O‘zbekiston | 18:29 / 29.01.2022
1142
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 2021 yilda tadbirkorlardan nohaq undirilgan 40 milliard so‘m qaytarildi

Qashqadaryo viloyatida 2021 yilda biznes ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorlardan nohaq undirilgan 40 milliard so‘m qaytarib berilgan. Bu haqda biznes ombudsmanning Qashqadaryo viloyati devoni vakili Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, 2021 yilda biznes ombudsman devonining Qashqadaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining 529 ta murojaatlari ko‘rib chiqilgan.

Tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganligi uchun 140 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ular asosida aybdor shaxslardan 90 million so‘mdan ortiq jarimalar undirilgan.

Bundan tashqari, biznes ombudsman vakillarining aralashuvi bilan tadbirkorlik sub’yektlaridan soliq va majburiy to‘lovlaridan ortiqcha undirilgan 40 milliard 299 million so‘m mablag‘ qaytarib berilgan.

Tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarida sudlarga kiritilgan da’vo arizalari asosida tadbirkorlarga davlat organlari  va tashkilotlardan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi belgilangan.

Kiritilgan shikoyatlar asosida quyi instansiya sudlarining tadbirkorlik sub’yektlari manfaatida zid tarzda qabul qilingan 10 ga yaqin qarorlari bekor qilingan.

Tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarini himoya qilish maqsadida 100 ga yaqin sud majlislarida ishtirok etilgan.

Vazirlik va idoralarning hududdagi 9 ta boshqarmasida tadbirkorlik sub’yektlari sohasida qonunchilik hujjatlariga rioya qilinganligi holati o‘rganilib, 200 dan ortiq qonunbuzilish holati aniqlangan.

Ma’lumot uchun, biznes ombudsman Qashqadaryo viloyati devonida 4 nafar xodim faoliyat olib boradi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid