19:55 / 24.01.2022
23724

Jonson Ukrainaga «bostirib kirish» Rossiya uchun «yangi Checheniston»ga aylanishi haqida gapirdi

Britaniyaliklar bosh vaziri Yevropa mamlakatlari Rossiyaga Ukrainaga «bosqin» oqibati halokatli bo‘lishini tushuntirishi kerakligini aytdi. Shu bilan birga, u zarurat tug‘ilsa Ukraina fuqarolari «jang qilishlari»ga ishonch bildirdi.

Foto: Chris J Ratcliffe / Getty Images

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukrainaga «bostirib kirish» Rossiya uchun og‘riqli, shafqatsiz va qonli jarayon bo‘lishinidan ogohlantirib, buni «yangi Checheniston»ga tenglashtirdi.

«Biz Kremlga bu [bosqin] halokatli qadam bo‘lishini tushuntirishimiz kerak. <...> Men o‘ylaymanki, Rossiyadagi odamlar bu yangi Checheniston bo‘lishi mumkinligini tushunishlari juda muhim», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltiradi Reuters.

Jonson zarurat tug‘ilsa, ukrainaliklar «jang qilishi»ga ishonch bildirgan.

Shu bilan birga, u bosqin bo‘lishi muqarrar deb hisoblamaydi. «O‘ylaymanki, sog‘lom fikr ustun keladi», — deya qo‘shimcha qilgan britaniyaliklar bosh vaziri.

  • Ukraina atrofidagi vaziyat o‘tgan yil kuzidan yana keskinlasha boshladi, o‘shanda qator nashrlar, jumladan The Washington Post va Politico Rossiya Ukrainaga «bostirib kirish»ga tayyorlanayotgani to‘g‘risida yozishdi. Shundan keyin bu tezis deyarli barcha ukrain va G‘arb siyosatchilari tomonidan qo‘llana boshlandi. Xususan, AQSh prezidenti Jo Bayden «harbiy agressiya» ro‘y bergudek bo‘lsa, Rossiyani prezident Vladimir Putin «hech qachon ko‘rmagan» sanksiyalar kutishi haqida aytdi.
  • Kremldagilar bir necha marta «bosqinga tayyorgarlik» to‘g‘risidagi ayblovni rad etgan va rossiyalik harbiylar o‘z hududida erkin harakatlanish huquqiga egaligini ro‘kach qilgan. O‘z navbatida, Putin NATO sharqqa tomon kengaymasligi borasida yuridik kafolat talab qilgan, bu borada taklif Rossiya TIV tomonidan 2021 yil dekabrida AQShga yo‘llangan. Shundan keyin, Jyeneva, Bryussel va Vena shaharlarida Rossiya, AQSh va NATO vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi, ammo ular muayyan natijasiz yakunlandi.
  • 24 yanvar kuni Buyuk Britaniya, AQSh, Avstraliya va Germaniya diplomatlarining bir qismi va ularning oila a’zolari «Rossiya tomondan tahdid o‘sayotgani» tufayli Ukrainadan olib chiqilishini ma’lum qildi. Moskvadagilar bunday harakatlarni «g‘alati» deb baholashgan. Ukraina TIV ham diplomatlarning evakuatsiyasini haddan tashqari ehtiyotkorlik va voqealar rivojidan ilgarilab ketish deb baholadi.
  • Xuddi shu vaqtda NATO Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha kemalar va aviatsiya kuchlari yo‘llanishi haqida e’lon qildi: Bolgariya, Ruminiya va Litvaga. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa ayni vaqtda Ukrainaning Donbassga qurolli hujumi xavfi juda yuqori ekanini qayd etdi. «Ukraina hukumati o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar bilan chegara hududida katta kuch to‘plamoqda, bu konsentratsiyaning tabiati hujumkor harakatlarga tayyorgarlikdan dalolat beradi va chindan ham shunday xavf mavjud», — degan u.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top