Dekabr oyi boshidan buyon AQSh va Ukraina prezidentlari uch bor muloqot qildi / Reuters

Oq uy saytida ushbu muloqot bo‘yicha berilgan hisobotda prezident yana bir bor Rossiya Ukrainaga bostirib kirgudek bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda «qat’iyat bilan javob qaytarishi»ni ta’kidlagan. Shu bilan birga, Oq uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Bayden rossiyaliklarning Ukrainaga hujumi fevralda ro‘y berishi mumkinligini aytgan.

Versiyalar va raddiyalar
Baydenning Zelenskiy bilan muloqotidan keyin jurnalistlar ikki mamlakat rahbarlari aynan nimalarni muhokama qilgani bo‘yicha o‘z taxminlarini bildira boshladi.

CNN’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha katta korrespondenti Aleksander Markardt tvitterdagi sahifasida AQSh prezidenti bosqin muqarrar ekanini aytgani haqida yozgan. «Yuqori martabali ukrainalik amaldor mchancecnn’ga Bayden Zelenskiyga Rossiya bosqinidan endi qochib qutulib bo‘lmasligi, yer muzlashi bilan ular hujumga o‘tishi haqida aytganini xabar qilgan. Ushbu amaldorga ko‘ra, Bayden Kiyev «qamal qilinishi» mumkinligi, rossiyalik harbiylar shaharni egallab olishga urinishi mumkinligi, «zarbaga tayyor turish kerakligi»ni aytgan», deya tasdiqlaydi jurnalist.

Avvalroq ayrim harbiy ekspertlar Rossiya og‘ir texnikalarini botqoqlik hududlarida harakatlantirish oson bo‘lishi uchun Ukraina yerlari muzlashini kutishi mumkinligi haqida taxmin qilishgandi.

Ammo Oq uy vakillari Bayden bunday gaplar aytmaganini bildirdi. «Bu to‘g‘ri emas. Prezident Bayden Rossiya fevralda Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi bo‘yicha real xavf mavjudligini aytdi. U avval ham bu haqda ochiq gapirgan, biz ham bir necha oydan buyon bu haqda ogohlantirib kelmoqdamiz. Bundan oshiqcha yoki farqli xabarlarning barchasi yolg‘on», deya tvitterda Markardtga javob yozgan Amerika ma’muriyatining milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Emili Horn.

CNN shaxsi sir saqlanishi sharti bilan gapirgan ukrainalik yuqori martabali amaldorga tayangan holda ikki prezident suhbati, Rossiya tahdidi ko‘lami borasidagi farqli fikrlar tufayli «u qadar silliq o‘tmagani» haqida xabar qilgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, Baydenning «bosqin muqarrarligi» haqidagi ogohlantirishiga javoban Zelenskiy o‘z pozitsiyasini takrorlab, Rossiya tomondan tahdid bor bo‘lsa-da, bu «noaniq» ekani va rossiyaliklar hujum qilishi fakt emasligini aytgan.