«Bugungi kunda biz avvalgiga qaraganda kattaroq eskalatsiya ko‘rmayapmiz. Ha, harbiylar soni oshgan, ammo men bu haqda 2021 yil boshidayoq aytganman, o‘shanda Rossiya Federatsiyasi harbiy mashg‘ulotlari haqida aytilgandi [...] Va hozir ham men vaziyat o‘sha mashg‘ulotlarning avj pallasidagidan ko‘ra keskinroq deb hisoblamayman - vaziyat o‘shanda ham juda keskin edi. Ammo o‘shanda bunday axborot siyosati olib borilmagandi. Shuning uchun men hisoblaymanki - biz prezident [AQSh] bilan ham shu haqda gaplashdik - men hisoblaymanki, bu siyosat muvozanatli bo‘lishi kerak», degan Zelenskiy Kiyevda xorijlik jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda.

Zelenskiy xorijlik yetakchilarning bayonotlaridan Kiyev ko‘chalari bo‘ylab tanklar harakatlanayotgani haqida tasavvur uyg‘onishi, ammo aslida bunday emasligini ta’kidlagan.

«Bizga bunday vahima kerak emas [...] Bizga mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorlashuvi kerak [...] chunki «ertaga urush» boshlanishi haqidagi signallar yangramoqda - hatto davlatlarning hurmatli rahbarlaridan ham signallar keldi, ular diplomatik tilda ham emas, ochiqchasiga shunday demoqda: «Ertaga urush bo‘ladi». Bu — vahima. Bozorlarda vahima, moliyaviy sektorda vahima. Bu bizning davlatimizga qanchaga tushadi!» degan Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday vahima Ukraina iqtisodiyoti qaytarib olingan investitsiyalar tufayli 12,5 mlrd grivna (440 mln dollar atrofida) zarar ko‘rgan. «Bizda o‘tgan yili YaIM ko‘rsatkichlari bo‘yicha rekord darajaga erishdik, o‘sish bo‘ldi, 2021 yilda 6,5 mlrd [grivna] yangi investitsiyalar keldi. Ammo bunday axborot urushi tufayli Ukrainadan 12,5 mlrd pulni olib chiqib ketishdi. Biz valutamizni davlat zaxiralari hisobidan barqarorlashtirmoqdamiz. Bu mamlakatimizga juda qimmatga tushmoqda», degan Zelenskiy.

Oq uy saytida Baydenning Zelenskiy bilan muloqoti haqida berilgan hisobotda amerikaliklar prezidenti yana bir bor Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda «qat’iy javob qaytarishi»ni aytgani bildirilgan. Shu bilan birga, Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Bayden rossiyaliklar fevral oyida Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida gapirgan.

«Tayyor bo‘l, ammo bu haqda bong urma»

Bayden va Zelenskiy muloqotidan keyin jurnalistlar tomonlar aynan nimalarni gaplashgani haqida taxminlar bildira boshladi. CNN’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha katta korrespondenti Aleksander Markardt tvitterida AQSh prezidenti bosqin muqarrar ekanini aytgani haqida yozgan. Oq uy buni rad etib, prezident muqarrar hujum haqida emas, «xavf realligi» haqida gapirganini ma’lum qildi. Ukraina prezidenti matbuot xizmati ham CNN ma’lumotlariga raddiya berdi.