Sport | 18:57 / 31.01.2022
17621
9 daqiqa o‘qiladi

Syurprizlar bo‘ladimi? Transferlarning so‘nggi kunidagi intrigalar

«Arsenal» hujumchi topadimi, «Yuventus»ni kimlar tark etadi, «Barselona» Dembeleni kimga sotadi? Transferlar darichasining so‘nggi kunida bir qator shov-shuvli o‘tishlar ro‘y berishi kutilmoqda.

31 yanvar kuni Yevropada qishki transferlar oynasi yopiladi, qishki transferlarda odatdagidek ko‘p va shov-shuvli transferlar ro‘y bermadi, ammo so‘nggi kunda barchasi o‘zgarib ketishi, klublar so‘nggi daqiqalarda katta xaridlar haqida e’lon qilishi mumkin. Bugun jiddiy transferlardan biri amalga oshib bo‘ldi - kun ajoyib yangilik bilan boshlandi, Kristian Eriksen Angliyaga qaytdi va «Brentford» bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma imzoladi. Quyida kun davomida yana qanday transferlar e’lon qilinishi mumkinligi haqida.

Transferlar darichasi qayerda qachon yopiladi?

  • Bundesliga – 22:00 (Toshkent)
  • A Seriya – 00:00
  • APL, La Liga i Liga 1 – 04:00
  • Rossiya chempionatida qariyb bir oy bor – oyna 22 fevralda yopiladi. 

«Barselona» Dembeledan qutuladimi?

Foto: REUTERS/Albert Gea

Katalonlar klubi bir oydan buyon fransuz hujumchisiga xaridor izlamoqda, tabiati og‘ir bo‘lgan bu futbolchining o‘zi ham shartnomani yangilashdan bosh tortgan va klubdan ketishni niyat qilgan. Bosh murabbiy Xavi ham jamoa Dembelega umid bog‘lamayotganini aytgan, shunday ekan, futbolchi qolsa ham asosiy tarkibdan umid uzishiga to‘g‘ri keladi.

Ispan nashrlariga ko‘ra, forvard faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettiradi. Ammo Usmon Dembele «Barselona»da intizomga rioya etmasligi bilan ajralib turardi, qolaversa joriy mavsumda statistik ko‘rsatkichlari bilan maqtana olmaydi, shu tufayli bunday futbolchini tarkibida ko‘rishni istovchi klublar ko‘p emas.

Avvaliga futbolchiga «PSJ» talabgor ekani aytilgandi, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, parijliklar ustozi bu qishda transferlar qilmoqchi emas. Klub rahbariyati ham fransiyalik futbolchi uchun katta pul sarflamoqchi emasligi va uni yozda erkin agent sifatida tarkibiga qo‘shib olishni afzal ko‘rgani aytildi.

Unga «Tottenhem»dan ham qiziqish mavjudligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi, ammo so‘nggi xabarlarga ko‘ra «Chelsi» varianti haqiqatga yaqinroq. Tomas Tuxel unga Dortmundda ustozlik qilgan, futbolchining o‘zi agar Tuxel ketmaganida «Borussiya»da o‘ynashda davom etgan bo‘lishini aytgandi.

Obameyang Ispaniyada

«Barselona» Dembele o‘rniga tezkor gabonlikni safga qo‘shib oladi. 32 yoshli hujumchi «Arsenal»da qator muammolarga duch keldi, u intizomga rioya etmagani uchun avvaliga sardorlik bog‘ichidan mahrum qilindi, keyingi o‘yinlarda maydonga tushirilmadi, Afrika Kubogida ham mojaroga aralashib qoldi. Shu tufayli London klubi qishki transferlar oynasida ushbu forvarddan qutulish uchun ish olib bordi, unga avvaliga Saudiyaning «An-Nasr» klubi asosiy da’vogar bo‘lib turdi, saudlar unga APLdagi maoshini (haftasiga 250 ming funt) to‘lashga tayyor edi, ammo futbolchi maoshi sezilarli darajada kamayishi evaziga bo‘lsa-da, nomdorroq klubda to‘p surishni tanladi. U «Barselona» bilan og‘zaki kelishuvga erishib qo‘ygan.

Insayder Jyerrard Romeroning yozishicha, Obameyang ayni vaqtda Kataloniyaga yetib kelgan - «Arsenal» uni ko‘k-anorranglilarga mavsum oxirigacha ijaraga beradi. Ammo futbolchi transferi amalga oshishi uchun «Barselona»ni Dembele tark etishi kerak.

«Arsenal» hujum chizig‘iga kimni oladi?

«Arsenal» yanvar oyi mobaynida «Fiorentina»dan serbiyalik hujumchi Dushan Vlahovichni olishga harakat qildi va transfer uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan 70 mln yevroni taklif qildi, ammo so‘nggi pallalarda uni «Yuventus» ilib ketdi. Endilikda London klubining asosiy nishoni «Atletiko» hujumchisi, hozirda «Yuventus»ga ijaraga berilgan Alvaro Morata bo‘lib turibdi. 

