O‘zbekiston | 07:44 / 02.02.2022
8407
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda gaz ballonlari o‘rnatilgan mashinalardagi portlashlarda 14 nafar fuqaro halok bo‘lgan

Joriy yil 1 fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

Majlisda mamlakatda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama etildi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bog‘liq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab bo‘layotgani aniqlangani qayd etildi.

Avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini o‘rnatish va ularning o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaslik holatlari yildan yilga ko‘payib borayotgani ta’kidlandi. Bu avtotransport vositalari portlashi bilan bog‘liq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda.

2021 yil davomida respublika bo‘yicha gaz ballonlari o‘rnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yong‘in chiqish holatlari sodir bo‘lib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Shuningdek, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda belgilangan talab va tartiblarni buzish holatlari ko‘plab uchramoqda.

Ularni avtomobillarga o‘rnatish va tegishli uskunalarni sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatilmaganligi, gaz ballonlarining texnik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida qalbaki dalolatnomalar rasmiylashtirish holatlari mavjudligi qayd etildi.

Senatorlar yana bir masalaga e’tibor qaratdi. “Davlat tili haqida”gi qonunning 8-moddasida O‘zbekiston qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinishi belgilangan.

“Lekin gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlashga oid normativ-huquqiy hujjatlarning aksariyati rus tilida qabul qilingan.

Majlisda boshqa masalalar ham muhokama qilinib, qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi”, deyiladi Senat xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid