oxiriga qadar ijaraga olmoqchi, «MYu» jsa fransiyalik forvardini faqat bir shart bilan qo‘yib yuborishga rozi bo‘ladi. Buning uchun italyan klubi Marsiyalning shartnomasi bo‘yicha barcha shartlarni zimmasiga olishi darkor. «Yuve» bosh direktori Mauritsio Arrivabene bunday shartlar klubni qoniqtirmasligini ma’lum qilgan. Insayder Fabritsio Romano «Yuve» rahbariyatidagi manbasiga asoslanib yozishicha, «Manchester Yunayted» yon bermoqchi emas. Marsiyalning o‘zi esa boshqa klubga ketishni xohlamoqda.
«Chelsi» va chap qanot himoyachisi
APLning 12 turidan keyin Tomas Tuxel jamoasi atigi besh gol o‘tkazgandi. «Ko‘klar»ning so‘nggi 11 o‘yinida esa faqat bitta o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlab qolindi. Asosiy sabablardan biri — jarohatlar, jumladan qanot futbolchilarining safdan chiqishidir. O‘ngda Ris Jyeyms o‘rnini tajribali Sezar Aspilikueta to‘ldirishi mumkin bo‘lsa-da, chap qanotda Ben Chilluelning jarohatidan keyin «Chelsi»da jiddiy muammolar yuzaga keldi. Ba’zi o‘yinlarda Markos Alonsodan tashqari bu nuqtada hatto vinger Kallum Hadson-Odoi ham o‘ynashiga to‘g‘ri keldi.
Ko‘klar Lyuk Dinni safga qo‘shib olmoqchi edi, ammo fransuz «Everton»ni «Aston Villa»ga almashtirdi. «Lion» «Chelsi»dan ijaraga olingan Emersonni qaytarishni istamayapti, chunki u fransuz klubida ayni vaqtda asosiy tarkibning muhim futbolchisiga aylangan. «PSJ»ning asosiy tarkibidan tushib qolgan Levan Kurzava haqida ham gaplar bor, ammo bular hozircha mish-mishlar. «Chelsi» yanvardagi transferlar oynasi oxirigacha chap qanotga futbolchi topa oladimi - bu hamon so‘roq ostida qolmoqda.
«Yuventus» Dibalani qo‘yib yuboradimi?
Paulo Dibalaning «Yuventus» bilan yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralari hozircha muvaffaqiyatli kechmayapti. Sky Sport Italia nashri yozishicha, klub rahbariyati futbolchi maoshi qisqarishiga rozi bo‘lishini xohlayapti. Agar Dibala rad qilsa, jamoani erkin agent sifatida tark etadi. Uning amaldagi shartnomasi joriy mavsum oxiriga qadar tuzilgan. O‘z navbatida, «Yuventus» unga o‘rinbosar sifatida «Roma»ning hujumkor yarimhimoyachisi Nikolo Dzanolo variantini ko‘rib chiqmoqda. Rimliklar yetakchi futbolchisi bilan shartnomani yangilashga harakat qilmoqda, ammo futbolchi «Yuve»ning qiziqishini inobatga olgan holda muzokaralarda tanaffus qilishi mumkin.
«Nyukasl»ning xaridlari
Angliyada yana bir top-klub tuzishmoqchi. Saudiya Arabistonidan kelgan investorlar bilan «Nyukasl» Angliya futbolining elitasiga chiqishi mumkin. Ammo buning uchun «qarg‘alar» joriy mavsumda APLda qolish vazifasini uddalashi kerak bo‘ladi.
Buning uchun «Atletiko» bilan Ispaniya chempioni bo‘lgan Kiran Tripper Angliyaga qaytarildi, shuningdek «Byornli»dan Kris Vud sotib olindi — 30 yoshli yangi zelandiyalik uchun 25 million funt to‘langan. Sky Sport Italia ma’lumotiga ko‘ra, «Atalanta»ning germaniyalik himoyachisi Robin Gozens ham «Nyukasl» bilan kelishuvga erishgan - unga 2025 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma va yiliga 3,5 million yevro miqdorida maosh taklif etilgan. Shuningdek Jorjino Vaynaldumni «PSJ»dan va Donni van de Bekni «Manchester Yunayted»dan ijaraga olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Mavzuga oid
15:40 / 06.02.2026
Qishdagi asosiy transferlar: «Siti» yana faol, Endrik «baxti»ni topdi, Saudiyada mojarolar
20:12 / 02.02.2026
Qishki transferlarning so‘nggi kunidagi 10 intriga
16:36 / 22.12.2025
Semenyo – qishki transferlardagi asosiy aktiv. U qaysi klubga o‘tadi?
16:10 / 07.02.2025