«Kanonirlar» ustozi Mikel Artetaning yordamchisi Migel Molina 29 yoshli forvard bilan faol muzokara o‘tkazmoqda. «Yuventus»ga ikkinchi qaytishi u qadar muvaffaqiyatli chiqmagan Morata Turinga yana bir top-forvard kelgani tufayli, asosiy tarkibdan umidini uzishiga to‘g‘ri keladi. U yana bir bor Angliya chempionatida omadini sinab ko‘rishi mumkin - birinchi urinishda u «Chelsi»da o‘ynab ketolmagandi. «Real»dan chiqqan bu hujumchi klubning ashaddiy raqibi «Barselona» safida paydo bo‘lishi mumkin edi, ammo «Atletiko» uning kataloniyaliklar safiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi.

O‘tgan haftada, jamoa Dubayda yig‘in o‘tkazayotgan mahalda Arteta AQShga, klub rahbari Sten Kronke bilan uchrashish uchun yo‘l olgan. Uchrashuvda Arteta klub uchun «to‘qqizlik» hujumchi olib berishni so‘ragan. Klubning short-listida «Real Sosedad»ning shvetsiyalik hujumchisi Aleksandr Isak va «Everton» forvardi Kalvert-Lyuin ham bor.

«Yuventus»ni yana kimlar tark etadi?

Foto: FRANCESCO PECORARO/GETTY IMAGES

Deyan Kulushevski – A Seriyadagi eng progressiv futbolchilardan biri. Shvetsiyalik yarimhimoyachini «Tottenhem»da kutishmoqda, inglizlar klubi uni safga qo‘shib olishlariga amin. Klub uni keyinroq 40 mln yevroga sotib olish huquqi bilan ijara oladi. OAV ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar og‘zaki kelishuvga erishgan. «Yuventus»ning yana bir vakili Rodrigo Bentankur ham katta ehtimol bilan qishki transferlar yakuniga qadar «Tottenhem» safiga qo‘shiladi. Kulushevski ijaraga berilayotgan bo‘lsa, Bentankur bo‘yicha muzokaralar to‘laqonli transfer haqida ketmoqda. Rodrigo «Yuventus»ning asosiy tarkib futbolchisi sanaladi, shu tufayli uning uchun kattagina mablag‘ to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, londonliklar transfer uchun 19 mln yevro to‘lab, 6 mln yevro bonus va’da qilmoqda.

Shu bilan birga, londonliklar klubi Tangaye N'Dombele bilan xayrlashgan. Yarimhimoyachiga dastlab «Valensiya» qiziqish bildirgandi, ammo keyinroq klub muzokaralardan chiqdi va Fransiya grandlari – «Lion» va «PSJ» ushbu futbolchi uchun asosiy da’vogarlarga aylandi. Parijliklarda moliyaviy feyr-pley bo‘yicha ham muammolar bor edi, futbolchi yakunda sobiq klubiga qaytadigan bo‘ldi. N’Dombele «Lion»da ajoyib statistika qayd etgan – 96 o‘yinda 4+16.

Yana qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

  • O‘tgan mavsumning ikkinchi qismida «Vest Hem»da ijara asosida o‘ynab, o‘z salohiyatini namoyish etgandi. U yarim mavsumda yaxshi statistika qayd etgan, APLning 16 o‘yinida «gol+pas» tizimi bo‘yicha 13 ochko jamg‘argandi. Ijaradan qaytganidan keyingi statistika esa shunday: 9 o‘yin, barchasida zaxiradan tushish, jami maydonda 88 daqiqa va 2 golli harakat. Bu qishda Lingardga «Nyukasl» jiddiy qiziqdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, klub uni qo‘yib yuborishga rozi bo‘lgan.
  • Sky Italia ma’lumotiga ko‘ra, «Yuventus» yarimhimoyachisi Aaron Remsi Buyuk Britaniyaga qaytmoqda. Uni Shotlandiyaningn «Reyndjyers» klubi sotib olish huquqi bilan ijaraga oladi. Katta ehtimol bilan ijara davrida turinliklar uning maoshining bir qismini to‘lab beradi. Unga «Vulverhempton» va boshqa qit’adan ham qiziqishlar bor.
  • «Manchester Yunayted» Donni van de Bekka yangi ish topib bergan. Niderlandiyalik yarimhimoyachi tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va tez orada «Everton» uni ijaraga olganini e’lon qiladi.
  • «Manchester Siti» «River Pleyt»ning 22 yoshli hujumchisi Xulian Alvares bilan kelishuvga erishgan. Insayder Romano ma’lumotiga ko‘ra, yaqin soatlar ichida transfer rasman e’lon qilinadi. Shu bilan birga, iyulga qadar Alvares ijara asosida «River»da qoladi. 2021 yilda forvard Argentina chempionatida 21 o‘yinda maydonga tushi, 28 gol urgan va 9 golga hammualliflik qilgan.

Mavzuga oid